Home / ALLOMALAR / KUBROVIYA TARIQATI NAMOYANDALARI (Alouddin Muhammad Buxoriy)

KUBROVIYA TARIQATI NAMOYANDALARI (Alouddin Muhammad Buxoriy)

Kubroviya silsilasi Alouddin Muhammadga ota-bobolari orqali[1] yetib kelgan. Unga koʻra, otasi Sayyid Mir Jaloliddin Muhammad, uning ustozi va otasi Sayyid Mir Olim, uning ustozi xalifa Ashur Muhammad, uning ustozi Sayyid Amir Zakariyo xoja Vojkatiy orqali ajdodi Sayyid Amir Ali Hamadoniy, uning ustozlari Shayx Nuriddin Ali Tusiy va Sharafiddin Mazdaqoniy, ularning ustozi Shayx Rukniddin Alouddavla Simnoniy[2], uning ustozi Shayx Nuriddin Abdurahmon Isfaroyoniy, uning ustozi Shayx Jamoliddin Ahmad Jurjoniy va uning ustozi Shayx Roziddin Ali Lolo vositasida[3] Shayx Najmiddin Kubroga ulangan.

Ota-bola va ajdodlar ketma-ketligida tariqat silsilasi uzviy davom etgan holatlar ham kuzatilgan. Alouddin Muhammadning kubroviya silsilasida otasi bilan birga oʻn toʻrtta ajdodi turgani buning dalilidir. Bu Zarafshon vohasi tasavvuf tarixida yagona nasab (ota-bobolari)-hasab (ustozlari) shajarasidir. Yaʼni oʻn toʻrtta avlod vakili ustoz-shogird sifatida kubroviya silsilasini uzviy davom ettirgan. Bunday holat Muhammad Husayn Buxoriy (5 ta) va Shayx Mirzo Abul Hasan (4 ta avlodi davom ettirgan) silsilalarida kuzatilgan.

Sayyid Amir Zakariyo xoja Vojkatiy 1078/1667 yil Hisori Shodmonning Simganj mavzesida tavallud topgan. Otasi Xoja Neʼmatulloh vositasida kubroviya silsilasiga ulangan. Amir Zakariyo xoja ustoziga yigirma bir yil xizmat qilgach, naqshbandiya tariqati ijozatini oladi. Buxoroda Xoja Muhammad Porso xonaqosida[4] istiqomat qiladi. Buxoro xoni Abulfayzxon ushbu xonaqohga tashrif buyurib, unga murid boʻladi[5]. Keyinchalik biroz muddat[6] Hisorda istiqomat qiladi. Amir Doniyol davridan[7] to Amir Shohmurod davri (1785 yil)gacha Xoja Muhammad Porso xonaqosida taʼlim-tarbiya ishlari bilan mashgʻul boʻladi. Shundan soʻng Buxoroning Vojkat mavzesiga koʻchib boradi va u yerda umrining oxiriga qadar istiqomat qiladi. Shayx 1203[8]/1788 yili 125 yoshida vafot etgach, Kaʼbul Axbor qabristoniga dafn qilinadi. U Muhammad Safar va Ashur Muhammad[9] kabi shogirdlarni tarbiyalagan.

Amir Zakariyo xoja Vojkatiyning farzandi Olim xoja Romitanning Kamol qasabasida[10] 1150/1737 yilda tavallud topgan va shu yerda 1226/1811 yilda vafot etgan.

Olim xojaning farzandi va shogirdi Jaloliddin Muhammad “Qasabai Kamol”da 1200/1785 yilda tavallud topgan. U Ashur Muhammaddan naqshbandiya va kubroviya taʼlimini olib, irshod maqomiga yetgan. Keyinchalik Buxoro hukmdori Amir Nasrulloh uning suhbatiga yetadi va izzat-ikrom koʻrsatib, Shayx Habibulloh xonaqosiga koʻchirib keladi[11]. Natijada u shu yerda ilmiy-maʼrifiy faoliyatini davom ettirgan. Jaloliddin Muhammad 1286[12]/1869 yilda vafot etgan va Xoja Hafs Kabir qabristoniga dafn etilgan.

Uning farzandi va shogirdi Alouddin Muhammad silsilani davom ettirib, Qori Abdurahim Torobiy, Eshon Sadr, xalifa Nur, Eshon Boqi xoja, Eshon Husayn xoja, Abdurahim Xoʻqandiy kabi shogirdlarni tarbiyalagan. U arab tilida “Hujjatul komilin fiy atvorus solikin” (Komillar hujjati va soliklar qiyofasi) nomli asar yozgan. 1298/1880 yili vafot etgach, Xoja Hafs Kabir xonaqosining qibla tomoniga dafn etilgan.

Jaloliddin Muhammadning ikkinchi oʻgʻli Sulton xoja boʻlib, Eshon Qozi nomi bilan mashhur boʻlgan. Akasi vafot etgandan soʻng amirdan ruxsat olgach (Xuzor qoziligini topshirib), Buxoroga kelib, tariqat masnadiga oʻtirgan. U bu davrda Orif Mehtar masjidida yashagan. 1319/1901 yili vafot etgan Sulton xoja Hazrati Imom[13] qabristoniga dafn qilinadi. Jaloliddin Muhammadning uchinchi oʻgʻli Qamariddin ham 1319/1901 yili vafot etgach, akasi Alouddin qabrining janub tomoniga dafn etilgan.

Jaloliddin Muhammadning shogirdi Mavlono Abdurahim Qurro Torobiy tariqat silsilasida ustozining oʻgʻli Alouddin Muhammaddan ijozat olgan. U Buxorodagi Koʻkaldosh madrasasida Qurʼon qiroati va hadis ilmidan talabalarga saboq bergan. U “Hujjatul voqifin” (Maʼrifatdan voqif boʻlganlarning hujjati), “Tuhfai xoniy” (Xonlarga tuhfa), “Sharhi fiqhi Kaydoniy” (Fiqhi Kaydoniy sharhi), “Sharhi qasidai bonati saodat”[14] (Bonati saodat qasidasining sharhi) kabi bir qator asarlarni tasnif etgan. Mavlono Abdurahim Qurro 1322/1904 yilda vafot etgach, xalifa Muhammad Husayn qabrining[15] shimoli gʻarb tomoniga yuz qadam masofada dafn etilgan. “Tuhfatuz zoyirin” (Ziyoratchilarga tuhfa) asari muallifi Nosiriddin Buxoriy ham[16] Mavlono Abdurahim Qurro Torobiyga shogird tushib, tariqat silsilasiga bogʻlangan.

Alouddin Muhammad Buxoriy nafaqat kubroviya tariqati, balki naqshbandiya tariqatida ham faoliyat olib borgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar manbalarda qayd etilgan. Uning bir necha tariqatda faoliyat olib borgani, zamonasining yetuk tasavvuf namoyandalaridan biri ekanini koʻrsatadi.

[1] Nosiriddin Buxoriy ham aytib oʻtgan. Qarang: Tuhfatuz zoyirin. – B. 79.
[2] Alouddin Muhammad Buxoriy. Hujjatul komilin fiy atvorus solikin. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi. Inv №4400/II. – 147b varaq.
[3] Oʻsha manba: – 148b varaq.
[4] Tuhfatuz zoyirin. – B. 75.
[5] Bu vaqtda xonaqohda Abul Hodi xoja va Mulla Muhammadi Imlo Balxiy kabi oltmish uch nafar mashoyixlar faoliyat olib borgan.
[6] Eron shohi Nodirshoh Buxoroni egallagan davrdan to Amir Doniyol taxtga kelguniga (taxminan 1736-1757 yillar) qadar.
[7] Tuhfatuz zoyirin. – B. 77.
[8] Shu joyda.
[9] Qabri Gʻijduvonda.
[10] Buxorodan shimol tomonga 2 farsax masofada joylashgan.
[11] Tuhfatuz zoyirin. – B. 79.
[12] Oʻsha asar: – B. 80.
[13] Xoja Hafs Kabir nazarda tutilmoqda.
[14] Tuhfatuz zoyirin. – B. 82.
[15] Buxoro kanalining janubida, Qavola darvozasining tashqarisidagi Behishtiyon tepaligida joylashgan.
[16] Tuhfatuz zoyirin. – B. 85.
Mehrojiddin AMONOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori PhD

Check Also

XORAZMNING ILK ROVIYLARI

Uygʻonish davri tarixini oʻrganish jarayonida shu narsaga amin boʻlamizki, Xorazm oʻlkasi VIII asrdan musulmon dunyosiga …