“Dunyo ogʻir va sinovli davrni boshdan kechirayotgan bir paytda Oʻzbekistonda tarixiy-madaniy meros asosida barpo etilayotgan tamaddun poydevori butun insoniyat uchun umid baxsh etadi. Dunyoning deyarli barcha hududlaridagi olimlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ushbu madaniy merosni sinchiklab oʻrganib, uning ulkan salohiyatini eʼtirof etmoqda”, deb yozadi maqola muallifi, Anqara “Sohibqiron” strategik tadqiqotlar markazining rahbari Mesut Emre Karakoʻse.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yuksak marralar sari shaxdam qadamlar bilan odimlamoqda. Mamlakat rahbari tomonidan ilgari surilgan “Uchinchi Renessans” gʻoyasida ifodalangan islohotlar siyosati butun dunyoning diqqat markazidan joy olgan.
Oʻzbekiston – jahon sivilizatsiyasining shakllanishiga munosib hissa qoʻshgan, boy siyosiy-iqtisodiy va madaniy merosga ega boʻlgan mamlakatdir. Ilk davrlardanoq mamlakat hududida tashkil topgan davlatlar va yetishib chiqqan buyuk shaxslar, ayniqsa, IX-XII va XIV-XV asrlarda choʻqqiga koʻtarilgan ikki buyuk Uygʻonish harakatini yuzaga keltirgani barobarida oydinlik va maʼrifatparvarlik timsoli boʻlib tarixda qoldi.
Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Fargʻoniy, Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi kabi aniq va tabiiy fanlarning nufuzli namoyandalari qatorida Zamaxshariy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ahmad Yassaviy, Imom Moturidiy, Abu Muʼin Nasafiy singari iymon, hikmat va madaniyat dunyosini oziqlantirgan buyuk alloma va mutafakkirlar ham shu muborak zamindan yetishib chiqqani ayni haqiqatdir.
Bugun barcha oʻzbekistonliklar qalbidan joy olgan va umummilliy harakatga aylangan “Uchinchi Renessans” gʻoyasi zamirida yuqorida qayd etilgan Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarini shakllantirgan buyuk ajdodlar va donishmandlarning azaliy orzu-umidlari mujassamdir. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va Termiz kabi shaharlarda ildiz otgan Uygʻonish davrlariga oid tarixiy asoslarni sinchiklab oʻrganish va tadqiq etish davr taqozosidir.
“Turkiy dunyo davlatlari, Turkiy davlatlar tashkiloti, TURKSOY, Turkiy Akademiya kabi muassasalar Oʻzbekistonning tegishli tuzilmalari bilan keng hamkorlik qilib, “Uchinchi Renessans” davri qarashlarini rivojlantirish va mustahkamlashga oʻz hissalarini qoʻshishlari ham qarz, ham farz. Chunki jahon ilm-fani va tamadduniga benazir hissa qoʻshgan buyuk mutafakkirlarning ilmiy asarlari nafaqat vatanparvar, mard, jasur, tinchlikparvar va mehnatsevar Oʻzbekiston xalqi, balki butun turkiy dunyo uchun faxr va sharaf manbaidir”, deya taʼkidlaydi muallif.
Shuningdek, maqolada joriy yilning mart oyida mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi nishonlangan bir muhitda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifiga alohida eʼtibor qaratilgan.
“Tashrif doirasidagi muloqotlarda ikki davlat rahbarlarining oʻzaro hurmat, doʻstlik va ishonchga asoslangan koʻp qirrali Oʻzbekiston-Turkiya hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlari ikki qardosh davlat oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga ega. Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining ikkinchi majlisi samarali va muvaffaqiyatli щtkazildi. Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari yuksak baholandi. Ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga koʻtarish, siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish boʻyicha erishilgan kelishuv va muzokaralar chogʻida imzolangan 10 ta hujjat ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va mintaqaviy hamkorlikni yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Darhaqiqat, chuqur ildizlarga ega boʻlgan Oʻzbekiston maʼnaviy merosning oltin havzalaridan biridir. Zero, ushbu tabarruk zamin nafaqat madaniyat va tamaddunlarni shakllantirgan noyob qadriyatlar vatani, balki tarixda salmoqli iz qoldirgan ilm-fan va sanʼat gʻoyalarining oʻchogʻi hamdir. Aynan shu meros va mustahkam poydevor “Uchinchi Renessans” muvaffaqiyatining garovidir”, deya xulosa qiladi “Milliyet” gazetasi.