Qurbon hayiti musulmonlar uchun ikki bayramdan biri (ikkinchisi esa Ramazon hayiti) hisoblanadi. Arafot kuni vuquf (Arofatda turish) tugaganidan keyin shom azoni bilan zulhijja oyining oʻninchi kuniga toʻgʻri keladi. Hojilarning Arofatdagi mavqifda turishi hajning eng muhim manosik (amal)laridandir. Qurbon hayiti Zulhijja oyining oʻn uchinchi kunida tugaydi. Bu bayram Ibrohim alayhissalomning Allohning amrini bajarish uchun oʻgʻillari Ismoilni qurbon qilmoqchi boʻlgandagi voqea xotirasidir. Shu sababdan bu kuni musulmonlar chorvalardan birini Allohga yaqin boʻlish uchun qurbonlik qiladi. Qurbonlik goʻshtini oilasiga, qarindosh-urugʻ va kambagʻallarga ulashadi. Shuning uchun bu bayram Qurbon hayiti, deb nomlangan.
Islom shariatiga koʻra, bir kun davom etadigan Ramazon hayitidan farqli ravishda Qurbon hayiti kuniga tashriq kunlari bogʻlanib toʻrt kun davom etadi. Bu ikki bayramni Alloh taolo bizga nishonlashni buyurgan. Abu Dovud va Termiziy “Sunan”ida rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, madinaliklarning ikki kuni boʻlib, ular oʻsha kunlarida oʻyin-kulgi qilishar edi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bu ikki kun qandoq kun?” deb soʻradilar. Ular: “Biz johiliyatda shu kunlarda oʻyin-kulgi qilar edik”, deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh sizlarga u ikkisi oʻrniga ulardan koʻra yaxshiroq – Azho (Qurbonlik) va Fitr (Ramazon hayiti) kunlarini berdi”, dedilar.
Paygʻambar alayhissalom bu kunlarni yeb-ichadigan kunlardir, deb taʼriflaganlar. Shuning uchun ulamolar bu kunlarda nafl, qazo yoki nazr roʻza tutishdan qaytargan.
Hayit kunining tongidan gʻusl qilib, xushboʻylangan va chiroyli kiyimlarni kiygan holda hayit namozi oʻqilguncha hech narsa yemasdan namozgohga borish sunnatdir. Ikki rakat hayit namozini oʻqib boʻlgach, qodir boʻlganlar qurbonliklarini soʻyadi.
Qurbon hayiti kunlarida barcha musulmonlar bir-birini muborakbod etadi. Qarindosh-urugʻ va beva-bechoralar holidan xabar oladi. Gina-qudrat unutilib, oʻzaro munosabatlar tiklanadi. Hayit shu kabi fazilatli ishlar bilan chiroyli va komil boʻladi.
Qurbon hayiti muborak boʻlsin!