“Sehr” arabcha soʻz boʻlib, “maxfiy narsa”, “biror narsani aslidan boshqacha qilib koʻrsatish” maʼnolarini bildiradi.
Sehr – jinlar oʻrgatgan soʻzlar bilan tugunlarga dam solish yoki sehrlanadigan kishiga yuzma-yuz kelmasdan ham uning badani, qalbi va aqliga taʼsir qiladigan ishlarni qilishdir.
Sehr va koʻz tegishi, adashgan toifalarga xilof oʻlaroq, bizning nazdimizda hayotda bor hodisalardir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Koʻz tegishi haqdir. Albatta, koʻz tegishi kishini qabrga, tuyani esa qozonga kiritadi”, deganlar.
Moʻtazilalar nazdida u xayoliy ish va koʻzboʻyamachilik sanaladi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning “Sehr haqiqatan bor narsadir”, degan soʻzlari sehr xayoliy emas, balki taʼsir qiluvchi kuchga ega boʻlgan hodisa ekaniga dalildir.
Mufassirlar Alloh taoloning ﴿وَمِنْ شَرِّ النَّفَّاثَاتِ فِي الْعُقَدِ﴾ “va tugunlarga dam soluvchilar yomonligidan”[1] oyati tafsiri haqida: “Ular (yaʼni, dam soluvchilar) ayollar, yoki nafslar (odamlar), yoki iplarga tugun tugib, dam solib, koʻmib qoʻyadigan sehrgarlar jamoasidir”, degan. Bu oyat sehr haqiqatan bor narsaligini inkor etayotganlarning soʻzlari botil ekaniga yorqin dalildir.
Moʻtazila toifasi sehrga notoʻgʻri yondashgan. Ular: “Sehrgar sehrning yaratuvchisidir. Sehr Alloh taoloning maxluqi boʻlishi mumkin emas. Chunki qabih narsani yaratish nodonlikdir. Shunday ekan, bu ish U Zotga nisbat berilmaydi”, deydi.
Holbuki, Alloh taolo Qurʼoni karimda: ﴿هُوَ خَالِقُ كُلِّ شَيْءٍ﴾ “U hamma narsaning yaratuvchisidir”[2], ﴿وَاللَّهُ خَلَقَكُمْ وَمَا تَعْمَلُونَ﴾ “Alloh sizlarni ham, qilayotgan ishlaringizni ham yaratgan”[3], deydi. Yaʼni, hamma narsani – xoh yaxshi, xoh yomon boʻlsin barchasini – Alloh yaratadi. Bandalar uning bajaruvchilari, xolos. Alloh sehrni yaratishi imtihon uchun boʻlgach, u nodonlik sanalmaydi. U Zot sehrni yaratishi bilan birga, uning kufr ekanini bayon qilib, bandalarni bundan qaytargan.
Shuning uchun hanafiylar: “Albatta, sehr ochiq kufrdir”, deydi.
Alloh taolo Baqara surasida bunday marhamat qiladi:
]وَاتَّبَعُوا مَا تَتْلُو الشَّيَاطِينُ عَلَى مُلْكِ سُلَيْمَانَ وَمَا كَفَرَ سُلَيْمَانُ وَلَكِنَّ الشَّيَاطِينَ كَفَرُوا يُعَلِّمُونَ النَّاسَ السِّحْرَ وَمَا أُنْزِلَ عَلَى الْمَلَكَيْنِ بِبَابِلَ هَارُوتَ وَمَارُوتَ[
“Va ular Sulaymon podshohligida shaytonlar tilovat qilgan narsaga ergashdilar. Sulaymon kufr keltirgani yoʻq. Lekin odamlarga sehrni hamda Bobildagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan narsalarni oʻrgatadigan shaytonlar kofir boʻldilar”[4]. Bu oyatda sehrgarlar kofir ekaniga dalil bor.
Oyatning davomida bunday deyiladi:
]وَمَا يُعَلِّمَانِ مِنْ أَحَدٍ حَتَّى يَقُولَا إِنَّمَا نَحْنُ فِتْنَةٌ فَلَا تَكْفُرْ فَيَتَعَلَّمُونَ مِنْهُمَا مَا يُفَرِّقُونَ بِهِ بَيْنَ الْمَرْءِ وَزَوْجِهِ وَمَا هُمْ بِضَارِّينَ بِهِ مِنْ أَحَدٍ إِلَّا بِإِذْنِ اللَّهِ وَيَتَعَلَّمُونَ مَا يَضُرُّهُمْ وَلَا يَنْفَعُهُمْ وَلَقَدْ عَلِمُوا لَمَنِ اشْتَرَاهُ مَا لَهُ فِي الْآَخِرَةِ مِنْ خَلَاقٍ وَلَبِئْسَ مَا شَرَوْا بِهِ أَنْفُسَهُمْ لَوْ كَانُوا يَعْلَمُونَ[
“Ular (farishtalar): “Biz faqatgina sinov (vositasi)miz, (bizga ishonib) kofir boʻlib qolma!” deb (ogohlantirmaguncha) hech kimga (sehrni) oʻrgatmas edilar. Ikkisidan er-xotinning munosabatlarini buzadigan narsani oʻrganar edilar. Lekin ular Allohning iznisiz u bilan hech kimga zarar yetkaza olmaslar. (Xullas,) oʻzlariga foydasi yoʻq, balki zararli narsalarni taʼlim olar edilar. Uni (Alloh kitobini sehrga) almashganlarga oxiratda nasiba yoʻqligini ham yaxshi bilar edilar. Oʻz (nasiba)larini qanchalik yomon narsaga sotib yuborganlarini bilsalar edi!”
Odamlar sehr bilan shugʻullangan kishi jannatdan benasib boʻlishini bila turib, Horut va Morutning ogohlantirishiga qaramay, ulardan er-xotin munosabatlarini buzadigan, hech qanday foyda keltirmaydigan, balki zararli boʻlgan sehrni taʼlim olar edi.
Hozirgi kunda ham ayrim odamlarning sehr ishlariga aralashib yurganini koʻrish mumkin. Biror narsasi yoʻqolsa yoki gʻam-tashvishlari koʻpayib qolsa, folbinga yugurib qoladi. Baʼzilar esa issiq-sovuq qilish kabi er-xotinning orasini buzadigan ishlar bilan mashgʻul. Hatto xalqimiz orasida “Folga borma, folsiz ham yurma” degan mutlaqo notoʻgʻri gap ham tarqalgan. Ammo bunday ishlar islomda shirk va kufr sanaladi.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Folbin sehrgardir, sehrgar esa kofirdir”, degan.
Sehrgar tavba qilmasa, oxiratda qattiq azobga qoladi. Hanafiy ulamolarimiz: “Sehrgar sehr amalini qilishi bilanoq dindan chiqadi”, degan. Bu esa, Alloh panoh bersin, doʻzaxda abadiy qolish demakdir.