Maʼlumki, Samarqand shahri bir necha ming yillik tarixga ega qadimiy va navqiron shahar. Bu hudud asrlar davomida turli sulola va madaniyat oʻchogʻi boʻlib kelgan. Shahar muzofotida boʻlgan tuman, qishloq, mahalla va guzarlarda qadimiy osori-atiqa, ziyoratgoh, tarixiy obida, masjid, xonaqoh va qabristonlar mavjud. Shulardan biri Shohi Zinda yodgorlik majmuasi boʻlib [1:2], asosiy oʻzagi Amir Temur (1370-1405) va temuriylar (1370-1506) davrida qurilgan.
Shodi Mulk Oqo maqbarasi roʻparasida Sohibqiron Amir Temurning (1370-1405) singlisi Shirinbeka Oqo maqbarasi joylashgan. Peshtoq ravogʻi ichidagi yozuvda uning vafot etgan yili 787 (1385-1386) koʻrsatilgan.
Bu bino bezagi qoʻshni binolardagidan farq qiladi. Butun peshtoq gilamdek nafis oʻyma koshinlar bilan qoplangan.
Shirinbeka Oqo maqbarasi – Shohi Zinda yodgorlik majmuasida birinchi marta oʻyma koshin ishlatilgan inshootdir. Maqbaraning boshqa fasadlariga gʻisht terilganicha qolgan. Ularning fonida maqbaraning koshinkor gumbazi va oʻn olti qirrali asosi yaqqol koʻzga tashlanib turadi.
Maqbaraning ichki bezagi oʻziga xosligi va nafisligi bilan diqqatni jalb etadi. Peshtoq keskin va aniq shakllar, ichki tomoni esa yoqimli rang va nafis rasmlar bilan bezatilgan.
Olti qirrali zangori plitalardan ishlangan izoraning baʼzi yerlarida zarhal naqsh izlari saqlanib qolgan (gulzor ichida parvoz qilyotgan qarqara qushi aksi bor).
Maqbaraning ustki qismiga koʻk va zarhal rangli och zangori boʻyoq ishlatilgan. Gumbazdagi oʻn oltita hashamdor ravoq darchalaridan yorugʻlik bemalol tushib turgani uchun naqshlar mayda boʻlsa-da yaxshi koʻrinib turadi. Bu darchalarda rangdor oynali ganch panjaralar boʻlgan. Ulardan tushgan quyosh nuri xonani yoritib turar edi.
Bu yerda suls xatida faylasuf Suqrotning hikmati va toʻrtinchi xalifai roshidin Hazrat Alining “gʻamlarni ketkazuvchi” duolari bitilgan. Matnning aksariyat qismi yemirilgani uchun oʻrniga 2004-2006-yillarda amalga oshirilgan taʼmirlash ishlari chogʻida yangi matn bitilgan (xattot – buxorolik Abdulhakim Razzoqov). Bu matn koʻzga tashlanib turadi, biroq asl matndan ancha farqi mavjud. Asl matn suls xatining loʻnda (sarohat) uslubida, oq harflar qora fonda bitilgan boʻlsa, yangisi ochiq havorang fonda ishlangan. Xat bitishda esa eski asl matn uslubidan chekinishga yoʻl qoʻyilgan. Bundan tashqari, taʼmirchilar eski naqsh va matn ranglariga rioya qilishmagan.
Oxirgi taʼmirlash jarayonida yozilgan qismlari toʻrtburchak qavslarga […] olindi. Arab tilidagi asl matn ishoralarida Suqrot nomidan eʼlon qilingan hikmatlar islom dini tarqalishidan oldin aytilgani va Hazrat Ali bu hikmatli gaplarni islom gʻoyalariga moslashtirgani taʼkidlandi.
Suqrot dedi: “Insonning bu dunyodagi hayoti goʻyoki oʻz uyasida koʻpayib, [undan uchib chiqqan va qopqonga qoʻyilgan achchiq bir xoʻrak atrofida aylangan qushga oʻxshaydi]. Oqil inson bu qabih yoʻldan yurmaydi, ammo nodon gʻururlanib, bu yoʻlga kiradi va oxir-oqibat kamon oʻqiga duchor boʻladi”.
Baʼzi hukamolarning aytishiga koʻra: … “(Alloh taoloning qanchadan-qancha pinhona hadyalari borki, ularni anglab olish donolarga ham mushkul. Qanchadan-qancha yengilliklar borki, ogʻirliklar ortidan kelib, jarohat yetgan qalbga malham boʻladi. Tongda yoqimsiz tuyulgan qancha narsa borki, kechga borib mamnun qiladi. Ahvoling tang boʻlgan kun mushkulingni faqat yolgʻiz oliy Zotga topshir”.
Ali, Alloh undan rozi boʻlsin, aytadiki: “Sizlarga oʻlimni koʻp eslashni va undan ozgina boʻlsa-da gʻaflatda qolmaslikni vasiyat qilaman. Sizlarni hech qachon unutmaydigan Zotdan yuz oʻgirib, oʻzga bir maʼbudni orzu qilasizlar. Oʻlim – sizlar uchun yetarli nasihat. Qabrlariga ulovsiz [tobut bilan] olib borilgan va istamagan joy[qabr]ga tushirilgan kimsalarni koʻrib, ibrat olmadingizmi? Ular bu dunyoda goʻyoki oʻzlari yashamagandek his qildi, ammo oxirat esa – qoʻnim topadigan abadiy manzil. Ular yashayotgan joylarida begonaga va begona joyda muqimga aylandi. Endi ular bu foniy dunyoda yuz oʻgirgan narsaga u dunyoda zor boʻldi”.
Peshtoqning katta ravogʻi kitobasining kamarida koshinburush uslubida tarix bitilgan. Matn arab tilida. Harflari – sariq, ortidagi islomiy naqsh zangori va feruza rang. Xati – nasx/suls. Diakritik belgi (zeru zabar)lari doimiy ravishda qoʻyilgan. Matn oʻng tomondagi yon devordan boshlanib, chap tomondagi yon devorda yakunlanadi. Matn qismlari “slesh” (/)lar bilan boʻlingan.
هذا المرقد الملكة / المعظمة المكرمة شيرين بيك اقا بنت ترغاى نور / الله روحه فى سنة ٧٨٧
Bu – buyuk va ulugʻ malika, Taragʻoyning qizi Shirinbeka Oqoning maqbarasi. Alloh uning ruhini munavvar qilsin! 787 [1385-1386] yil.
Muqarnasli ravoq atrofida Saʼdiy Sheroziy (1185-1262) sheʼrlari bitilgan. Bu matndan faqatgina bosh qismi (bir misra) saqlanib qolgan edi. Shu asl matn nasxi–suls xatida temuriylar davriga xos uslubda juda nafis va goʻzal ishlangan edi. Yozuvning harflari sariq, ortidagi foni esa ochiq yashil ranglarda bitilgan. Diakritikasi (zeru zabarlari) doimiy ravishda qoʻyib chiqilgan.
Mazkur taʼmirlash jarayonida (2005-yil) ushbu yozuv toʻla tiklangan edi. Biroq afsus bilan shuni taʼkidlash lozimki, birinchidan, tiklangan yozuv biroz qoʻpol ravishda bitilgan, harflari va tag ranglari asl naqshu nigorlar koʻrinishi va ranglaridan ancha yiroq, ikkinchidan, xattot oxirgi ikki misrani asossiz ravishda matn oxirida qayta takrorlagan. Vaholanki, Saʼdiy kitobida boshqa matn keltirilgan.
“Jahon, ey birodar, hech kishiga vafo aylamas, //Yaratguvchiga sen koʻngil bogʻla, bas! Suyanma, jahon mulkiga, etma sahv, – // Ki koʻplarni sendek tugʻib, etdi mahv! Ne farq aylagay, jon ketar chogʻda, // Boʻlur taxt yoinki tufroqda? Jahon, ey birodar, hech kishiga vafo aylamas, // Yaratguvchiga sen koʻngil bogʻla, bas!”.
-
Nemseva N. Shaxi Zinda (Albom). – T.: 1987.
-
Epigrafika memorialnogo kompleksa Shaxi-Zinda. (tekstы, perevodы). Prochitane tekstov, perevodы. Vvedeniye: B.Babadjanov, U.Rustamov. – Samarkand: 2015.