Home / MAQOLALAR / USTOZNING SHOGIRDIGA DЕGANLARI

USTOZNING SHOGIRDIGA DЕGANLARI

Toʻqqizinchi dars. Yigʻinlarda ishtirok etish va gapirish odobi

Ey oʻgʻlim! Odamlar oldidan oʻtsang, sunnat boʻlgan va hammaga maʼlum soʻz bilan salom ber. Yaʼni “Assalomu alaykum”. Paydo boʻlgan yangicha salomlarni berishdan tiyil. Odamlarning majlisiga izn boʻlsagina kir. Balki ular boshqalar ishtirok etishini istamay biror ish ustida maslahat qilayotgandir. Taklif qilinguningcha ularning oldiga kirishdan tiyil. Chunki chaqirilmasdan kirish insonlarga malol keladi. Garchi u zamonasining bilimdoni boʻlsa ham.

Ey oʻgʻlim! Oʻzingdan qiyos ol. Misol uchun, uyingda oʻzingdan boshqasi bilmasligini istagan ishni bajaryapsan. Toʻsatdan bir kishi oldingga kirib kelsa, noqulaylik sezmaysanmi? Uning tezroq ketishini istamaysanmi? Odamlarning majlisiga iznsiz, taklifsiz kirishing ham xuddi shunday.

Ey oʻgʻlim! Bir jamoa bilan oʻtirishlikka chaqirilsang va sen ularning eng kichigi boʻlsang, ulardan izn boʻlmaguncha oʻtirma. Oʻtirganingda esa yoningdagilarga noqulaylik tugʻdirma. Yoningda oʻtirganning joyidan turib ketishiga sababchi boʻlma. Sendan koʻra munosibroq odam boʻla turib tepa joyga oʻtirib olma. Agar biror joyda oʻtirgan boʻlsang-u, oʻsha oʻringa oʻtirishga haqli boʻlgan yoshi katta kishi kirib kelsa, aytilmasdan oldin joyni unga boʻshat. Shunda yoningdagilar oldida hurmating oshadi.

Ey oʻgʻlim! Biror jamoa ichida oʻtirsang, ijozat bermagunlaricha gaplariga aralashma. Ular orasida gapirishga haqlisi boʻla turib sen gap boshlama. Gapirganda ham rostni soʻzla. Gapni choʻzmasdan aniqlik bilan gapir. Odobga rioya qilib, tilni yomon soʻzdan tiygan holda, davradagilar bilan suhbatga kirish. Yigʻinda qahqaha otib kulishdan ehtiyot boʻl. Chunki bu tarbiyasiz, avom odamlarning xulqidir. Hazil-mazaxni kamaytir. Agar u koʻpaysa, hurmating pasayadi. Ayrim insonlar qalbida senga nisbatan gʻashlikni paydo qilishi mumkin.

Ey oʻgʻlim! Muruvvatli, iffatli, ahli fazl kishilar bilan birga oʻtir. Chaqimchilik va gʻiybat majlislarida vaqtingni zoye ketkazma. Kaltafahm, fosiq, pastkash va razil insonlardan yiroq boʻl. Zero yomon xulqlar atrofdagi hamrohlarga koʻchadi, xuddi olov boshqa oʻtinlarga oʻtganidek. 

Husan MIRZOAHMADOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …