Home / FOTO LAVHALAR / ISLOM HAMJIHATLIK VA AHILLIKKA CHORLAYDI

ISLOM HAMJIHATLIK VA AHILLIKKA CHORLAYDI

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari Musulmon jamiyatlarida tinchlikni qoʻllab-quvvatlash forumi bilan hamkorlikda “Islom dinida tinchlik” nomli risolani nashrga tayyorlashdi.

Kitob Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning xulosasiga binoan, Birlashgan Arab Amirliklaridagi Tinchlik forumi raisi, yetuk ulamo Abdulloh bin Bayya tahriri ostida chop etilgan “Tinchlik” asari asosida yaratildi.  

Risolada ahli sunna val jamoa ulamolarining Qurʼon oyatlari va hadisi shariflar asosida islom dinida tinchlik va bagʻrikenglik tushunchasi, tinchlikka targʻib, musulmonlar va boshqa din vakillari orasidagi munosabatlar kabi ijtimoiy masalalar haqidagi qarashlar jamlangan.  

Jumladan, Toyyib Laminvar, Muhammad Muxtor Vald Umbola, Shafiq Loma Said Kifoyatiy, Abdulloh ibn Shayx Mahfuz ibn Bayya, Mustafo Samadiy va Hasan Izkiyt kabi yetuk ulamolarning maqolalari mazkur kitobdan oʻrin olgan.  

– Risola keng xalq ommasiga tushunarli va sodda tilda yozilgan boʻlib, undan bugungi kunda tinchlikni saqlashning naqadar muhimligi va bu borada insoniyat oldida turgan dolzarb vazifalar haqida toʻlaqonli maʼlumot olishingiz mumkin, – deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori bosh maslahatchisi Baxtiyor Toʻrayev. – Jumladan, Said Kifoyatiy “Islom va boshqa dinlar: islomning markazlashuvi va tinchlik ustuvorligi” nomli maqolasida “Hozirgi globallashuv jarayonida tinchlik dini – islomni insonlarga notoʻgʻri talqin qilayotgan guruhlar unga tuhmat toshlari otilishiga sababchi boʻlmoqda. Din niqobi ostida faoliyat yuritayotgan oqimlar, partiya va tashkilotlar muqaddas dinimiz va milliy qadriyatlarimizga katta zarar keltirmoqda” deb yozadi. Abdulloh ibn Shayx Mahfuz esa “Oyatlar bilan hukm qilmaganlarni kofirga chiqarish” sarlavhali maqolasida islom dini insonlarni ilm, hamjihatlik va ahillikka chorlashi, ular orasida johillik, firqalanish va oʻzaro kelishmovchilik keltirib chiqaradigan har qanday gʻoya, qarash va chaqiriqlarni keskin qoralashini bayon etadi.  

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbari Shovosil Ziyodov masʼul muharrirligida chop etilgan risolada tinchlikni saqlash va urushning destruktiv mohiyati haqida yana koʻplab maʼlumotlar, muqaddas manbalardan olingan nasihatlar oʻrin olgan.

Manba: OʻzA

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …