Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Turkiyada malaka oshirish dasturini oʻtab kelgan xodimlar tomonidan “Pamukkale universitetida malaka oshirish: koʻnikma va natijalar” mavzusida seminar oʻtkazildi.
Markaz ilmiy xodimlari uchun tashkil etilgan seminarda ilmiy-tadqiqotlar boʻlimi xodimlari, Pamukkalle universitetining Islom ilmlari instituti kurs tadqiqotchilari Husan Mirzahmadov va Bahodir Mirzayev maʼruza qildi.
Maʼruzachilar dastavval yigʻilganlarga universitet haqida toʻliq maʼlumot berib, tadqiqot ishlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida soʻzladi. Taʼkidlanganidek, Turkiyaning eng yaxshi 20 ta oliy taʼlim muassasalari roʻyxatidan oʻrin olgan Pamukkale universiteti rahbariyati Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan oʻrnatilgan hamkorlik aloqalarini yuksak qadrlaydi. Mazkur aloqalar 2021 yil noyabr oyida Markaz direktori Shovosil Ziyodovning mazkur universitetga qilgan tashrifi davomida boshlanib, 2022 yil avgustda imzolangan oʻzaro hamkorlikka oid anglashuv memorandumi bilan mustahkamlandi. Faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlikning keng istiqbollari toʻgʻrisida universitet rektori, professor Ahmat Qutlixon ham Markaz rasmiy veb-sayti uchun bergan intervyusida iliq fikrlar bildirgan.
Seminarda maʼruzachilar malaka oshirish kursi davomida mustahkamlagan bilim va orttirgan koʻnikmalari bilan oʻrtoqlashdi. Tadqiqotchilar 2022 yil dekabr oyining ikkinchi yarmida islom tarixi, ilmiy-tadqiqot ishlari va metodologiyasi, aqoid, arab tili, zamonaviy fiqh masalalari, ilohiyot, hadis va tasavvuf yoʻnalishlari boʻyicha tashkil etilgan kurslarda olgan saboqlarining asosiy jihatlariga toʻxtaldi.
Markaz direktori Shovosil Ziyodov malaka oshirish dasturi hamkorlikdagi faoliyatning muhim boʻgʻini ekanini taʼkidladi va bu kabi oʻzaro tajriba almashuv davomiy tus olishiga ishonch bildirdi.
Seminar yakunida Pamukkale universiteti olimlari tortiq qilgan adabiyotlar Markaz kutubxonasi uchun taqdim etildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati