Diningizni Alloh uchun xolis qiling, shunda amallarning ozi ham jannatga kirishingizga kifoya qiladi(Imom Hokim rivoyati)[1].
Alloh taolo bandalariga kuchi yetmaydigan narsani buyurib, ularni qiynab qoʻyishni aslo xohlamaydi. Bandaning oʻzi ham kuchi yetmaydigan narsaga oʻzini majburlashi shariatimiz mezonlariga ziddir. Alloh taolo bandalariga toqati yetadigan amallarni buyurgan. Alloh taolo buyurgan hamma narsa bandaga farzdir, yaʼni bajarmasa gunohkor boʻladi.
﴿هُوَ اجْتَبَاكُمْ وَمَا جَعَلَ عَلَيْكُمْ فِي الدِّينِ مِنْ حَرَجٍ﴾
“Sizlarni (shu din uchun) U tanladi va dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi”.[2]
Alloh azza va jalla bandaga toqati yetadigan narsalarnigina buyurgan va shuning uchun bu turdagi buyruqning amalda bajarilishi Allohga yaqinlashtiradigan eng sevimli ishlardandir. Alloh taolo hadisi qudsiyda marhamat qiladi:
عن أبي هريرة -رضي الله عنه- قال: قال رسول الله -صلى الله عليه وسلم-: “إنَّ اللهَ قال: مَن عادى لي وليًّا فقد آذنتُه بالحرب، وما تقرَّب إليَّ عبدي بشيء أحب إليَّ مما افترضتُ عليه، وما يزال عبدي يتقرَّب إليَّ بالنوافل حتى أحبَّه،”
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo: “Kim Menga doʻst boʻlgan kishini oʻziga dushman tutsa, Men unga urush eʼlon qilaman. Bandamni Men unga farz qilganimdan koʻra sevimliroq biror narsa Menga yaqinroq qilolmaydi. Bandam Menga nafl ibodatlarni bajarib yaqinlashishda davom etaveradi, hatto Men uni yaxshi koʻrib qolaman….”, dedi”, dedilar”.[3]
Ammo oxirgi chegarasi boʻlmagan nafl amallarga kelsak, banda bu amallardan qilganiga yarasha savob oladi va ular sababli farz amallarni bajarishdagi ayrim kamchiliklari uchun javobgarlik undan soqit boʻladi. Alloh taoloning hadisi qudsiydagi: “Bandam uni yaxshi koʻrmagunimcha, menga nafl namozlar bilan yaqinlashaveradi”, degan soʻzi ham buni yaqqol dalilidir. Bandadagi bu ishq farzning natijasimi yoki naflnikimi? Biz bu haqda soʻz yuritmoqchi emasmiz. Biz yoritmoqchi boʻlgan mavzu nafl ibodatlar ham Alloh taoloning roziligiga yetkazuvchi vosita boʻlib qolishi, nafl ibodatlarning koʻpligi va ularning chegarasi qayerda ekani, bandasining toqati, imkoniyati esa chegaralangani haqidadir. Shu sababli Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
دَعُونِي ما تَرَكْتُكُمْ، إنَّما هَلَكَ مَن كانَ قَبْلَكُمْ بِسُؤَالِهِمْ وَاخْتِلَافِهِمْ علَى أَنْبِيَائِهِمْ، فَإِذَا نَهَيْتُكُمْ عن شيءٍ فَاجْتَنِبُوهُ، وإذَا أَمَرْتُكُمْ بِأَمْرٍ فَأْتُوا منه ما اسْتَطَعْتُمْ. متفق عليه
“Sizlarga nimani bajarishni aytmasdan tark qilgan boʻlsam, uni oʻzimga qoldiringlar, chunki sizlardan oldingi ummatlar paygʻambarlariga (keraksiz ortiqcha) savollar beravergani va qarshi chiqqani uchun halok boʻldi. Shunday ekan sizlarni nimadan qaytargan boʻlsam, undan qaytinglar. Sizlarga nimani buyurgan boʻlsam uni imkon qadar bajaringlar!”[4] dedilar.
Hadisi sharif matnidan anglab yetganingizdek, unda “nimani buyurgan boʻlsam toʻliq bajaringlar” yoki “nimadan qaytargan boʻlsam imkonlaring boricha qaytinglar” deyilmadi. Aksincha “sizlarga nimani buyurgan boʻlsam uni imkon qadar bajaringlar!” deyildi. Chunki bir ishdan man qilish bandaning toqatidan tashqari boʻlishi mumkin emas, ammo uni bajarish toqat va imkoniyatdan tashqari narsa boʻlishi mumkin. Nabiy sollallohu alayhi vasallam buyruqlarining har birida ummatga rafiq va mehribon boʻlib, ularni hech qachon toqatidan tashqari ishlarga buyurmaganlar. U zot barcha ishlarida mehribonlik va yengillikni ixtiyor etar edilar. Hatto Abdulloh ibn Abbosga Jamarotda shaytonga otish uchun tosh terib kelishni buyurganlarida ham unga shunday degan edilar:
“القط لى مثل حصى الخزف و إياكم و الغلو فإنما أهلك الذين من قبلكم غلوهم فى دينهم” .
“Menga (Jamarotda shaytonga otish uchun) mayda toshlardan terib kelgin. Ammo (bu ishingda) chuqur ketishdan (gʻuluv) saqlangin (yaʼni otish uchun katta toshlarni terib olmagin). Chunki sizlardan oldingilar dinda gʻuluvga ketganlari uchun halokatga yuz tutdi”.[5]
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana shu soʻzlarini mushohada qilib koʻrsangiz, uning qanday ham goʻzal ekanini anglab yetasiz. Biz quyida suyukli Paygʻambarimiz sollalohu alayhi vasallam qaytargan mana shu gʻuluv, uning dinga va musulmonlar jamiyatiga yetkazadigan zarari haqida soʻz yuritmoqchimiz.
Biz gʻuluv va uning sabablari haqida soʻz yuritar ekanmiz,Tarixga nazar solsak, dinda chuqur ketish islomdan oldingi dinlarni tanazzulga uchratib, hatto bu illat islom diniga ham sizib oʻtganiga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida ham bu illatning boʻy koʻrsatganiga guvoh boʻlamiz.
Marhum Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning gʻuluv haqidagi “Deyarli barcha musulmon oʻlkalari dinda gʻuluvga ketganlarning dastidan jonda, molda va obroʻda talofatlar koʻrdi va koʻrmoqda. Shuningdek, nomusulmonlar ham bu balodan nasibasiz qolmadi. Ikkinchilari dod solib dunyoni toʻldirayotgan boʻlsalar ham, birinchilari asosiy jafokashlar ekani hammaga maʼlum. Gʻuluvga ketganlarning “Dinga amal qilaman” deb, oʻzlaricha olib borgan faoliyatlari natijasida dinimizga qarshi ruhiyat dunyoni bosib ketdi. Boshqalar qolib, baʼzi musulmonman deb yurganlar ham Islom haqida har xil boʻlmagʻur gaplar aytishdan toymaydigan boʻlib qoldi. Ushbu va yana aytib oʻtilmagan boshqa musibatlarga asosiy sabablardan biri gʻuluvga ketish deb baholanmoqda. Shuning uchun dinda gʻuluvga ketganlar koʻtargan masalalar va ularning oqibatlari hamda yechimlari haqida yetarli maʼlumotga ega boʻlishimiz juda ham zarur” degan soʻzlari har doim biz musulmonlar uchun dolzarb boʻlib qolaveradi.