Ikkinchi sharq renessans davrining eng mashhur qomusiy olimlaridan bir sifatida Saʼduddin Taftazoniy eʼtirof etilgan. Allomaning toʻliq ismi Masʼud ibn al-Qozi Faxruddin Umar ibn al-Mavlo al-Azim Burhonuddin Abdulloh ibn al-Imom ar-Rabboniy Shams al-Haqq, ad-Din al-Qoriy as-Samarqandiy al-Haraviy at-Taftazoniy al-Xurosoniy al-Hanafiy(722-792/1322-1390) boʻlib, u Xurosonning Naso shahriga yaqin Taftazon qishlogʻida tugʻilgan.
Saʼduddin Taftazoniy Sohibqiron Amir Temurning alohida taklifi bilan Samarqandda ijod qilgan. U arab, eski turkiy va fors tillarida ilmiy faoliyat yuritgan boʻlib, tafsir, fiqh, kalom, nahv, balogʻat, mantiq va boshqa sohalarda ellikdan ortiq asar tasnif qilgan hamda insonlar uning ilmiy merosidan manfaat topgan olimlar sirasidan hisoblanadi[1]. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, alloma oʻzining shoh asarlarini Movarounnahr shaharlarida bitgan. Xususan, uning qalamiga mansub asarlarni ilm sohalariga va ularning yozilgan yiliga koʻra, quyidagicha tasniflash mumkin:
Aqoid ilmiga oid:
- Sharh al-Aqoid an-nasafiya. Bu asar 768/1367 yili Xorazmda yozib tugatilgan.
- Kitob al-Maqosid. Uning toʻliq nomi “Maqosid at-tolibin fi ilm usul ad-din” boʻlib, 786/1384 yili Samarqandda yozib tugatilgan.
- Sharh al-Maqosid. Bu asar 786/1384 yili Samarqandda yozib tugatilgan boʻlib, u “Kitob al-Maqosid” asarining sharhi hisoblanadi.
- Gʻoyatu tahzib al-kalom fi tahrir al-mantiq va-l-kalom. Asar 789/1387 yili Samarqandda yozilgan. Asar tarkibiy jihatdan ikki qismdan iborat boʻlib, uning birinchi qismi mantiq va ikkinchi qismi kalom ilmiga bagʻishlangan.
- Risola fi tahqiq al-imon. Ushbu risola va “Sharh al-Maqosid”dan Abdulhakim ibn Shamsuddin Muhammad Siyalkutiy Hindiy Hanafiy Saʼduddin Taftazoniyning “al-Mutavval”ga bitgan hoshiyasida iqtibos keltirib oʻtgan.
- Ar-Risola fi al-kalom. Saʼduddin Taftazoniy ushbu risolasini Xorazmda 768/1367 yili yozgan boʻlib, lekin tadqiqot jarayonida uning qoʻlyozmasi va nashri topilmadi.
Usul al-fiqh ilmiga oid:
- Talvih fi kashf haqoiq at-tanqih. Ushbu asar Saʼduddin Taftazoniy tomonidan Ubaydulloh ibn Masʼud ibn Toj ash-Sharia (vaf. 747/1346) ning “at-Tavzih fi hall gʻavomiz at-tanqih” nomli asariga yozilgan mashhur sharhdir.
- Hoshiya alo Sharh al-Muxtasar alo Kitob Muntaho as-suʼl val-amal fi ilmay al-usul val-jadal. Ushbu asar 770/1368 yil Xorazmda yozilgan.
- Sharh al-Varoqot fi ucul al-fiqh. Ushbu asar “Imom al-Haromayn” nomi bilan tanilgan shofiiy mazhabi olimi Ziyouddin Abulmaoliy Abdulmalik ibn Abdulloh ibn Yusuf ibn Muhammad Juvayniy Nasoburiy (419-478/1028-1078) ning asariga yozilgan sharh boʻlib, uning qoʻlyozma nusxasi saqlanib qolgan boʻlsa-da, bugungi kungacha nashr etilmagan.
- Risola al-hudud. Fiqhiy atamalar izohiga oid ushbu asar “Risola fi hudud al-alfoz al-mustaʼmala fi usul al-fiqh” nomi bilan maʼlum.
Furuʼ al-fiqh ilmiga oid:
- Al-Fatovo al-hanafiya. Bu asarida alloma Saʼduddin Taftazoniy Hirotda qozi boʻlgan paytda hanafiy mazhabi boʻyicha chiqargan fatvolarini jamlagan va oʻsha yerda 759/1358 yili yoza boshlagan.
- Sharh al-Faroiz as-sirojiya. U Muhammad ibn Mahmud Sajovandiyning (vaf. tax. 600/1204) “Faroiz as-Sirojiya” asariga yozilgan sharh.
- Al-Miftoh fi furuʼ al-fiqh. Bu asar shofiiy mazhabi furuʼ al-fiqhiga oid kitob boʻlib, 782/1380 (yoki 791/1389 yili) yili Samarqandda yozilgan. Lekin u bugungi kungacha topilmagan.
- Sharh Fiqh al-Kaydoniy. Mazkur asar Lutfulloh Nasafiyning (vaf. 750/1349) “Fiqh al-Kaydoniy” asariga yozilgan sharh. U nashr etilgan.
- Kitob al-Ihzor. Taftazoniy mazkur asarini Gʻijduvon viloyatida 753/1352 yili yozgan. Ammo, asar bugungi kungacha topilmagan.
- Risola al-ikroh. Allomaning bu kitobi 778/1376 yilda yozilgan.
Hadis ilmiga oid:
- Arbaun fi al-hadis. Bu allomaning mavzulashtirilgan “qirq” hadisga bagʻishlangan asari boʻlib, u bugungi kungacha topilmagan.
- Sharh al-ahodis al-arbain an-navaviya. Ushbu asar bir necha bor nashr qilingan.
- Al-Muʼtaqodot. Asar hali hanuz nashr etilmagan boʻlsa-da, uning qoʻlyozma nusxalari mavjud.
Tafsir ilmiga oid:
- Talxis al-Kashshof. Bu asar Abul-Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Umar Xorazmiy Zamaxshariy (467-538/1074-1143) ning “Kashshof” asariga yozilgan hoshiya.
- Kashf al-asror va udda al-abror fi tafsir al-Qurʼon. Ushbu asar Qurʼoni karimga yozilgan forscha tafsir boʻlib, uning qoʻlyozma nusxalari bugungi kungacha saqlanib qolgan.
Tajvid ilmiga oid:
- 1. Risolati tajvid. Ushbu asar fors tilida.
Siyratga oid:
Sharh al-Kavakib ad-durriya fi madh xoyr al-bariyya. Bu asar Imom Muhammad Saʼid Busiriy (vaf. 696/1297) ning “Qasidat al-Burda” nomi bilan mashhur asariga yozilgan sharh hisoblanadi.
Arab tili grammatikasiga oid:
- Sharh at-Tasrif al-Izziy. Ushbu asar Azduddin Abdulvahhob Ibrohim Zanjoniyning “at-Tasrif” asariga yozilgan sharh boʻlib, alloma uni oʻn olti yoshida 738/1338 yili yozib tugatgan.
- Irshod al-Hodiy. Bu asar Xorazmda 778/1376-1377 yili yozib tugatilgan.
- At-Tarkib al-jalil fi ilm an-nahv. Bu asar eʼrobning barcha qoidalarini oʻzida jamlagan.
- Al-Isbah. Bu asar Nosir ibn Abdussayyid Mutarriziy (vaf. 610/1213) ning “al-Misbah” nomli asari muqaddimasiga yozilgan sharh.
- Qovanin as-sarf.
- Hall al-mavoqid fi Sharh al-Qovaid li Ibn Hishom al-Ansoriy.
- Sharh Hikmat al-Ishrof.
Lugʻatshunoslikka oid:
- Niam as-savobigʻ fi sharh al-kalim an-navobigʻ. Bu asar Abul-Qosim Mahmud ibn Umar Zamaxshariy (467-538/1074-1143) ning “Kitab al-kalim an-navabigʻ” asari sharhi boʻlib, u 755/1354 yili yozilgan.
- Muslihuddin Abu Muhammad Abdulloh ibn Mushrifuddin Saʼdiy Sheroziy (vaf. 691/1292) ning “Boʻston” (“Saʼdiynoma”, 655/1257 yil Dimashq) nomli zarbulmasal janrida yozilgan mashhur devonining turkiy tildagi nasriy tarjimasi boʻlib, u 755/1354 yili yozilgan.
Balogʻat ilmiga oid:
- Al-Mutavval. Bu asar Shayx Jaloluddin ibn Abdurahmon Qazviniy Shofiiyning (666-739/1268-1338) “Talxis al-miftoh fi al-maoniy va al-bayon” asarining sharhi boʻlib, u Jurjoniya shahrida 748/1347 yili yozilgan.
- Muxtasar al-maoniy. Bu sharh “Talxis al-miftoh” asariga bitilgan ikkinchi mashhur sharh boʻlib, u 755-756/1355-1356 yillar orasida Gʻijduvonda yozilgan.
- Sharh miftoh al-ulum. Ushbu asar alloma Sirojuddin Abu Yaʼqub Yusuf ibn Abu Bakr Sakkokiy (vaf. 626/1229) qalamiga mansub “Miftoh al-ulum” risolasiga 787/1385 yili Samarqandda yozilgan sharhdir.
- Sharh al-qism as-solis min al-miftoh. Bu risola 787/1385 yili Samarqandda yozib tugatilgan.
Mantiq ilmiga oid:
- Sharh ar-risola ash-shamsiya. Bu asar Najmuddin Ali ibn Umar Qazviniy Kotibiy (vaf. 693/1294) ning risolasiga Jom viloyatida 753/1352 yili yozilgan sharhdir.
- Gʻoyatu tahzib al-kalom fi tahrir al-mantiq va-l-kalom. Asar 789/1387 yili Samarqandda yozilgan.
Arifmetika va geometriyaga oid:
- Sharh ar-risola ash-shamsiya fi al-hisob.
- Risola fi zavoyo al-musallas. Asarning qoʻlyozma nusxalari bugungi kungacha yetib kelgan
- Tasoviy az-zavoya. Asarning qoʻlyozma nusxalari bugungi kungacha yetib kelgan.
Xulosa oʻrnida shuni aytish kerakki, Saʼduddin Taftazoniy oʻz davrining deyarli barcha fan sohalariga oid qimmatli asarlar yozib qoldirgan hanafiy-moturidiy olimidir. Xususan, ushbu tadqiqot jarayonida allomaning jami 41 ta asari borligi aniqlanib, ular 12 ta fan sohasiga tasniflandi. Ulardan yigirmatasi nashr etilgan boʻlsa, sakkiztasining qoʻlyozma nusxalari topildi va oʻntasi aniqlanmadi. Lekin bu allomaning ulardan boshqa kitoblari yoʻq degan xulosani bermaydi. Shuningdek, uning “Sharh aqoid an-nasafiya”, “Gʻoyatu tahzib al-kalom”, “Sharh ar-risola ash-shamsiya” va “Al-Mutavval” kabi asarlari Movarounnahrdagi va Usmonli turk imperiyasi hududidagi madrasalarda XX asrning birinchi choragigacha hamda butun dunyoga mashhur Dor al-ulum Deovband kabi xalqaro taʼlim dargohlarida esa bugungi kungacha asosiy darslik, qoʻllanma sifatida foydalanilgan va foydalanib kelinmoqda. Qolaversa, ularning bir nechtasi ingliz, turk, urdu kabi tillarga ham tarjima qilingan.