Home / FOTO LAVHALAR / ISLOMNING YIRIK MANBASIGA BITILGAN SHARHLAR TAHLIL QILINDI

ISLOMNING YIRIK MANBASIGA BITILGAN SHARHLAR TAHLIL QILINDI

Malayziya milliy universiteti Islom sivilizatsiyasi instituti tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi olimlarining Uchinchi seminari oʻtkazildi.

Islom tamaddunida ilohiyot, hadis, islom huquqi, tasavvuf, iqtisod, boshqaruv va menejment, tarix, falsafa, taʼlim, psixologiya, matematika, astronomiya, fan va texnologiya hamda tibbiyot sohalarining ahamiyatini keng oʻrganishga qaratilgan tadbir Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchixonasi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti hamkorligida tashkil etildi.

Islom ulamolarining anʼanaviy seminari 2021 yildan buyon Malayziya va Oʻzbekistondagi turdosh tashkilotlar, Islom hamkorlik tashkiloti (OIC)ning Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA – IRSIKA), Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha islom tashkiloti (ISESCO) hamda Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasi va Qirgʻiziston musulmonlari idorasi vakillari ishtirokida oʻtkazib kelinadi.

Bu yilgi tadbir “Musulmon ulamolarning dinga, insoniyat, ilm-fan va taʼlimga qoʻshgan hissasi” mavzusiga bagʻishlandi. Unda Markaz ilmiy xodimi B.Amonov “Sahihul Buxoriy”ga movarounnahrlik muhaddislar yozgan sharhlar” mavzusida maʼruza qildi.

Maʼruzada Oʻzbekistonda ilm-fan taraqqiyoti va islom sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy kabi mutafakkirlar ilmiy merosini oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarda olib borilayotgan faoliyat bilan birga turli davrlarda Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosi, xususan uning “Sahihul Buxoriy” toʻplamiga atab yozilgan koʻplab asarlar, Buxoriy, uning ustozlari va roviylar hayotiga bagʻishlangan koʻp sonli tasniflar haqida maʼlumotlar berildi.

  • “Sahihul Buxoriy”ga hajmi va ahamiyati jihatidan turlicha boʻlgan 250 ga yaqin sharhlar yozilgan. Tadqiqotimdan maqsad, mazkur durdona asarga hanafiy mazhabi asosida bitilgan sharhlarni tahlil qilish. “Umdatul Qoriy” bu boradagi eng mashhur sharhlardan biri. Bundan tashqari Movarounnahr muhaddislari qalamiga mansub yana 9 ta sharh aniqlangan. Bularning barchasi turli davrlarda yozilgani uchun ahamiyatlidir, – dedi olim maʼruzasida.

Maʼruza seminar ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …