Bugun Pokistonning Karachi shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT)ning Ilmiy va texnologik hamkorlik boʻyicha doimiy qoʻmitasi (COMSTECH), Kimyo va biologiya fanlari xalqaro markazi (ICCBS) hamda Karachi universiteti hamkorligida “IHT mamlakatlarida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yoʻlida fan va texnologiyalarni rivojlantirish muammolari” mavzusida Islom olami fanlar akademiyasining XXIV Xalqaro ilmiy konferensiyasi ish boshladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov ushbu tadbirda Islom olami fanlar akademiyasi direktori, prof. Adnan Badran taklifiga binoan ishtirok etmoqda.
Ushbu konferensiyada IHT mamlakatlarida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni yoʻlga qoʻyish muammolari muhokama qilinib, turli mavzulardagi dasturiy hujjatlarni ishlab chiqish koʻzda tutilgan. Shuningdek, anjumanda aʼzo davlatlar uchun fan va taʼlim sohasida yangi global tendensiya va texnologiyalar namoyish etiladi. Natijada davlatlararo institutsional salohiyatni mustahkamlash va maqsadli dasturlarni amalga oshirish uchun mintaqaviy va xalqaro darajada aloqalar oʻrnatiladi.
Konferensiya ertaga oʻz ishini yakunlaydi. Akademiyaning navbatdagi Xalqaro ilmiy konferensiyasi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda qator tashkilotlar hamkorligida Oʻzbekistonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati