Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi. Anjumanda yurtimizdagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Turkiya, Buyuk Britaniya, Pokiston, Malayziya ilmiy muassasalari rahbar va ilmiy xodimlari bilan birga, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov ishtirok etib, “Musulmon jamoasida konfessiyalararo muloqot va jaholatga qarshi maʼrifat ” mavzusida maʼruza qildi.
Maʼruzachi globallashuv sharoitida musulmon davlatlari oldida turgan dolzarb vazifalarga toʻxtaldi. Ajdodlar merosini asrab-avaylash va kelajak avlodga bezavol yetkazish, ijtimoiy hayotda milliy va diniy qadriyatlarning oʻrnini yanada mustahkamlash, dunyodagi vaziyat jadal oʻzgarayotgan paytda madaniy oʻziga xoslikni saqlab qolish shular jumlasidandir. Diniy bagʻrikenglikni taʼminlashning amaliy asoslariga ham keng oʻrin ajratildi. Notiq, shuningdek, siyosiy-ijtimoiy hayotning barcha sohalarida ochiqlik va yangicha yondashuvlar koʻzga tashlanayotgan bugungi Oʻzbekistonda din va diniy qadriyatlarga munosabat tubdan oʻzgarib borayotganini alohida taʼkidladi.
Qizgʻin muhokamalar, bahslarga boy oʻtgan anjumanda bugungi axborot asrida yosh avlod tafakkurini kengaytirish, dinning mohiyatini teran anglash, islom taʼlimotini toʻgʻri tushunish, yoshlar ongida turli buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi immunitetni shakllantirish zaruratidan kelib chiqqan holda, bu borada hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ilmiy-amaliy anjumanlarni muntazam oʻtkazishga kelishib olindi.