Targʻibot guruhi tomonidan navbatdagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir 13 oktabrda Payariqdagi “Oqtosh” MFYda oʻtkazildi.
Unda globallashuv sharoitida axborot xavfsizligi masalalariga jiddiy eʼtibor qaratish kerakligi, yoshlarda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyatini shakllantirish zarurligi uqtirildi.
Targʻibotchilar mustaqil hayotga qadam qoʻyayotgan yoshlar tinchlik qadrini teran anglashi, axborot olish va almashish jarayonlariga ijtimoiy masofa saqlagan holda yondashishi lozimligini qayd etib, keng va cheksiz imkoniyatga ega boʻlgan, matbuot va teleradiodan ham kuchliroq taʼsir qiladigan internetdan faqat kerakli oʻrinlarda foydalanish maqsadga muvofiqligini taʼkidladi.
Ishtirokchilar tomonidan hozirgi tahlikali zamonda internet tarmogʻi orqali tarqatilayotgan daʼvatsimon maʼlumotlar, turli buzgʻunchi gʻoyalar, odob-axloqni yemiruvchi, tinchlikka tajovuz qiluvchi qabih illatlarni chetlab oʻtish uchun kundalik hayotda farzandlar tarbiyasida eʼtiborsizlikka yoʻl qoʻymaslik, taʼlimini nazardan chetda qoldirmaslik borasida fikr-mulohazalar bildirildi.