Home / MAQOLALAR / SAMARQAND HADIS VA KALOM ILMI MAKTABLARINING IJTIMOIY AHAMIYATI

SAMARQAND HADIS VA KALOM ILMI MAKTABLARINING IJTIMOIY AHAMIYATI

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 2017 yil 15 iyunda Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “Ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi videoselektor yigʻilishida bergan tavsiya va koʻrsatmalari asosida Samarqandda Hadis va Kalom ilmi maktablari tashkil etildi. Bu ilm dargohlarida koʻplab talabalar taʼlim olib, aqida va hadisga oid asarlarni puxta oʻrganmoqda va xalqimiz maʼnaviyatini oshirishga katta hissa qoʻshmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan tashkil qilingan bu maktablar uzoq oʻtmishning bugungi kunimizdagi davomi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki, bu maktablar buyuk ajdodlarimiz Imom Buxoriy va Imom Moturidiy asos solgan maktablarning bevosita davomchisidir. Moturidiylik kalom maktabi nafaqat Movarounnahr diyori, balki butun dunyo musulmonlari eʼtiqod qiladigan taʼlimotga asos boʻldi.

Prezidentimiz bildirgan taklifdan kelib chiqib, 2017 yil 8 noyabrda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raislarining bevosita ishtiroki va koʻrsatmasiga binoan, Samarqandda Kalom ilmi va Hadis ilmi maktabi oʻz faoliyatini boshladi.

2017-2018 oʻquv yilida bu maktablarga Samarqand viloyatidan imtihon asosida tanlab olingan imom xatiblar, noib imomlar va erkin tinglovchilar jalb qilindi. Ilmiy maktablarda dars mashgʻulotlarini olib borish va tinglovchilarga sof eʼtiqodni singdirish maqsadida Kalom ilmi maktabiga 6 nafar, Hadis ilmi maktabiga 5 nafar tajribali oʻqituvchi-mudarrislar tanlab olinib, OʻMI buyrugʻi asosida dars mashgʻulotlarini olib bordi. Tinglovchilar matn oʻqish, matnni yod olish, ilmiy mulohaza qilish, sof aqida asosida targʻibot ishlarini amalga oshirish va ilmiy-tadqiqot ishlari boʻyicha yetarli bilim va koʻnikmaga ega boʻldi.

Maktablarda aqida ilmiga oid Imom Aʼzamning “Fiqhul akbar”, Imom Nasafiyning “Aqidatun Nasafiyya”, Imom Tahoviyning “Aqidatut Tahoviyya”, Sirojiddin Oʻshiyning “Badʼul amoliy”, Mullo Aliy Qoriyning “Sharhul fiqhil akbar”, Saʼduddin Taftazoniyning “Sharhu aqoidin Nasafiyya”, Shujoiddin Turkistoniyning “Sharhu aqidatit Tahoviyya”, Mullo Aliy Qoriyning “Zavʼul maoliy”, Imom Moturudiyning “Kitobut tavhid” asarlari, hadisga oid Imom Buxoriyning “Adabul mufrad” va “Sahihul Buxoriy” asarlari oʻqitilmoqda. Shu bilan bir qatorda faroiz ilmidan “Sirojiyya”, fiqh ilmidan “Hidoya”, usulul fiqh ilmidan “Usulu Shoshiy” asarlaridan taʼlim berilmoqda.

Dars berish uslubi birinchi kitob toʻliq oʻqitilgandan soʻng ikkinchi kitobni boshlash tarzida davom etmoqda. Baʼzi matnlar oʻquvchilar tomonidan toʻliq yozib borilib, ularning xattotlik malakalari ham oshirilmoqda.

Maktab oʻqituvchi va oʻquvchilari dars mashgʻulotlari bilan birga ilmiy-tadqiqot, tarjima ishi va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni ham amalga oshirmoqda.

Kalom ilmi maktabida 2018-2019 oʻquv yilida 20 nafar tinglovchi taʼlim oldi. Shundan 13 nafari oliy va oʻrta diniy taʼlim olganlar va 7 nafari erkin tinglovchi sifatida darslarda toʻliq ishtirok etdi. Maktabda olib borilgan dars mashgʻulotlari anʼanaviy Sharqona “Ustoz-shogird”lik uslubi asosida oʻtkazildi va bu uslub oʻz samarasini koʻrsatdi.

Hadis ilmi maktabida 2018-2019 oʻquv yilida 20 nafar tinglovchi taʼlim oldi. Shundan 1 nafari magistr, 11 nafari oliy va oʻrta diniy taʼlim olganlar va 8 nafari erkin tinglovchi sifatida darslarda toʻliq ishtirok etdi. Tinglovchilar uchun darslik kitoblarni OʻMI toʻliq taʼminladi. Hozirgi paytda bu maktablarda 30ga yaqin tinglovchilar oʻz bilim va malakalarini oshirib kelmoqda.

Maʼlumki, hamma davrda ham islomning sof gʻoyalariga qarama-qarshi fikrlarni ilgari surgan toifalar faoliyat yuritgan. Kalom va hadis ilmi maktabi aksariyat aholisi musulmon boʻlgan xalqimizni ana shunday yot gʻoyalardan himoyalashga xizmat qiladi. Chunki, koʻpchilik asosan ilmsizlik oqibatida adashadi.

Kalom ilmi maktabida oʻqitilayotgan kitoblarning orasida Imom Moturidiyning “Kitobut tavhid” asari ham darslik sifatida oʻqitilayotgani hozirgi ixtiloflarga barham berishga xizmat qilishiga shubha yoʻq. Oʻshanday qiyin zamonlarda odamlarni birlashtirib, ular orasidagi ixtiloflarni sezilarli darajada kamaytira olgan bu asar hozir ham oʻz kuchini yoʻqotgan emas. Aksincha, kundan-kunga oʻz mavqeiga ega boʻlmoqda. Chunki, undagi maʼlumotlar kuchli dalillar bilan isbotlab berilgan boʻlib, bu dalillardan xabardor boʻlgan har bir kishi adashgan toifalar aytayotgan gaplarning xato ekanini anglab yetadi.

Misol tariqasida aytadigan boʻlsak, alloma “Kitobut tavhid” asarida ohod hadislarga ijtihodsiz amal qilish xato ekanini bayon qilib bunday deydi:

“Ohod xabar – insonda ilm sobit qilish va rahmat Nabiysidan boʻlgan haq ekaniga guvohlik berish borasida mutavotir xabar yetgan darajaga yetmaydi. Shunday ekan, unga amal qilish yoki amal qilmaslik ijtihod orqali va roviylarning holatlariga, odamlar ochiq amal qilgan ishlarda va insonlar tomonidan ihota qilingan xabarlarda (yaʼni, mutavotir va mashhur hadislarda) joizligiga ijtihod qilish orqali vojib boʻladi. Shundan soʻng, xato boʻlishi ehtimoli boʻlsa ham gʻolib zann (mujtahidning toʻgʻri deb bilgan fikri)ga koʻra ikki vajhdan biriga amal qilinadi. Zero, koʻpincha ilm yoʻllarining eng oliysi boʻlgan his (koʻrish, eshitish, taʼm bilish, hid bilish, teri orqali sezish) ilmida ham tuygʻularning zaifligi yoki his qilinuvchi narsaning uzoqligi yoki koʻz ilgʻamas darajada boʻlgani sababli, inson gʻolib zannga koʻra amal qiladi. Demak, ohod xabarga amal qilish yoki qilmaslik vajhini oʻrganish jarayonida bu xabar toʻgʻrisida qamrovli ilm hosil qilish mumkin emas. Mujtahid ijtihodsiz qaysi vajhga moyil boʻlsa ham baribir xabarning haqqidan yuz oʻgirgan boʻladi. Shuning uchun, u ikki vajhda (amal qilish yoki qilmaslikda) ham ijtihod qilishi lozim boʻladi” [2:71].

Imom Moturudiy aynan hozirgi yangi chiqqan toifalarning: “Biz hadislarning zohiriga koʻra amal qilamiz”, degan soʻziga raddiya berib, ohod hadislarga toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilish hadisning haqqidan yuz oʻgirish boʻlib qolishi haqida soʻz yuritmoqda. Chunki, ohod hadis insonda zarracha shubha qoldirmaydigan qatʼiy ilmni paydo qilish borasida mutavotir hadis yetgan darajaga yetmaydi. Qolaversa, ohod hadislar baʼzan bir-biriga xilof tarzda keladi. Shuning uchun mujtahid ohod hadislarni yaxshilab oʻrganib,  ularni qatʼiy dalillar (muhkam oyat va mutavotir hadislar)ga qiyoslab, soʻng amal qilish yoki qilmaslikka fatvo beradi. Mujtahid xato qilgan boʻlishi ham mumkin. Chunki, ohod hadislarni oʻrganish jarayonida keng qamrovli maʼlumot hosil qilishning iloji yoʻq. Shuning uchun, mujtahid gʻolib zann bilan fatvo beradi. Mujtahid toʻgʻri topgan, ikki ajr xato qilgan boʻlsa, bir ajr olgani kabi unga ergashganlar ham har ikki holatda ajr olaveradi. Ammo, hadis ilmini chuqur bilmagan odamning oldidan chiqqan barcha hadislarning zohiriga qarab amal qilib ketaversa, hadislarga yengil yondashgani uchun gunohkor boʻlishi bilan birga odamlarning orasida ixtilof koʻpayib ketishiga sababchi boʻlib qoladi.

Imom Moturidiy Allohga makon bor deydiganlarga raddiya berib bunday deydi: “Musulmonlar Allohga makon isbot qilish borasida ixtilof qildi. Baʼzilar: “Alloh Arshning ustida qaror topgan”, dedi. Ularning nazdida Arsh farishtalar koʻtarib turadigan taxtdir. Ular oʻzlarining bu soʻzlariga Alloh taoloning: “Rahmon Arshga istivo qildi”, (Toho surasi, 5-oyat) oyatini va odamlar qoʻllarini osmonga koʻtarib duo qilishlari va yaxshiliklar osmondan kelishini umid qilishini dalil qiladi. Bundan tashqari, ular oʻz soʻziga Alloh taoloning: “Soʻng Arshga istivo qildi” (Aʼrof surasi, 54-oyat) oyatini Alloh avval Arshda boʻlmay, soʻng Arshda qaror topganiga dalil qildi.

Baʼzilar: “Alloh barcha makonda”, dedi. Ular oʻzlarining bu soʻzlariga Alloh taoloning: “Va U osmonda iloh va Yerda iloh” (Zuxruf surasi, 84-oyat) va “Biz unga (insonga) jon tomiridan koʻra yaqinroq” (Qof surasi, 16-oyat) oyatlarini dalil qildi. Bundan tashqari, ular: “Allohni bitta makonga nisbat berish Uni chegaralashni keltirib chiqaradi. Chunki, Allohga bir makon nisbat berilsa, u makon Undan kattaroq boʻlishi va u makonning chegarasi Allohning chegarasi boʻlishi lozim boʻladi. Har bir chegarali narsa esa, oʻzidan kattaroq narsadan kichikroq boʻladi. Bu ayb va nuqsondir. Qolaversa, Alloh makonda degan soʻzning zamirida U makonga muhtoj degan maʼno yotadi (Chunki, biz guvoh boʻlgan makonli narsalarning barchasi makonsiz tura olmaydi). Rabbimiz bundan pok va oliy boʻlgan zotdir”, dedi.

Baʼzilar: “Allohni bitta yoki barcha makon bilan vasflaganda (yaʼni, Arshning Rabbi, Osmonlar va Yerning Rabbi, Olamlar Rabbi kabi soʻzlarni aytganda), Alloh barcha makonni saqlab, qoim qilib turuvchi, degan maʼnonigina nazarda tutish durust boʻladi”, dedi.

(Abu Mansur Moturidiy aytadi): “Osmonlar va Yerning mulki Unikidir” (Baqara surasi, 107-oyat), deb borliqning hammasini Allohga nisbat berilishi yoki “Osmonlar va Yerning Rabbi” (Maryam surasi, 65-oyat), “Hamd olamlarning Rabbi uchundir” (Fotiha surasi, 1-oyat), deb Alloh taoloni borliqning hammasiga nisbat berilishi Alloh taoloni buyuklik va oliylik bilan vasflash maʼnosida keladi. “Alloh albatta, taqvodorlar bilan birga” (Nahl surasi, 128-oyat), “Va albatta, masjidlar Alloh uchundir” (Jin surasi, 18-oyat), deb xos narsalarni Allohga nisbat berilishi ularni oʻz jinsdoshlariga nisbatan afzallik va ulugʻlik bilan vasflash maʼnosida keladi. Bulardan maxluqotni birini ikkinchisiga nisbat berilganda tushuniladigan maʼno tushunilmaydi. Alloh taolo makon mavjud boʻlishidan oldin ham bor edi. Barcha makon yoʻq boʻlib ketib, U zot esa makondan oldin boʻlganidek boqiy qolishi joiz ishdir. Shunday ekan, U zot makon mavjud boʻlishidan oldin boʻlganidek bordir. Rabbimiz oʻzgarish, koʻchish va yoʻq boʻlishdan oliy boʻlgan Zotdir. Chunki, bular hodislik belgilari va foniylik dalolatlari boʻlib, olamning hodis ekani va foniy boʻlishi bu belgi va dalolatlar orqali bilingandir.

Bu masalada quyidagi aslga tobe boʻlinadi: “Alloh taolo: “Hech narsa Unga oʻxshash emas” (Shuro surasi, 11-oyat), deb maxluqotlardan birortasi Unga oʻxshash boʻlishini inkor qildi. Yana Alloh taolo: “Rahmon Arshga istivo qildi” (Toho surasi, 5-oyat), deb Arshni Oʻziga nisbat berdi. Biz bu ikki oyatni jamlab, Alloh taoloni maxluqotlarning sifatlari bilan sifatlanishdan poklagan holda (yaʼni, Alloh taoloning istivosi maxluqotlarning istivosiga oʻxshamaydi, deb eʼtiqod qilgan holda va istivoning maʼnosini bilish bilan shugʻullanmagan holda) Arshga istivo qilganini tasdiq etishimiz vojib boʻladi””.

Bu soʻzlar bilan Imom Moturidiy oyatlar orasida ziddiyat yoʻqligi va ularni qanday muvofiqlashtirish kerakligini koʻrsatib bergan.

Taʼkidlash lozimki, Imom Moturidiyning bu asari barcha zamonda adashgan toifalarga raddiya berishda asosiy qurol boʻlib qolaveradi. Mana shunday moʻtabar asarlar Kalom ilmi maktabida oʻqitilayotgani hozirgi kunda uchrayotgan buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi turishda va ularga raddiya berishda eng samarali yoʻl hisoblanadi.

Imom Moturidiyning asari haqida gapirar ekanmiz, muallifning qanday buyuk inson boʻlgani haqida soʻz ochmasdan ilojimiz yoʻq.

“Miftahus saodat va misbahus siyodat” kitobining muallifi Toshkoʻprizoda u haqida shunday deydi: “Ahli sunna va jamoaning kalom ilmidagi raisi ikki kishidir. Ulardan biri hanafiy, ikkinchisi shofeʼiy. Hanafiysi ‒ Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy ‒ imomul huda” [5:68].

Taniqli muarrix Kafaviy va boshqa qator mualliflarning yozishicha, Imom Moturidiy oʻz zamonasidayoq “Imomul huda” (“Hidoyatga boshlovchi imom”), “Rofiʼu aʼlomi ahlis sunna val jamoa” (“Ahli sunna val jamoaning bayrogʻini baland koʻtaruvchisi”), “Imomul mutakkallimiyn” (“Mutakallimlarning imomi”), “Musahhihu aqoidil muslimiyn” (“ Musulmonlarning aqidalarini tuzatuvchi”), “Shayx” va “Imom” kabi yuksak nomlarga sazovor boʻlgan alloma sifatida tan olingan.

Alloma Abu Nasr Iyoziy, Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Nusayr ibn Yahyo Balxiy, Muhammad ibn Muqotil Roziy va Muhammad ibn Fazl kabi ustozlardan taʼlim olgan. Ayniqsa, uning ilm sohasida yuksalishida Samarqand hanafiy maktabining asoschilaridan Abu Bakr Juzjoniyning oʻrni katta.

Manbalarda “X-XII asrlarda Samarqanddagi yirik ilmiy markaz “Juzjoniya” deb nomlangani aytilgan. Aynan uning “Juzjoniya” deb nomlanishi Samarqandga birinchi boʻlib hanafiylik mazhabini olib kirgan Abu Bakr Sulaymon Juzjoniy (vaf. IX asr) nomi bilan bogʻliq. Koʻplab hanafiy tabaqotlarida Samarqand ulamolarining silsilasi Abu Bakr Sulaymon Juzjoniyga borib taqaladi” [3:100], deb keltirilgan.

Moturidiyning shogirdlariga kelsak, ular koʻpchilikni tashkil etgan. Alloma “Juzjoniya” (keyinchalik “Iyoziya” deb nomlangan) madrasasini boshqargan vaqtda minglab talabalarga dars bergan va oʻsha davrdagi koʻplab olimlar undan taʼlim olgan.

Aynan mana shu maktab Moturidiyya kalom maktabining asosi boʻlib xizmat qilgan. Imom Moturidiy shu maktabda oʻz gʻoyalarini ilgari surib, islomning asl mohiyatini qamrab olgan moturidiylik aqidaviy mazhabini tashkil etgan.

Keyingi davrda Moturidiy taʼlimotini batafsil oʻrgangan va bu taʼlimotning mohiyatini chuqur bilgan Abul Yusr Pazdaviy (vaf. 1099 y.), Abul Muin Nasafiy (vaf. 1114 y.), Saffor Buxoriy (vaf. 1134 y.), Abu Hafs Nasafiy (vaf. 1142 y.), Ali ibn Usmon Oʻshiy (vaf. 1173 y.), Nuriddin Sobuniy (vaf. 1184 y.) va Umar Hanafiy (vaf. 1200 y.) kabi olimlar moturidiylik taʼlimotini rivojlantirish orqali bu maktabni davom ettirdi [1:466].

Imom Moturidiy hanafiylik taʼlimotiga suyangan holda davr talabidan kelib chiqib, uni rivojlantirdi va islom dinining eʼtiqodiy asoslarini qayta ishlab chiqdi. Bu bilan u Movarounnahr islom ilohiyot maktabining rivojlanishiga katta hissa qoʻshdi.

Allomaning qarashlari va taʼlimoti “Kitobut tavhid” va “Taʼvilotul Qurʼon” asarida bayon etilgan.

Imom Moturidiy ilgari surgan aqida naql (Qurʼon va hadis) va aql asosida qurilgan boʻlib, islom taʼlimotida ilk bor “bilish nazariyasi”ni ilmiy asoslab bergan.

Abu Mansur Moturidiy oʻzining yuksak ilmiy faoliyati bilan butun Islom dunyosida alohida eʼtiborga sazovor boʻldi. Hozirgi kunda dunyo musulmonlarining yarmidan koʻpi u asos solgan Moturidiya aqidaviy mazhabiga eʼtiqod qiladi.

Imom Moturidiyning vafoti toʻgʻrisida: “U Abul Hasan Ashʼariy vafotidan toʻqqiz yil oʻtib, 333/944 yilda vafot etgan” [7:127], deb aytiladi. Haqiqatda ham Imom Moturidiy 944 yili Samarqandda vafot etgan va shahar chekkasidagi Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.

Imom Moturidiy yashagan davr islom olamida turli oʻzgarishlar avj olgan, ayniqsa turli firqalar tomonidan aqidaviy buzilishlar yuzaga kelgan paytga toʻgʻri keldi. Shunday sharoitda u Ahli sunna va jamoa eʼtiqodini himoya qilib xavorij, rofiza, karromiyya, jahmiyya, mushabbiha va boshqa botil aqidalarning daʼvolariga raddiyalar berdi va islomning asl mohiyatini ochib berdi.

Hozirgi kunda tashkil qilingan Kalom ilmi va Hadis ilmi maktabi aynan Imom Moturidiy va Imom Buxoriy asos solgan maktablarning davomchisi oʻlaroq faoliyat olib bormoqda. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad yurtimizdan oʻz ajdodlariga munosib boʻlgan buyuk alloma va mutafakkirlarning yetishib chiqishidir. Bir marta bunday buyuk zotlarni yetishtirgan yurt ikkinchi marta yetishtirishi yanada osonroq boʻladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Büyük türk bilgini. Imâm Mâtürîdî ve Mâtürîdîlik. Milletlerarasıtartışmalı İlmî Toplantı. Dr. Shovosil Ziyodov. Mâtürîdiyye doktrininin özbekistanʼda araştirilmasi: problemler ve çözümler. İstanbul-2012.
  2. Abu Mansur Moturidiy. Kitobut tavhid. Bakr Toʻpol oʻgʻli tadqiqi. – Bayrut: “Doru sodr”.
  3. L.Asrorova. Abu Hafs Kabir Buxoriy va hanafiy fiqhi. ‒ T.: Toshkent islom universiteti, 2014.
  4. O.A.Qoriyev. Fargʻona fiqh maktabi va Burhoniddin al-Margʻinoniy. ‒ T.: Fan, 2009.
  5. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Aqoid ilmi va unga bogʻliq masalalar. ‒ T.: SHARQ, 2011.
  6. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. – Toshkent: “Hilol nashr”, 2018.
  7. Muhammad ibn Abdurrahmon Xomis. Usuluddin inda Imom Abu Hanifa. ‒J.1. – Saudiya Arabistoni. “Dorus Somiiy”.
Obidjon XURSANDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …