Roʻza arab tilida “siyom” deb atalib, tiyilmoqni bildiradi. Shariat istilohida esa: “Roʻza tong otgandan to quyosh botguncha niyat bilan roʻzani ochuvchi narsalardan oʻzini tiymoqdir”. Roʻzani ochuvchi narsalar deganda, yemoq, ichmoq, jinsiy yaqinlik qilmoq kabilar koʻzda tutilgan.
Ramazon oyining roʻzasi hijriy ikkinchi yil shaʼbon oyida farz qilingan. Bu oyning Ramazon deb atalishida oʻziga xos hikmat bor. “Ramazon” soʻzi arabchada issiqda kuyib yoʻq boʻlish, jaziramada qovurilish, jigarning issiqda qovjirab qolishi kabi maʼnolarni anglatadi. Yaʼni, bu oyda musulmon bandalarning gunohlari kuyib, yoʻq boʻlib ketadi.
Alloh taolo “Baqara” surasining 183-oyatida: “Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilganidek, sizlarga ham roʻza farz qilindi. Shoyadki taqvodor boʻlsangiz”, deb roʻzaning farzini eʼlon qildi. 185-oyatda: “Pamazon oyiĸi, ynda odamlapga hidoyat hamda hidoyaty fypqondan ibopat ochiq bayonotlap boʻlib, Qypʼon tyshipilgandip. Cizdan ĸim y oyda hozip boʻlca, poʻzacini tytcin”, deb bu oyga yetib kelganlarga roʻza tutishni amr qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir qancha muborak hadislarida Ramazon oyining roʻzasi farz ekanini taʼkilaganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deb aytganlar: “Roʻza doʻzax oʻtidan asrovchi vositadir! Binobarin, roʻza tutgan kishi haqoratli soʻzlarni tilga olmasin, soʻzlashganda baqirmasin, birovni masxara qilmasin! Agar biror kishi roʻzador bilan urishsa yoki uni haqorat qilsa, roʻzador ikki bor: “Men roʻzadorman”, desin! Jonim qoʻlida boʻlgan Zot – Allohga qasamki, roʻzadorning ogʻzidan kelgan hid Allohning nazdida mushki anbardan ham xushboʻyroqdir. Chunki Alloh taolo: “Roʻzador Meni deb yeb-ichmaydi va Meni deb roʻza tutadi, binobarin, uning mukofotini oʻzim beraman va har bir yaxshiligi evaziga mendan oʻn barobar mukofot oladi”, deydi”[1], dedilar”.
Abu Hurayra roziyallohu anhu – Abdurahmon ibn Soxr Davsiy. Abu Hurayra uning kunyasi boʻlgan. Nima sababdan Abu Hurayra deb laqab olganini bunday hikoya qiladi: “Bir mushukcha topib olgandim va uni yengimda olib yurardim. Shu sababdan meni Abu Hurayra (mushukcha egasi) deya chaqiradigan boʻlishdi”. Hijratning yettinchi yilida islomni qabul qilgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duolarining barakoti sababli u zotdan eng koʻp hadis rivoyat qilgan sahobiydir. Alloh taoloning fazli bilan uch yilda 600000 hadis yod olgan. Bu hadis rivoyat qilish borasida Abu Hurayra alohida maqomga ega ekanini anglatadi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Abu Hurayrani yaktaklariga oʻtqazib, uni yaktaklari bilan oʻrab: “Ey Abu Hurayra, ilm senga yuqsin!” deb duo qilganlar. Abu Hurayra: “Oʻshandan keyin hech narsa esimdan chiqib ketmaydigan boʻldi”, deb rivoyat qiladi.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Abu Hurayra haqida: “Biz oʻz ekinimiz, bogʻlarimiz, chorvamiz bilan mashgʻul boʻlib turganimizda Abu Hurayra Paygʻambarimizning yonlarida ahli sufa bilan u zotdan ilm yod olar edi”, degan.
Abu Hurayra Abdurahmon ibn Soxr Davsiy roziyallohu anhu 78 yoshida hijriy 57 yili Madinada vafot etgan.
Hadisning umumiy maʼnosi:
“Roʻza doʻzax oʻtidan asrovchi vositadir!”
Ramazon oyi kelishi sababli jannat eshiklari ochib, doʻzax eshiklari berkitilar ekan. Shaytonlar kishanband qilinib, Alloh taoloning rahmat farishtalari yer yuziga tusharkan. Ramazon oyining fazilatlaridan biri roʻza oʻz sohibini doʻzax oʻtidan asrashidir. Inson roʻza tutish bilan gunoh ishlardan saqlanishga harakat qiladi. Roʻza insondagi shahvoniy hirsni boʻgʻib turadi. Shuning uchun Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam roʻza ibodatini “doʻzaxdan asrovchi vosita” deganlar.
Binobarin, roʻza tutgan kishi haqoratli soʻzlarni tilga olmasin, soʻzlashganda baqirmasin, birovni masxara qilmasin!
Roʻza tutmoq faqat yeb-ichishdan tiyilish va shahvoniy hirsni jilovlashdan iborat emas. Roʻza farz qilinishining asosiy hikmati bandalarda taqvo hosil qilish, musulmonlarning maʼnaviy-ruhiy dunyosini poklashdir. Buni Alloh taolo Baqara surasining 183-oyatida maʼlum qilgan.
Insonning ruhiy va maʼnaviy dunyosini poklab, xulqini oliy darajaga koʻtaradigan ishlardan biri bemaʼni soʻzlar; haqorat, masxaralash, behuda gap-soʻz, gʻiybat, boʻhtonlardan tiyilishdir. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam roʻza tutgan kishi oʻzini mana shunday qabihliklardan saqlashi kerakligini taʼkidlayaptilar. Tilni bunday beʼmani narsalardan saqlamaslik roʻzaning asl mohiyatiga putur yetkazib, uning savobidan mahrum boʻlishga olib kelishi mumkin.
“Agar biror kishi roʻzador bilan urishsa yoki uni haqorat qilsa, roʻzador ikki bor: “Men roʻzadorman” desin!”
Roʻza tutgan kishiga xos boʻlgan odoblardan biri atrofidagilar bilan chiroyli muomaladir. Ulardan birortasi bilan janjallashib qolgudek boʻlsa, birodariga oʻzining roʻzador ekanini eslatib qoʻyishi darkor. Zero, roʻzani buzuvchi omillar sirasiga faqat yeb-ichish emas, balki tildan chiqadigan bemaʼni soʻzlar ham kiradi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam roʻzaning fazilati, mazmun-mohiyati, uni buzuvchi amallarga ishora qilib oʻtganlaridan keyin roʻzadorning fazilatlari va uning savoblarini bayon qilyaptilar:
“Jonim qoʻlida boʻlgan Zot – Allohga qasamki, roʻzadorning ogʻzidan kelgan hid Allohning nazdida mushki anbardan ham xushboʻyroqdir”.
Roʻzador odamning oshqozonidan ochlik sababli chiqayotgan hid majoziy maʼnoda mushki anbarning hididan ham afzalroqdir. Chunki bunga sabab boʻlgan narsa Alloh taoloning amriga itoat qilib, yeb-ichishdan saqlanishdir.
“Chunki Alloh taolo: “Roʻzador Meni deb yeb-ichmaydi va Meni deb roʻza tutadi, binobarin, uning mukofotini oʻzim beraman”, deydi”.
Musulmon odam yeb-ichishdan tiyilib roʻza tutishining sababi Alloh taoloning amriga itoat va Uning roziligiga erishish istagidir. Farishtalar musulmon kishining har bir savob amalini yozib boradi, faqat roʻza mustasnodir. Chunki, uning savobi qanchaligini na inson va na farishtalar biladi. Bandalar qilgan boshqa xayrli, savobli ishlarda xolislik kamayishi yoki riyo alomatlari boʻlishi mumkin ekan, ammo faqat roʻza amalida bunday holatlar boʻlmas ekan. Shu sababli Alloh taolo bandaning roʻzasi savobini faqat Oʻzi bilishi va shunga yarasha mukofotini ham Oʻzi berishini aytyapti.
“…va har bir yaxshiligi evaziga mendan oʻn barobar mukofot oladi”.
Shuningdek, roʻzador inson qilgan boshqa xayrli, savobli ishlarining har biri uchun kamida oʻn barobar mukofot oladi.
Hadisdan olinadigan foydalar:
- Roʻza – doʻzaxdan asrab, jannatga eltuvchi vosita.
- Roʻza faqat yeb-ichish va shahvatdan tiyilishdan iborat emas.
- Haqoratli, bemaʼni, fahsh soʻzlar roʻzani buzadi.
- Roʻzador kishi boshqalarga chiroyli muomala qilishi zarur.
- Roʻza – nafsning tarbiyachisi.
- Roʻza tutishning oʻziga xos fazilatlari bor.
- Roʻzadorning savobi miqdorini faqat Alloh taolo biladi.
- Roʻza tutgan kishi amalini xolis Alloh uchun qilishi kerak.
- Dinda buyurilgan amallardan faqat roʻzada riyo boʻlmaydi.
- Roʻzador roʻzadan boshqa yaxshi amallarining har biri evaziga oʻn barobardan yetti yuz barobargacha savob oladi.
Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam ushbu hadislarida roʻza va uning fazilatlari, roʻzadorning zimmasidagi burchlar, uning ajr-savoblarini birma-bir bayon qilganlar. Darhaqiqat, muborak Ramazon oyi kelishi bilan bandalarga mana shunday ulkan savob-ajrlar eshigi ochiladi.
Ramazon haqida quyidagilarni ham eslatib oʻtamiz. Bu oyda ilohiy samodan yer osmoniga Qurʼoni karim nozil qilingan. Ramazon avvali rahmat, oʻrtasi magʻfirat va oxirgi oʻn kunligi doʻzaxdan ozod boʻlish oyidir. Bu oydagi roʻzasi sababli inson bir yilga yetgulik taqvo zodi rohilasini yigʻadi. Alloh taologa imon bilan, savob umidida Ramazon roʻzasini tutgan kishining avvalgi gunohlari magʻfirat qilinadi. Jannatning “Rayyon” deb ataladigan darvozasidan faqat roʻzadorlar kiradi. Shuningdek, Ramazonda Qadr kechasi borki, uning fazilatlari Qurʼoni karim oyatlari va hadislarda oʻz ifodasini topgan.
[1] Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sahihi Buxoriy. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. T.: 2008. – B 311. Roʻza kitobi, 2-Bob. Roʻza tutmoqning fazilati. 1894-hadis.