Home / MAQOLALAR / USTOZNING SHOGIRDIGA DЕGANLARI

USTOZNING SHOGIRDIGA DЕGANLARI

Oʻn uchinchi dars. Omonatdorlik.

Ey oʻgʻlim! Omonatdorlik – insonni bezaydigan eng goʻzal fazilat. Uning ziddi xiyonat boʻladi. Xiyonat insonni sharmanda qiladigan va qadrini pastlatadigan eng yomon razillikdir.

Omonatdorlik fazilat ahlining bezagi, ilm ahlining ziynatidir. U va rostgoʻylik paygʻambarlarning sifatlari sanaladi.

Ey oʻgʻlim! Omonatdor boʻl. Birovning obroʻsiga ham, moliga ham, boshqa narsasiga ham xiyonat qilma. Doʻstlaringdan birortasi molini senga omonat qilib bersa, xiyonat qilmasdan soʻragan zahoti qaytar. Yoki senga sirini omonat sifatida aytsa, uni eng ishonchli va aziz odamingga ham fosh qilma.

Ey oʻgʻlim! Yotoqxonada hamrohlaring boʻladi. Ular oʻz anjomlarini senga omonat qoldirib ketgan boʻlsa, yoʻqligida biror narsasiga qoʻlingni choʻza koʻrma. Boshqalar yaqinlashishi uchun ham imkon yaratma.

Ey oʻgʻlim! Doʻstlaring orasida xiyonatkorlikda ayblanib qolishdan ehtiyot boʻl. Chunki biror narsasi yoʻqolgudek boʻlsa, har gal seni ushlab olib, aybni senga toʻnkashga harakat qilishadi, garchi aybsiz boʻlsang ham.

Ey oʻgʻlim! Har qanday holatda ishonchli boʻlgin. Ishning kattasida ham, maydasida ham xiyonatning yomon ekanini oʻzingga eslatib tur. Doʻstingning sumkasini yoki oʻzi yoʻqligida jomadonini shunchaki boʻlsa ham ochib qarama. Chunki bu xiyonatdir. Doʻstingni poylama. Bu ham xiyonat. Sirlashayotgan ikki kishining gapiga qulogʻingni tutma. Bu ham xiyonat. Sendan boshqaga aytilgan gapni bilishga harakat qilma. Bu ham xiyonat.

Ey oʻgʻlim! Oʻz ishiga omonat deb yondashadiganlar kamayib boryapti. Insonga berilgan omonatlar juda koʻp. Tiriklikning oʻzi katta omonat. Ertaga u ham olib qoʻyiladi. Bu tiriklik, bu hayot senga vaqtincha berilgan omonatdir. Sogʻlik-salomatlik ham senga berilgan ulkan omonat boʻlib, ertaga yomonlashishi ketishi mumkin.

Omonat doim oʻz egasiga qaytarilishi kerak. Vaqt – omonat, tinchlik – omonat. Ulardan oʻz oʻrnida va toʻgʻri foydalanishing, zarracha xiyonat qilmasliging kerak. Umrni solih amallarga sarf etishing, salomatliging qadriga yetishing, vaqtdan unumli foydalanishing, oʻzingdan yaxshi nom qoldirishga harakat qilishing, yurt tinchligini asrab-avaylashing lozim. Ertaga bu omonatlarning bari olib qoʻyiladi. Barchasi senga vaqtincha berilgan.

Ey oʻgʻlim! Hazil-mazax qilib birovning narsasini olib qoʻyma. Uni oʻzingniki qilib olish maqsadida, “Bilsa hazil, bilmasa chin” qabilida ish tutib, doʻstlaringning narsasini yashirma. Bu sen haqingda yomon gumonga sabab boʻladi. Garchi aybsiz boʻlsang-da, aybdor sifatida qaralishing mumkin. Baʼzilar uchun shubhali shaxs boʻlib koʻrinib qolasan. Shunday holatga tushib qolishdan ehtiyot boʻl.

Ey oʻgʻlim! Oʻzingga ham, boshqaga ham xiyonat qilma. Oʻzingga xiyonat qilishing ustozing imtihon olish uchun soʻraganda koʻz qiring bilan kitobga qarab soʻng javob berishing, goʻyoki soʻralgan narsaning bilimdonidek koʻrinishingdir. Javobni yozib olish uchun doʻstingning daftariga oʻgʻrincha qarashing yoki undan pichirlab soʻrashing ham oʻzingga xiyonat boʻladi. Bu ishlar nodonlik va aldamchilik boʻlib, ulardan saqlanmogʻing lozim.

Alloh taoloning Oʻzi seni toʻgʻri yoʻlga boshlagay.

 Husan MIRZOAHMADOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …