Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi va Samarqand davlat universiteti vakillaridan iborat targʻibot guruhi aʼzolari 6 oktyabr kuni Kattaqoʻrgʻon tumanidagi uchta mahallada ish olib bordi.
“Nisbat” MFYda oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda chegara bilmas internet orqali tarqatilayotgan buzgʻunchi gʻoyalardan aholini, xususan, yoshlarni asrash uchun ularda bu kabi yot illatlarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishning amaliy usullari bayon etilib, oʻsib kelayotgan avlodning maʼnaviyati, diniy va dunyoviy tafakkurini yuksaltirish choralari koʻrsatib oʻtildi.
“Jumavoy” MFYdagi uchrashuvda shiddatli tus olayotgan axborot almashuvi taʼsir doirasi kengayib borayotgan gʻoyaviy-mafkuraviy tahdidlarning oldini olish, ogohlik va hushyorlikni saqlab qolishning ijtimoiy zarurat sifatidagi dolzarb ahamiyati alohida taʼkidlandi.
“Chigʻatoy” MFYda tashkil etilgan tadbirda farzandlarimizni Vatanimiz taqdiri, kelajagi uchun daxldorlik va masʼuliyat hissi asosida, yot gʻoyalarga qarshi ilm bilan munosib javob qaytara oladigan qilib tarbiyalash, pirovardida jamiyat hayotining maʼnaviy-maʼrifiy asoslarini yanada mustahkamlash uchun oilada, mahallada qilinishi lozim boʻlgan ishlar tilga olindi.
Uchrashuvlarda yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va millatlararo totuvlik kabi bebaho neʼmatlarni qadrlash, omonlik va farovonlik uchun shukrona tuygʻusi bilan yashash, oilalar mustahkamligini taʼminlash, yoshlar taʼlimiga jiddiy eʼtibor qaratish muhimligi qayd etildi.