Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev va Samarqandda mehmon boʻlib turgan Kuvayt islom sanʼati markazi doktori, mohir xattot Josim Meʼroj oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Suhbat chogʻida ikki tomonlama ilmiy manfaatga asoslangan hamkorlik istiqbollariga oid qator fikr-mulohazalar bildirildi va qisqa fursatlarda Anglashuv memorandumi loyihasini tayyorlash boʻyicha muzokaralar oʻtkazish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Islom sanʼati – eng boy va keng tarqalgan Sharq sanʼatlaridan biri va hanuz uning yangidan yangi qirralari kashf etilmoqda. Timsollarga boy islom sanʼati gʻoyat jozibador boʻlib, borliqning barcha moddiy va nomoddiy jabhalari orqali Xoliqni va Uning buyukligini anglashga undovchi chuqur maʼnoga ega.
Bu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bir necha bor oʻtkazilgan koʻplab koʻrgazma va amaliy tadbirlar orqali islom sanʼatini keng targʻib etish boʻyicha katta tajriba toʻplagan.
Muloqot davomida mazkur yoʻnalishdagi uzviy hamkorlik amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Mehmon Markaz kutubxonasi uchun Kuvayt islom sanʼati markazi tomonidan nashr etilgan islom tarixi va madaniyati, xattotlik namunalariga oid hamda islom shaharlaridagi tarixiy obidalar bitiklari aks ettirilgan kitoblarni taqdim etdi.