Alloh taoloning bandalarini imtihon qilish yoʻllaridan biri balolarga mubtalo qilishdir. Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Balolarning eng qattigʻi paygʻambarlarga, keyin ularga yaqinlarga, soʻng ularga yaqinlargadir. Kishi diniga qarab imtihon qilinadi. Dini qanchalar qattiq boʻlsa, sinovi ham shunchalik qattiq boʻladi. Agar dini yumshoq boʻlsa, imtihon qilinishi ham diniga yarasha boʻladi”, dedilar (Buxoriy rivoyati).
Buyuk faqih Abdulhay Laknaviy ham hayoti davomida uch bor qattiq dardga chalingan. Shogirdi Muhammad Bundaviy bu ulugʻ imomning ilk bor kasallikka mubtalo boʻlishini bunday xotirlaydi: “Ustozim Kaʼbatullohni ikkinchi bor ziyorat qilganda, qattiq dardga chalinib, shu sababli tezda yurtiga qaytdi. Allomaning ovqat hazm qilish qobiliyati buzilib, ich ketish dardiga chalingan edi. Kundan-kun kasali kuchayib bordi. Avvalida tabiblar kasallik sababini topishga ojizlik qilib, toʻgʻri tashxis qoʻya olmadi va davolashning uddasidan chiqmadi. Allohning nusrati bilan uni tabib Muhammad Boqir Shayʼiy davoladi. Ustozim darddan xoli boʻlib, sogʻligʻini tiklab oldi”.
Bu voqea 1875 yilda, yaʼni alloma yigirma sakkiz yoshga kirganda sodir boʻlgan. Oʻshanda yaqinlari sergak tortib, uning salomatligiga qattiq eʼtibor qaratadi. Aldulhay Laknaviy sogʻligʻini tiklab olgandan soʻng yana ilm yoʻlida izlanib, kitoblar yozishga va shogirdlar bilan dars qilishga shoʻngʻib ketadi.
Alloma ikkinchi marta 1302/1884 yili Haydaroboddagi qarindoshlarining toʻyiga borganida qattiq kasal boʻlib qolgan. Bu vaqtda u oʻttiz yetti yoshda edi. Kasallik tufayli Haydarobodda bir necha kun qolib ketadi. Tabiblar muolajasidan keyin shifo topib, oʻz shahriga qaytadi.
Oradan ikki yil oʻtib alloma uchinchi bor qattiq betob boʻlib, shu kasallik tufayli vafot etgan. Bu haqda Muhammad Bundaviy quyidagilarni yozgan: “Ustozning kasalligi 1303/1885 yilning oʻrtalarida boshlandi. Kelgan dard dastlab darmonsizlik va yoʻtal bilan namoyon boʻldi. Keyinchalik qisqa muddatli hushdan ketish holatlari ham qoʻshildi. Soʻng hushini yoʻqotish koʻpayib, ahvoli ogʻirlasha bordi. Hatto u zot holsizlanib yotib qoldi. Eng mohir tabiblar muolaja qilishga kirishdi, lekin naf boʻlmadi. Kunlar shu tarzda oʻtar edi. Bir kuni ustozning doʻstlari ziyofatga toʻplandi. Unga ustozimiz ham taklif etilgan edi. U kishi qancha ogʻir boʻlmasin, taklifni yerda qoldirmay, yigʻinga bordi. Yigʻilganlar bir-biri bilan hazil-mutoyiba qilib, suhbat ancha choʻzildi. Ustozimiz muloqot asnosida: “Suhbat gʻanimatdir, ushbu oʻtirishimizdan keyin kim bor, kim yoʻq, hech kim bilmaydi”, dedi. Ziyofat tarqab, hamma uyiga qaytdi. Ustozimiz ham uyiga kelib, xufton namozini oʻqish uchun oʻz hujrasiga kirdi va namoz payti hushdan ketib yiqildi. Darrov yaqinlari bilan birga u zotni soʻriga yotqizdik. Biroz vaqt oʻtib, oʻziga keldi va atrofdagilarga bir-bir koʻz yugurtirdi. Soʻng ikkinchi va uchinchi marta hushdan ketdi. Yuragi shiddat bilan urar edi. Shu tariqa ustoz tungi soat uchda omonatini topshirdi. Bu 1304/1886 yil rabiul- avval oyining oʻttizinchisi, dushanba kuniga toʻgʻri keldi. Janozada yigirma ming atrofida yoki undan ham koʻproq kishi qatnashdi.
Abdulhay Laknaviyning qisqa boʻlsa-da, sermazmun va barakali hayoti oʻttiz toʻqqiz yoshida yakuniga yetgan. Allomaning janozasi uch marta katta jamoat bilan oʻqilgan. Birinchisida Muhammad Abdurrazzoq Ansoriy Laknaviy[1], ikkinchisida Mavlono Abdulvahhob ibn Hasan Bahoriy[2], uchinchisida Abdulmajid ibn Abdulhalim ibn Abduhakim Ansoriy[3] imomlik qilgan. Abdulhay Laknaviy oʻzining ota- bobolari qoʻyilgan qabristonga dafn etilgan.
Bu kun allomaning oilasi, atrofidagi shogirdlari hamda butun islom olami uchun musibatli kun boʻlgan. Yaqinlaridan ayrimlari uning vafotidan ikkilanib, bu ham har doimgidek oʻtib ketadigan hushdan ketish boʻlsa kerak, degan gumonga borgan. Chunki kun boʻyi yuzidagi tabassum arimasdan, ular bilan suhbatlashgan kishining birdan vafot etishini kutmagan. Qolaversa, odamlar unga qattiq suyanganidan va haddan ortiq yaxshi koʻrganidan bu dunyodan koʻz yumishini uzoq sanagan.
Abdulhay Laknaviyning vafotidan juda qattiq mahzun boʻlgan doʻstlari va shogirdlari u zotga atab, arab, fors va urdu tillarida juda koʻplab marsiyalar yozgan.
Hozirgi kunda allomaning maqbarasini ziyorat qilgan kishi qabr boshida oq marmar toshga oʻyib yozilgan shu marsiyalardan biriga koʻzi tushadi: