Home / MAQOLALAR / USTOZNING SHOGIRDIGA DЕGANLARI

USTOZNING SHOGIRDIGA DЕGANLARI

Beshinchi dars. Doʻstlarning haqlari.

Ey oʻgʻlim! Mana endi chin oʻquvchiga aylanding. Taʼlim olish chogʻingda endi yoningda doʻstlaring ham boʻladi. Ular sening oʻrtogʻing va hamsuhbatlaringdir. Birortasiga ozor berish va yomon muomala qilishdan saqlanmogʻing lozim.

Ey oʻgʻlim! Darsda oʻtirar ekansan, yoningdagi doʻstingni siqib qoʻyma, balki qulay joylashib oʻtirishi uchun joyni kengaytir. Chunki hamrohlarning joyini siqib qoʻyish ularning qalbida gʻazab, dushmanlik va xusumat qoʻzgʻatadi. Alloh taolo:

﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِذَا قِيلَ لَكُمْ تَفَسَّحُوا فِي الْمَجَالِسِ فَافْسَحُوا يَفْسَحِ اللَّهُ لَكُمْ وَإِذَا قِيلَ انْشُزُوا فَانْشُزُوا يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ﴾

“Ey, moʻminlar! Qachonki, sizlarga yigʻilishlarda: “(Davrani) kengaytiringiz!” deyilsa, bas, kengaytiringiz, Alloh sizlarga ham (kerak paytda keng) joy berur. Yana qachonki, “turingiz!” deyilsa, darhol turingiz! Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga koʻtarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir”[1], dedi.

Ey oʻgʻlim! Dars paytida biror doʻsting qaysidir masalani tushunmay, ustozdan yoritib berishni soʻrasa, ustozingning javobiga quloq tut, shoyad u qaytarib aytganda bilmagan narsangni bilib olsang. Savol soʻrovchi doʻstingni masxaralash yoki undan hazar qilishdan saqlanmogʻing kerak. Shuningdek, doʻstingni kamsitadigan gapni aytishdan yoki yuzingda uning fikrlariga nisbatan bepisandlik alomati koʻrinib qolishidan ehtiyot boʻlmogʻing lozim.

Ey oʻgʻlim! Imom Abu Hanifa rahimahullohdan: “Bu martabaga qanday erishdingiz?” deb soʻralganda, “Ilm berishda baxillik qilmadim, ilm olishga eʼtiborsiz boʻlmadim”, degan javobni qilgan.

Ey oʻgʻlim! Doʻstlaring ustozlardan oʻzi yaxshi anglab yetmagan mavzuni tushuntirib berishini soʻrasa, sen ularga ilm olish yoʻlini hargiz toraytirib qoʻyma. Oʻzingga manfaat istasang, ustoz aytadigan narsani eshitishda ularga sherik boʻl.

Ey oʻgʻlim! Doʻstlaringdan birovi yotoqxonada senga hamroh boʻlib qolsa, uning qay payti dam olishiga eʼtibor ber. Uyqu payti kelganda, dars oʻqish va takrorlash bilan uni bezovta qilma. Oʻzing xohlaydigan oromni unga ham ilinishing kerak. Tong otib namoz oʻqishga tursang, doʻstingni ham ohistalik va muloyimlik bilan uygʻot. Namozni jamoat bilan oʻqishga intilinglar. Zero, jamoat bilan oʻqilgan namoz yolgʻiz oʻqilgandan afzaldir.

Ey oʻgʻlim! Doʻstlaringdan birortasi yolgʻiz oʻzi bajarishga kuchi yetmaydigan ishda sendan koʻmak soʻrasa, yordam berishga shoshil va baxillik qilma. Bu yordaming bilan undan ustunligingni koʻrsatishga ham sira urinma.

Ey oʻgʻlim! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Moʻmin boshqa moʻmin birodari uchun xuddi bir-birini tutib turadigan devordek”[2], deganlar.

[1] Mujodala surasi, 11-oyat
[2] Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyati
Husan MIRZOAHMADOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …