Bashariyatni zulmatdan nurga, zalolatdan hidoyatga olib chiqqan zot – Paygʻambarimiz Muhammad ibn Abdulloh ibn Abdulmuttalib sollallohu alayhi vasallam Makka shahrida, Abdulmuttalib xonadonida milodiy 571 yil toʻrtinchi oyining ikkinchi dushanba kuni ertalab tavallud topdilar. Bu tarixiy hodisa qamariy hisobida rabiul avval oyining oʻn ikkinchi (baʼzi manbalarda esa toʻqqiz, oʻn, oʻn birinchi) kuniga toʻgʻri keladi. Shunga koʻra rabiul avval oyida Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning tugʻilgan kunlarini nishonlash, “Mavlidun Nabiy” marosimlarini oʻtkazish va u zoti sharif haqlariga duoi salavotlar aytish dunyo musulmonlari orasida keng tarqalgan anʼanadir. Mavlidun Nabiy uchun islom ulamolari maxsus kitoblar ham tasnif etilgan. Shunday kitoblardan biri XIII asrda yashab oʻtgan arab olimi Imom Jaʼfar Barzanjiyning qalamiga mansub “Mavlidush sharif”dir. Kitob nasr va nazmdan iborat boʻlib, uni ulamolar yoddan bilgan, marosimlarda oʻqib bergan.
Lekin turkiy xalqlarning koʻpchiligiga arab tilidagi “Mavlidush sharif”ni maʼnolarini tushunish biroz qiyinchilik tugʻdirgan. Shuning uchun ular aksar hollarda mavlid marosimlarida Paygʻambarimizga salavotlar aytib, Ahmad Yassaviyning Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqidagi hikmatlarini, Rasuli akram tarixi haqidagi rivoyatlarni va turkiy nazmiy mavlidlarni oʻqishgan. Turkiy aholi orasida Xilvatiy qalamiga mansub nazmiy “Mavlid” keng tarqalgan.
Asarning yozilish tarixi bunday: XIX asr oxiri XX asr boshlarida yashab ijod qilgan shayx Langariy shogirdlaridan biri Mulla Yoʻldosh Xilvatiyga turkiy tilda Paygʻambarimiz tavalludlari haqida bir kitob yozishni topshiradi. Xilvatiy 1912 yilda Paygʻambarimiz tavalludlari haqidagi “Mavlid” nazmiy asarini yozib tugatadi. Bu kitob xalq orasida “Mavlidun nabiy” va “Mavlidi sharif turkiy” nomlari bilan shuhrat topadi.
Ammo hozirgi kunda mazkur marosimga qarshi turib, uni bidʼatga chiqaradigan kishilar ham yoʻq emas. Shuni hisobga olib, mavlid marosimlari va ularni oʻtkazish tartibi haqida dalillarga suyangan holda baholi qudrat oʻz fikrimizni eʼtiboringizga havola qilsak.
Biz Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sababli, jaholatdan maʼrifatga, zulmatdan nurga, zalolatdan hidoyatga chiqishga muyassar boʻldik. U zoti muborak tufayli imon bilan ziynatlanib, inson degan nomga loyiq boʻlik. Demak, Rasululloh alayhissalomning tavallud ayyomlarini bayram sifatida nishonlashimizni hamda u zoti sharifga hurmat koʻrsatib, salavotu salomlar aytishni shariatga hech qanday xiloflik tomoni yoʻq. Shuningdek, fikrimiz isboti oʻlaroq, bu toʻgʻrida oyat va hadislarga murojaat qilsak;
Alloh taolo Ahzob surasining 56-oyatida bunday marhamat qilgan: “Albatta, Alloh ham, Uning farishtalari ham paygʻambarga duoyu salavot[1] ayturlar. Ey moʻminlar! Sizlar ham u zotga salavot va salomlar aytinglar!”.
Jumladan, Paygʻambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamdan salavot va salomga oid: “Kim menga bitta salavot aytsa, Alloh taolo unga oʻnta salavot aytadi”, “Kim menga juma kuni bir salavot aytsa, Alloh taolo unga yetmish marta salavot aytadi”, “Allohga qasamki, men sizlarga oʻzingizdan ham, farzandlaridan ham, molu davlatingizdan ham va dunyodagi barcha insonlardan ham mahbubroq boʻlmaganumcha sizlar haqiqiy moʻmin boʻlolmaysizlar”, “Kim juma kuni menga yuz marta salavot aytsa, Alloh taolo uni oxirat ishlaridan yetmishtasini va dunyo ishlaridan oʻttiztasini ravon qiladi. …”, “Kim menga juma kuni salavot aytsa, qiyomatda u mening shafoatimdan nasibador boʻladi”, “Mening tavalludimga alohida eʼtibor ila qaragan kishi uchun qiyomatda shafoatchi boʻlaman” mazmunidagi bir qancha hadislar vorid boʻlgan.
Shu bois har yili Robiul avval oyida yurtimizdagi barcha masjidlarda Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tavallud ayyomlari alohida eʼtibor bilan keng miqyosda nishonlanib, joylarda mavlid marosimlari oʻtkaziladi. Ularda bashariyatga yuksak namunani taqdim qilgan zot – Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tarixlari, xulqlari, siyratlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar berilib, oʻtganlar haqqiga xatmi Qurʼon va u zoti bobarakotning haqlariga salavotu salomlar aytiladi.
Har bir marosim va ibodatda muayyan tartib boʻlganidek, Mavlid marosimlarining ham oʻziga xos maqsadi, tartib va talablari mavjud. Mavlid marosimlarini oʻtkazish yoki unda ishtirok etishdan koʻzlangan savobga erishmoq uchun ularga alohida eʼtibor berish lozim boʻladi. Shulardan;
- Boshqa ibodatlarni ado etishda shart qilingani kabi mavlid marosimini oʻtkazuvchi (yoki marosimga boruvchi) kishi niyatini xolis qilmogʻi darkor. Marosimni oʻzini koʻz-koʻz qilish uchun yoki boshqalardan uyalganidan oʻtkazishi yoki shunday maqsadlar bilan Mavlidga borishi notoʻgʻridir.
- Mavlidga Alloh taolodan savob umidida oʻtganlar haqqiga xatmi Qurʼon bagʻishlash va Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning haqlariga salavotu salomlar aytish uchun borish.
- Marosimda dabdababozlikka va isrofga yoʻl qoʻyilmaslik.
- Mavlid marosimini oʻtkazishdan (yoki unga borishdan) maqsad Rasulu akram sollallohu alayhi vasallamning siyratlaridan xabardor boʻlish hamda buni boshqalarga ham soʻzlab berish va qalbimizda u zotga mehr-muhabbatni yanada ziyoda qilish.
- Marosimda yoshi ulugʻlarga alohida hurmat-ehtirom koʻrsatish.
- Boshqalarga xalaqit beradigan, chalgʻitadigan ishlarni qilmaslik, zarurat boʻlmasa, soʻzlamasdan jim turish.
- Marosimda Alloh taolo va Uning Rasuli aytganidek u zot haqlariga duoi salavotlar aytishga koʻproq eʼtibor berish.
Mana shunday dalillar va shariat ilmi peshvolari boʻlgan imom-xatiblarimiz tavsiyalariga tayanib, bajarayotgan har bir ibodatimiz va marosimlarimizni ahli ilm bilan maslahat qilgan holda bajarsak, albatta amallarimiz chiroyli va maqbul boʻlgʻusidir.