Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiyaning joriy yildagi ilk sovrindori, Bishkekdagi Qirgʻiziston-Turkiya Manas universiteti ilmiy xodimi Ulanbek Qalmurza oʻgʻli ilmiy amaliyot oʻtash uchun Markazga keldi.
Stipendiat Markaz rahbari Shovosil Ziyodov qabulida boʻlib, amaliyotdan koʻzlagan maqsadlari, olib borayotgan ilmiy izlanishlarining mohiyati haqida soʻzlab berdi.
Qirgʻiz tadqiqotchisi soʻnggi ikki yil mobaynida “Xorazm hanafiylik maktabi” mavzusida falsafa doktori dissertatsiyasi (PhD) ustida olib borayotgan ishini kelasi ikki oyda Oʻzbekistonda davom ettirish niyatida. Amaliyot davomida Markaz fondidagi qoʻlyozmalar hamda dunyo fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozmalarning elektron nusxalaridan foydalanib, ilmiy ishini mazmunan yanada boyitishni rejalashtirgan. Bungacha tadqiqotlarining deyarli yarmini Turkiya va Qozogʻistonda olib borgan Ulanbek Qalmurza oʻgʻli ilmi va tajribasini orttirish uchun Toshkent, Buxoro, Nukus va Xiva shaharlaridagi ilmiy muassasalarga ham tashrif buyurishni moʻljallamoqda.
Dasturga binoan amaliyotchi tomonidan Markazda taqdimot va seminar oʻtkazish nazarda tutilgan.
2022-yildan buyon yoʻlga qoʻyilgan stipendiya dasturi davomida bugungi kungacha turli davlatlardan jami 11 tadqiqotchi Markazda ilmiy amaliyot oʻtadi. Joriy yilda esa dastur doirasida 8 xorijlik mehmon malakasini oshirishi kutilmoqda.