Home / YANGILIKLAR / “Al-Jomeʼ as-sahih” asarining arab va indonez tillaridagi nusxasi taqdimoti

“Al-Jomeʼ as-sahih” asarining arab va indonez tillaridagi nusxasi taqdimoti

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot Markazida buyuk muhaddis olimning “Al-Jomeʼ as-sahih” asarining arab va indonez tillaridagi uch jildli nusxasi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Unda islomshunos olimlar, markaz ilmiy xodimlari, Imom Buxoriy stipendiyasining xorijlik sovrindorlari hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Tadbirda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada keng koʻlamli islohotlar amalga oshiri­layotgani taʼkidlandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgani buyuk ajdodlarimiz merosi va hayotini oʻrganish, asrab-avaylash hamda targʻib qilishda muhim oʻrin tutmoqda.

— Keyingi yillarda ulugʻ muhaddis bobomiz ilmiy merosini oʻrganish va keng targʻib etishda koʻplab davlatlar ilmiy muassasalari bilan faol hamkorlikni yoʻlga qoʻydik, — deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov. — Islom olamida gʻoyatda qadrli manba hisoblanuvchi “Sahihul Buxoriy” asarining arab va indonez tillaridagi yangi nashrining markazimizga taqdim qilinishi bu borada muhim yutuqlarimizdan biridir.

Darhaqiqat, ishonchli hadislar toʻplamining turli tillarga tarjima qilinayotgani dunyo xalqlarining buyuk ajdodimizga hurmat-ehtiromi nechogʻli yuksak ekanidan dalolat beradi.

Taʼkidlanganidek, musulmon dunyosida Qurʼoni karimdan keyingi muqaddas manba sifatida eʼtirof etilgan “Sahihul Buxoriy” asarining yangi nashri hadislarning notoʻgʻri talqin etilishi, bevosita Imom Buxoriyga nisbatan ilmsizlik va noxolislik bilan bildirilayotgan notoʻgʻri fikrlarga qarshi muhim va asosli ilmiy qoʻllanma boʻladi.

Tantanali tadbirda asarning arab va indonez tillaridagi uch jildli nusxasi BMT Bosh kotibining oʻrinbosari, Osiyo va Tinch okeani boʻyicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi ijrochi kotibi Armida Alisjabana xonim tomonidan markaz jamoasiga topshirildi.

Aytish joizki, olimlar yurti boʻlgan Oʻzbekistondan oʻrta asrlarda 3 ming nafardan ziyod muhaddislar yetishib chiqqan. Hadis ilmi tamadduniga oʻzining maʼnaviy merosi bilan beqiyos hissa qoʻshgan allomalar Imom Buxoriy, Imom Dorimiy, Imom Termiziy, Imom Keshiy va boshqa koʻplab muhaddislarni bunga yorqin misol sifatida keltirish mumkin.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Hadis ilmi maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani hadis ilmi tarixi, buyuk muhaddislar hayoti hamda ilmiy merosini keng oʻrganish, targʻib qilishda katta ahamiyat kasb etmoqda.

Imom Buxoriy ijodiy faoliyati davomida tarix, hadis, aqida, tafsir va fiqh yoʻnalishlarida yigirma toʻrtta asar yozgan. Ularning orasida eng mashhur asari “Sahihul Buxoriy” nomi bilan ham mashhur boʻlgan “Al-Jomeʼ as-sahih”dir.

Tadbir ishtirokchilari majmuada tashkil etilgan muzey va undagi eksponatlar bilan yaqindan tanishib, markaz faoliyatini yanada takomillashtirish, ilmiy-amaliy hamkorlik koʻlamini kengaytirish boʻyicha zaruriy tavsiyalar berishdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilari Xayriddin Sultonov va Muzaffar Komilov ishtirok etdi.

Abdulaziz YOʻLDOSHЕV,
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2023 yil 26 iyul, 152(8495)

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …