Home / HADIS / MUNOFIQLIK ALOMATI IMONSIZLIK BЕLGISIMI?

MUNOFIQLIK ALOMATI IMONSIZLIK BЕLGISIMI?

Bir hadis sharhi

Inson boshqalar bilan muomalada samimiy, ochiqkoʻngil boʻlishi kerak. Bu rishtalar muctahkamligi va jamiyat birdamligining muhim omilidir. Uning ziddi boʻlgan ikkiyuzlamachilik, munofiqlik odamlar orasini buzadigan, jamiyatda parokandalik paydo qiladigan, insonlarning bir-biriga ishonchini yoʻqotadigan razil illatlardir.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: »آيَةُ المُنافِقِ ثَلاثٌ: إذا حَدَّثَ كَذَبَ، وإذا وعَدَ أخْلَفَ، وإذا  اؤْتُمِنَ خانَ.«

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Munofiqning belgisi uchtadir: gapirsa, yolgʻon gapiradi, vaʼda bersa, bajarmaydi, omonat topshirilsa, xiyonat qiladi”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Yolgʻon gapirish, vaʼdaga xilof qilish, omonatga xiyonat Paygʻambarimiz alayhissalom zamonlarida Madinadagi munofiqlarning eng koʻzga koʻringan illatlaridan edi. Agar moʻminda bu sifatlardan biri topilsa, u dindan chiqib qolmaydi, balki bu uning eʼtiqodi zaifligiga dalildir.

Ulamolar bu hadisni bir necha xil sharhlagan:

  1. Hadisda mana shu yomon sifatlar bilan xulqlangan musulmonni munofiqqa oʻxshatish nazarda tutilgan. Shuning uchun hadis majoziy maʼnoda tushuniladi. Bu – imom Navaviyning sharhi.
  2. Bu yerda eʼtiqodiy emas, amaldagi munofiqlik nazarda tutilgan. Bu Qurtubiyning fikri boʻlib, uni Ibn Rajab va Ibn Hajar Asqaloniy eng toʻgʻri qarash deb taʼkidlagan.
  3. Munofiqlik deganda, mana shu kamchiliklarga yoʻl qoʻyishdan ogohlantirish va qaytarish maqsad qilingan. Bu – Xattobiyning fikri.
  4. Kimki bu sifatlarga oʻrganib qolsa, bu uning tabiatiga oʻrnashib, xulq-atvoriga aylanadi. Keyin bunga eʼtibor bermay, yengil sanab qoladi. Oxiri bularni halol hisoblay boshlaydi va eʼtiqodi tamomila buziladi.
  5. Hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida boʻlgan haqiqiy munofiqlar nazarda tutilgan. Koʻpchilik ulamolar bu fikrni maʼqullamagan.

Hofiz Ibn Rajab rahimahulloh aytadi: “Moʻtabar ulamolar hadisni quyidagicha sharhlaydi: Islom shariatida munofiqlik ikkiga boʻlinadi:

  • Katta munofiqlik, yaʼni inson zohiran Allohga, farishtalariga, kitoblariga, paygʻambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirsa-da, ichida bularning hammasini yoki baʼzisini rad etib turadi. Bu – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida boʻlgan munofiqlik. Qurʼonda undaylar qoralanib, kofir deb eʼlon qilingan oyatlar nozil boʻlgan. Bu toifa jahannamning eng chuqur joylarida boʻlishi aytilgan.
  • Kichik munofiqlik, yaʼni amaliy munofiqlik. Zohirida solihlikni koʻrsatadi, lekin botinida, yolgʻiz paytida unga zid ishlarni qilaveradigan inson”. Buni Qurtubiy taʼkidlagan va Umar roziyallohu anhuning Huzayfaga: “Menda munofiqlikdan biror narsani bilasanmi?” deganini dalil sifatida keltirgan. Hazrati Umar haqiqiy munofiqlikni emas, balki amaliysini nazarda tutgan.

Yolgʻonchilik johiliyat davrida keng tarqalgan edi. Islom kelib, uni harom qildi, rostgoʻylikka chaqirdi.

Safvon ibn Sulaym roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Nabiy alayhissalomdan: “Ey Allohning Rasuli! Moʻmin qoʻrqoq boʻlishi mumkinmi?” deb soʻrashdi. U zot: “Ha”, dedilar. “Ey Allohning Rasuli! Moʻmin baxil boʻlishi mumkinmi?” deb soʻrashdi. U zot: “Ha”, dedilar. “Ey Allohning Rasuli! Moʻmin yolgʻonchi boʻlishi mumkinmi?”, deb soʻrashdi. U zot: “Yoʻq”, dedilar” (Imom Molik rivoyati).

  Islom vaʼdaga xilof qilish va uni buzishni, omonatga xiyonat qilishni qoraladi, uni munofiqlarga xos xususiyat deb eʼlon qildi.

Alloh taolo moʻminlarni tavsiflab: “Ular omonatlariga va ahdlariga rioya qilguvchilardir” (Moʻminun surasi, 8-oyat), deb marhamat qilgan.

Munofiqlik sifatlari shular bilan cheklanib qolmaydi, bular misol uchun keltirilgan, xolos. Hofiz Ibn Hajar rahimahulloh aytadi: “Bu uch alomat bilan chegaralanganining sababi boshqa narsalardan ham ogohlantirishdir, chunki dinning asosi uchta: soʻz, amal va niyat”.

Alloh barchamizga haqiqiy moʻminlikni kasb qilishda muvaffaqiyat bersin.

Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …