Home / YANGILIKLAR / DINIY SOHA RAHBARLARI SAMARQAND IMOM-XATIBLARI BILAN UCHRASHUV OʻTKAZDI

DINIY SOHA RAHBARLARI SAMARQAND IMOM-XATIBLARI BILAN UCHRASHUV OʻTKAZDI

Bugun, 27 iyul kuni Samarqand shahridagi “Yoshlar markazi” binosida Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboyev, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari, Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari Bahodir Qodirov hamda viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov qatnashdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Diniy soha rahbarlari muhtaram Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda barcha jabhalarda boʻlayotgani kabi diniy-maʼrifiy sohada ham koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani, xususan, diniy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish, tabarruk ziyoratgoh va qadamjolar, koʻhna masjid va madrasalarni obod qilish, buyuk ajdodlarimizning bebaho maʼnaviy-maʼrifiy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib etish borasidagi ishlar xalqimiz va dunyo jamoatchiligi tomonidan eʼtirof etilayotgani aytib oʻtildi.

Yigʻilish davomida ayni kunlarda Samarqand viloyatida Toshkentdan tashrif buyurgan va viloyatda faoliyat yuritayotgan voiz ulamolar olis va chekka hududlardagi masjidlarda maʼrifiy suhbatlar oʻtkazilayotgani, shuningdek, aholi vakillari bilan yuzma-yuz muloqotlar tashkil etilayotgani, ularda hudud ahlini yurtimizda boʻlayotgan oʻzgarishlar mazmun-mohiyati haqida xabardor qilish bilan bir qatorda, ularning dardu tashvishlariga koʻmaklashish, fikr-mulohazalarini tinglash va diniy sohaga tegishli muammolarini joyida oʻrganib, bartaraf etish ham koʻzda tutilgani bayon qilindi.

Shuningdek, tadbirda viloyatdagi masjid va mahallalarda oʻtkazilayotgan suhbatlarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirish, yoshlarni yot gʻoyalardan asrashga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.

Yigʻilish soʻngida imom-xatiblar faoliyatini yanada yaxshilash, aholimizning diniy savodxonligini oshirish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Manba: muslim.uz

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …