XIII-XIV asrlar Ozarbayjon xalqining tarixida bunyodkorlik davri boʻldi. Uning hududida hunarmandchilik va savdo, arxitektura inshootlari (masjid, madrasa, koʻpriklar, karvonsaroylar), shuningdek yangi ochilgan madrasalarda ilohiyot bilan bir qatorda dunyoviy fanlar oʻqitilib kutubxonalar qurib bitkazildi. Bu davrning eng muhim yutuqlari turli fanlar jumladan, matematika, astronomiya, tibbiyot, mantiq, falsafa, huquqshunoslik va hokazolar sohasidagi muvaffaqiyatlar shiddati bilan koʻzga tashlanar ekan,bu borada oʻz davrining buyuk olimi boʻlgan Nasiriddin Tusiyning ilmiy merosini har tomonlama oʻrganish muhim ahamiyatga egadir.
Muhammad Nasiriddin Tusiy (Abu Jafar Muhammad ibn Muhammad ibn Hasan Nasiriddin at- Tusiy)- XIII asrning buyuk Eron, Ozarbayjon va Oʻrta Osiyo ilmiy va falsafiy gʻoyalarining rivojlanishida markaziy oʻrin egallagan buyuk qomusiy olim va koʻplab asarlar muallifidir. U 1201 yil 18 fevralda Eronning Hamadon shahrida tugʻilgan.
Nasiriddin Tusiy faoliyatining turli jihatlariga bagʻishlangan mahalliy va xorijiy olimlarning koʻplab asarlari mavjud boʻlib, bularga (Shmid 1913 yil, Rozenfeld 1953 yil, Braun 1956 yil, M.N.Boltayev 1965 yil, Mamedbeyli 1961 yil, M.Dinorshoyev 1968 yil, Madelung 1974 yil, Iqbol 1976 yil, Badi 1977 yil, Eyvazov 1980 yil va boshqalarni misol keltirish mumkin). Bu olimlarning koʻpgina asarlarida buyuk mutafakkirning ilmiy merosi oʻz aksini topgan. Jumladan, G.Mamedbeylining “Marogʻa observatoriyasining asoschisi Muhammad Nasiriddin Tusiy” nomli fundamental monografiyasi muhim ahamiyatga ega boʻlib, muallif Tusiyning astronomiya,trigonometriya, geografiya va boshqa fanlarga qoʻshgan hissasini alohida taʼkidlagan.[1]
Qomusiy olim Nasiriddin Tusiyning ilmiy merosi Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlari, shuningdek, Gʻarbiy Yevropaning koʻplab olimlariga ham oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Shu bilan birga algebra, trigonometriya, etika, kosmologiya, tarix, huquq, axloq, mantiq, tibbiyot, minerologiya, ilohiyot, xattotlik sohalarida mutafakkirning asarlari yetakchi oʻrinlardan birini egallagan. [2]
Nasiriddin Tusiy butun umri davomida turli xil kitoblar yozish bilan birga, uning dunyoqarashining kengligi va yunon tilini mukammal bilishi unga koʻplab manbalardan foydalanish imkonini berdi. U qadimgi yunon olimlari Arximed, Yevklid, Teodosiy, Aristarx, Ptolomey va boshqa bir qator faylasuflarning asarlarini tarjima qilib, ularning rang-barangligiga oʻz hissasini qoʻshdi. [3]
Nasiriddin Tusiy oʻz tarjimai holida ilm oʻrganish maqsadida juda koʻplab olimlar bilan uchrashganligi va ulardan olgan saboqlari sababli fanlarning turli sohalarini takomillashtirishda davom etganligini taʼkidlab oʻtadi.
U ilm olgan ustozlari haqida toʻxtalar ekan, matematika, astronomiya, trigonometriya boʻyicha Kamoliddin Abdul Fattoh Muso Mosuliy, falsafa ilmini Qutbiddin Misriy, musulmon fiqhini Shayx Moʻyniddin, mantiq ilmini Faariddin Damad va boshqalardan oʻrganligini eʼtirof etadi.[4]
Alamutda ismoiliylar hukmroni qoʻl ostida xizmat qilib yurgan Nasiriddin Tusiy ismoiliylarning soʻngi hukmdori Hur Shox Rukn ad-din ibn Alod-din III ga moʻgʻullarga qarshilik koʻrsatish foydasiz ekanligini isbotlab hukmdorni moʻgʻul xoni Xulaguxonga taslim boʻlishga koʻndiradi va ismoiliylar hukmdori 1256 yilda Xulaguxonga taslim boʻladi.[5]
Moʻgʻul xoni Xulaguxon mutafakkir Nasiriddin Tusiyning ilmini, siyosatni chuqur tushunadigan qobiliyatini juda qadrlagan. Faylasufning xon ishonchini qozonishga sazovor boʻlishi ismoiliylar kutubxonasini saqlab qolishiga jiddiy sabab boʻlgan edi.
Nasiriddin Tusiyning ilm-fandagi tarixiy xizmatlaridan biri Marogʻa shahridagi Fanlar Akademiyasi nomi bilan mashhur boʻlgan astoromik rasadxonaga (1259-1260) asos solishidir. Bugun janubiy Ozarbayjon hududida joylashgan va oʻz davrining eng yirik ilmiy markazi boʻlgan bu rasadxona koʻpchilik mamlakatlar astronomiyasining rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatdi.
Marogʻa rasadxonasida turli mamlakatlardan olimlar kelib, bir qancha astronomik asboblarni ixtiro qilishar ekan, ular orasida qum soatlari, suv va moyli soatlarini misol keltirish mumkin. Bundan tashqari rasadxonada yer va samoviy globuslar tayyorlangan. Bugungi kunda bunday asboblar eksponati Germaniyaning Drezden shahridagi matematika va fizika boʻyicha tashkil etilgan muzeyda saqlanmoqda va ommaga koʻrgazmaga qoʻyilgan.
Marogʻa rasadxonasida va kutubxonasida yuzdan ortiq olimlar, xodimlar va yosh tadqiqotchilar Nasiriddin Tusiy bilan birga ishlagan va ilmiy amaliyotni oʻtagan. Allomaning oʻzi esa falsafa, kalligrafiya, matematika, astronomiya va boshqa fanlardan mashgʻulotlarini olib borgan. Bu dargohda tahsil olgan har bir mutaxassis olimlar oʻz vataniga qaytgach olgan ilmi va egallagan tajribasi boʻyicha oʻz yurtining ilm-fanini rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshgan. Marogʻa astranomlarining mutafakkir rahbarligida olib borgan 12 yillik (1259-1271 yillar) kuzatuvi natijasida “Zich Ilxoniy” jadvali yaratildi. Bu mashhur jadvalda 256ta shaharning jugʻrofiy koordinatalari hamda quyosh va sayyoralar katalogi mavjud.[6]
Taniqli ingliz matematigi va iqtisodchisi Artur Berri shunday deb yozadi: “Astronomiyaning Yevropadagi muvaffaqiyatlarini koʻrib chiqishga oʻtishdan oldin biz varvar xalqlari orasida ilmiy qiziqishlarning nihoyatda tez oʻsishini tavsiflagan Sharqdagi yana ikkita astronomik maktab haqida eslatib oʻtishimiz lozim…..bu yerda faoliyat olib borgan olimlar foydalangan astronomik jihozlar oʻzining mahobati va konstruksiyasining yaxlitligi bilan oʻsha davrda Yevropada ishlatilgan Kopernik davri va Tixo Braga davridagi jihozlardan farqlanib eng yaxshilari edi.”[7]
Shunday qilib, Nasiriddin Tusiy asos solgan Marogʻa rasadxonasi oʻzining ilmiy salohiyati, professional astronomik asboblari va eng boy kutubxonasi bilan XIII asrning jahon ahamiyati uchun eng yirik ilmiy markazi sifatida “Oʻrta asrlar Fanlar akademiyasi”si edi.