Home / HADIS / YETTI YUZ BAROBARGACHA SAVOB

YETTI YUZ BAROBARGACHA SAVOB

Bir hadis sharhi

 Islom goʻzal, chiroyli din. Shuning uchun musulmonlik chiroyli boʻlishi, goʻzal axloqqa qurilgan boʻlishi kerak. Hadisi sharifga koʻra kishi amalini ixlos va husni xulq ila bajaradigan boʻlsa, unga beriladigan savob koʻpaytirib yoziladi.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ صلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: « إِذَا أَحْسَنَ أَحَدُكُمْ إِسْلَامَهُ فَكُلُّ حَسَنَةٍ يَعْمَلُهَا تُكْتَبُ لَهُ بِعَشْرِ أَمْثَالِهَا إِلَى سَبْعِمِائَةِ ضِعْفٍ وَكُلُّ سَيِّئَةٍ يَعْمَلُهَا تُكْتَبُ لَهُ بِمِثْلِهَا «

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz oʻz musulmonligini goʻzal etsa, qiladigan har bir yaxshiligi oʻn barobardan yetti yuz barobarigacha yoziladi, qilgan har bir yomonligi esa oʻz barobaricha yoziladi”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Hadisdagi “birortangiz” degan soʻz erkagu ayolni, har bir musulmon kishini oʻz ichiga oladi.

Javomiul kalim – oz soʻzlar bilan yuksak maʼnolarni ifodalash Paygʻambar alayhissalomning moʻjizalaridan biri edi. U zotning: “musulmonligini goʻzal etsa” degan soʻzlarining maʼnosi – imonning barcha talablariga labbay deb javob bersa, amallarni ixlos bilan bajarsa, dinga botiniy va zohiriy jihatdan amal qilsa, Rabbiga yaqin boʻlishni niyat qilsa, uning islomi, musulmonligi goʻzal boʻladi.

Bir yaxshilikka oʻn barobardan yetti yuz barobargacha savob koʻpaytirib berilishi mumkin. Buning uchun musulmonlik goʻzal va amallarda ixlos boʻlishi kerak ekan. Gunoh ishlar boʻlsa faqat oʻz barobarida yoziladi, chin istigʻfor va tavba bilan ular ham kechirib yuboriladi.

Savobning koʻpayishini Alloh taolo Qurʼonda ajoyib zarbulmasal shaklida keltirgan: “Mollarini Allohning yoʻlida sarflaydiganlarning misoli xuddi har boshoqda yuztadan doni bor, yetti boshoqni oʻstirib chiqaradigan bir dona donga oʻxshaydir. Va Alloh Oʻzi xohlagan kishisiga yanada koʻpaytirib beradir” (Baqara surasi, 261-oyat).

Allohning yoʻlida mol sarflashning foydasi ushbu oyatda ajoyib uslubda vasf qilinmoqda. Sirtdan qaraganda, xayr-ehson qilgan kishining mol-dunyosi kamayganga oʻxshaydi. Aslida esa xayr-ehson xuddi yerga ekilib, oʻzini fido qilgan donga oʻxshaydi. Oʻsha bir dona don keyinchalik unib chiqib koʻpayganidek, xayr-ehson qilingan mol ham bir necha chandon koʻpayib ketadi. Uni Allohning Oʻzi koʻpaytirib beradi. Donni misol keltirishdan murod Allohning yoʻlida sarf qilingan bitta narsa yetti yuztaga koʻpayishiga urgʻu berishdir. Ammo bu ham oxirgi chegara emas: “Va Alloh Oʻzi xohlagan kishisiga yanada koʻpaytirib beradir” (“Tafsiri Hilol”).

Shunga qiyosan, kim amalni goʻzal tarzda, qalb hozirligi va umid bilan qilsa, unga ajru savob xuddi shu amalni gʻaflat va beparvolik bilan qilgan kishiga nisbatan koʻpaytirib beriladi.

Ammor ibn Yasir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, bir odam (namozidan) turganda, unga uning oʻndan biri, toʻqqizdan biri, sakkizdan biri, yettidan biri, oltidan biri, beshdan biri, toʻrtdan biri, uchdan biri yoki yarimigina yozilgan boʻladi”, dedilar” (Abu Dovud rivoyati).

Paygʻambar alayhissalom koʻplab hadislarda husni xulqqa buyurganlar, uning fazlini bayon qilganlar.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Albatta, moʻmin oʻzining husni xulqi ila roʻza tutuvchi va bedor boʻluvchining darajasini topadir”, deganlarini eshitdim” (Abu Dovud, Termiziy, Ibn Hibbon va Hokim rivoyati).

Islomni goʻzal qilish amallarni toʻliq va komil qilish, shariatning qaytariqlaridan qaytish bilan yuzaga chiqadi. Amallarning baʼzisini bajarib, qolganini eʼtiborsiz qoldirgan, qilgan amalida mukammallikka intilmagan, amalida ixlosi yoʻq kishining islomi goʻzal deyilmaydi. Alloh taolo Qurʼonda: “Ey iymon keltirganlar! Islomga toʻligʻicha kiring” (Baqara surasi, 208-oyat), deb buyurgan.

Bahodir MIRZAYEV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …