Home / ALLOMALAR / ALI IBN SULTON AL-QORINING ISLOM ILMLARI RIVOJIGA QOʻSHGAN HISSASI (930/1524-1014/1604)

ALI IBN SULTON AL-QORINING ISLOM ILMLARI RIVOJIGA QOʻSHGAN HISSASI (930/1524-1014/1604)

Mulla Ali al-Qori XVI asrning eng yetuk allomalaridan boʻlib, muhaddis, faqih, usul olimi, mufassir, mutakallim, mutasavvif, tarixchi, qiroat, munozara, lugʻat va nahv olimi va adib, oʻz asrining tengsiz namoyondasi hisoblanadi.

U kishining ismi Ali, otasining ismi Sulton Muhammad boʻlgan. Hirotda tugʻilgani uchun “Hiraviy”, Makkada istiqomat qilgani uchun Makkiy nisbalari bilan atalgan.

Qiroat ilmida mohir boʻlgani va uni mustahkam egallaganligi uchun “Qori” nomi bilan mashhur. “Nuriddin” esa uning laqabi hisoblanadi. Demak uning toʻliq ismi Nuriddin Ali ibn Sulton Muhammad Hiraviy Makkiy Qori boʻlgan.

Manbalarda Allomaning tugʻilgan sanasi haqida aniq maʼlumot topilmagani aytilgan boʻlsa-da, lekin baʼzilar uni 930 h./1524 m. sanada tugʻilganini qayd qilishgan. U Afgʻonistonning Hirot shahrida tavallud topgan va oʻsha yerda ulgʻaygan. Ilk taʼlimni tugʻilib oʻsgan joyidagi ulamolardan olgan. Avval Qurʼoni karimni ustozi Shayx Muiniddin ibn Hofiz Zayn Hiraviyda yod olgan.

Ismoil ibn Haydar Safaviy (1487-1524) Hirotni bosib olgandan soʻng, baʼzilar u yerni tark qilib chiqib ketishgan. Shular qatorida Ali al-Qori ham Makkaga safar qilgan. Bu haqida U oʻzining “Samm al-qavoriz” asarida ishora qilib, unda vahiy nozil boʻlgan diyor – Makkada istiqomat qilganiga Allohga shukr aytgan.

Tarixchi olimlar Mulla Alining nechanchi yilda oʻz yurtidan chiqqanligini qayd qilishmagan, lekin Makkaga kirib borish sanasi 952/1545 yilga toʻgʻri keladi, deb maʼlumot qoldirishgan.

Ali al-Qori Makka shahriga borgach, koʻplab mashoyixlar va olimlarning ilm halqalarida taʼlim olgan. U doimo bir ustozning uyida tunar, ilmu hikmat ichra suzib yurar edi. Oʻzidan keyin koʻplab asarlarni qoldirdi.

Mulla Ali al-Qoriy juda koʻp ustozlardan ilm oʻrgandi. Jumladan, u qiroat ilmini makkalik mutaxassis olimlarda oʻqigan hamda Shotibiya asarini yod olib, bu boʻyicha yetti qiroatni egallagan. Hatto ushbu asarga sharh ham bitgan. U “Jazariya” kitobiga yozgan sharhida qiroatdagi shajarasini zikr qilib, bu borada katta ustozlaridan biri Shayx Sirojiddin Umar al-Yamaniy ekanini taʼkidlagan.

 Allomaning hadis ilmidagi ustozlaridan biri Makka mufassiri va oʻz zamonasining faqihi Shayx Zaynuddin Atiyya ibn Ali ibn Hasan as-Sulamiy al-Makkiy (vaf. 983/1575) hisoblanadi. U oʻzining “Mirqot al-mafotih” asarida ushbu ustozidan koʻp naqllar keltiradi va uni “shayximiz”, “ustozimiz”, “mavloyimiz” va “mufassirlar ustuni” kabi nomlar bilan atagan.

Undan tashqari “Ibn Hajar al-Haytamiy” nomi bilan mashhur Shahobiddin Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Muhammad (vaf. 973/1566 h.y.), “Ali Muttaqiy al-Hindiy” nomi bilan mashhur Alouddin ibn Hisomiddin Abdulmalik ibn Qozixon al-Jungʻuriy ar-Rahonfuriy (vaf. 975/1568 h.y.), “Mir Gʻilon” nomi bilan mashhur Muhammad Said ibn Mavlono Xoʻja Hanafiy Xurosoniy (vaf. 981/1573), Mulla Abdullo ibn Saʼdiddin Umariy Sindiy al-Makkiy Hanafiy (vaf. 984/1576) kabi ustozlari borligi asarlarda zikr qilingan.

Oʻz navbatida Ali al-Qorining shogirdlari koʻp boʻlgan. Sababi, u oʻz asrining imomi, ulugʻ ustozi, muhaddis, faqih, ulugʻ mufassir, qori, ilmu maʼrifatda namuna kishi boʻlgan. Ularning eng mashhurlari Shayx Muhyiddin Abdulqodir ibn Muhammad (vaf: 1033/1624), Qozi Abdurahmon ibn Iso Makkiy Hanafiy (vaf: 1037/1628) va Shayx Muhammad Abu Abdullo ibn Munlo Farrux  (vaf: 1061/1651)lardir.

Mulla Ali al-Qorining shuhrati hayotlik chogʻidayoq tarqalgan, oʻziga munosib ilmiy darajaga erishgan va odamlar uning vafot etgunicha uning bilimlari va darslaridan bahramand boʻlishgan. Unda noyob zakovat, ustun aql, teran tushuncha, tahqiq uchun sabr-toqat, sodda va tushunarli bayon bor edi. Shuning uchun u barcha ilm-fanlarga kira oldi va ulkan natijalarga erishdi. Katta-kichik juda koʻp foydali asarlar bitgan, risoladan tortib, katta hajmga ega kitoblarni ham.

Alloma oʻz davrining ilmiy doiralarida obroʻli mavqega ega boʻlgan va uning koʻplab ilm-fan sohalarida bilimlarini olimlar tan olishgan. Uning shariat ilmlarini puxta egallagani bois barcha ilmlar boʻyicha kitoblar yozgan. Aksincha, u tasniflash va mualliflik boʻyicha yetakchi oʻrinlarda boʻlgan, hatto aqliy va naqliy fanlarda uni “quruvchi” deb ham nomlangan.

Allomani koʻplab olimlar, oʻz asrining yagona muhaddislari maqtab, unga turli sifat va fazilatlarni nisbat berishgan. Uni nafaqat diniy arboblar balki turli fan mutaxassislari ham madh etib qalamlar yurgizishgan.

Ibn Obidin oʻzining “Tanbih al-vullot val-hukkom” asarida: “Uning soʻzlarida u oʻz zamonasining mujaddidi ekani va bunga loyiq ekaniga ishora bor. Bu haqiqatni mutaassiblardan boshqa hech kim inkor etmaydi”, degan.

Abdulhay Laknaviy “At-Taʼliq al-mumajjad” asarida uning baʼzi asarlarini sanab oʻtgandan soʻng aytadi: “Uning bundan tashqari son sanoqsiz risolalari mavjud boʻlib, bularning barchasi foydali. Uning ushbu asarlari yuz yillikning mujaddidi qatoriga qoʻshgan”.

Alloma ibni Obidin oʻz risolasida: “Mulla Ali qori faqihlar, muhaddislarning xotimasi, muhaqqiq va mudaqqiqlarning tanlangani” – deydi.

Shayx Muhammad Zohid al-Kavsariy “Iroq ahlining fiqhi va hadisi” asarida hofizlar ulugʻi, Abu Hanifaning shogirdlari ichida katta muhaddislardan biri, deb baholaydi.

Zirikliy: “Muhammad Nuriddin Mulla Hiraviy al-Qori – hanafiy faqihi, oʻz zamonasidagi ilm peshvosi boʻlgan. Hirotda tugʻilib, Makkada istiqomat qilgan va oʻsha yerda vafot etgan” deb sifatlagan.

Alloma XVI asrning eng katta peshvo allomalaridan boʻlgani uchun mazkur maqtovlarda mubolagʻa yoʻq. Sababi, u faqih, usulchi, mufassir, muqriʼ, mutakallim, muhaddis, lugʻatchi, nahviy olimdir. Unga nodir zakovat, kitob yozish quvvati, teran aql, tadqiqot olib borishda sabr ato qilingan edi.

Allomaning ilmiy merosiga nazar tashlagan shaxs uning har bir fanda koʻplab kitoblarni qoldirganini, naqliy va aqliy ilmlarda mahorat va ixtiroga ega ekanini anglaydi. Undagi bilimlarning koʻpligi, manbalar va maʼlumotnomalarga keng kirish imkoniyati mavjudligi bois Islom dinining koʻplab fanlari boʻyicha ilmiy asarlar yaratdi. U aqida, kalom, tafsir, hadis, siyrat, arab tili grammatikasi va boshqalar borasida asarlar yozgan.

Uning taʼlifotlari kutubxonalarda oʻz joyini egallagan. Uning kitobi topilmagan kitobxonaning oʻzi qolmagan, hisob. Qaysi bir fanga qiziqsangiz Mulla Alining  oʻsha fanga doir tasnifotlarini koʻrasiz. Koʻpchilik olimlar uning kitoblari koʻpligidan sanogʻida adashadi. Baʼzi olimlar asarlari soni 260 dan oshmasligini aytishgan.

Uning asarlari soni borasida Ismoil Bagʻdodiy “Hadiyatul Orifin” asarida 107 ta, “Al-Bidoʼa al-muzjat” asari muallifi 134 ta, Brokelman 185 ta ekanini aytganlar.

Lekin, “Al-Hizb al-Aʼzam” asari shorihlaridan biri Makkada Mulla Ali Qoriyning nabirasidan asarlari sonini eshitganligini aytadi: “Bobomizning 300 ta taʼlifotlari mavjud. U kishi asarlarini farzandlariga vaqf qilgan. Nusxa koʻchirishdan toʻsmasliklarini shart qilgan…”.

Uning mashhur asarlari “Mirqot al-mafotih”, “Sharh al-Fiqh al-akbar”, “Fath bob al-inoya”, “Tafsiri Ali Qoriy”, “Shifo asari sharhi” kabilardir.

Mulla Ali Qoriy Makkai mukarramada 1014/1604 yil shavvol/fevral oyida vafot etdi. U Makkaning Muʼallo qabristoniga dafn etilgan. Shayx Abdussattor uning qabrini joylashgan joyni taʼriflab: “(uning qabri) chap tomondan Hujun tomonga chiqaverish yoʻlakning birinchidadir. Shu yerda Ali al-Qorining qabri joylashgan”, degan.

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
  1. Muhammad Abdulhalim. Al-Bidoʼa al-muzjat liman yutoliʼ al-mirqot. – Multan (Pokiston): Mataba Imdadidya. – B. 2.
  2. Qoʻlyozma: Ali al-Qori. Samm al-qavoriz fi zamm ar-ravofiz. Peshovar: Al-Maktaba ash-sharqiya. – B. 300.
  3. Ali al-Qori. Mirqot al-mafotih. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2001. – B. 17. Ali al-Qori. Al-Minah al-fikriya. Qohira. – B. 73-74.
  4. Zirikliy. Al-Aʼlom. Dorul-ilm lil malain. Mulla Ali al-Qori mavzusi. J. 5. B. 12.
  5. Muhammad Abdurahmon Shammoʼ. Mulla Ali al-Qori: asarlari va u haqida yozilgan asarlari fihristi. “Ofoq as-saqofa vat-turos” jurnali. 1993, 1-son.
  6. Ibn Obidin. Tanbih al-vullot val-hukkom. Qohira: Dor al-osor, 2007. B. 144.
  7. Shayx Abdulloh Mirdod. Al-muxtasar min kitab nashr an-nur vaz-zahr fi tarojim afazil Makka. Bayrut: Olam al-maʼrifa, 1986. B. 365-367.
Ixtiyor ABDURAXMONOV,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …