Home / MAQOLALAR / OʻRTA OSIYO MUTAFAKKIRLARINING ILMIY ASARLARIDA FANLARARO YONDASHUV GʻOYALARI

OʻRTA OSIYO MUTAFAKKIRLARINING ILMIY ASARLARIDA FANLARARO YONDASHUV GʻOYALARI

Bugungi kunda zamonaviy fan tizimida fanlararo yondashuv rivojlanib borayotgan asosiy yoʻnalish hisoblanadi. Bunda Oʻrta asrlarda Markaziy Osiyoda ijod qilgan mutafakkirlarning beqiyos xizmatlari bor. Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Muhammad Xorazmiy kabi buyuk faylasuf va allomalarning asarlari jahon sivilizatsiyasining oltin xazinasidan munosib oʻrin olgan. Ular jahon fani va madaniyati tarixida oʻchmas iz qoldirgan. Ammo mutafakkirlarimizning fanlararo yondashuvni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi yetarlicha tadqiq etilmagan. Biz Oʻrta asr mutafakkirlarining ilmiy merosidagi fanlararo yondashuvni zamonaviy fan metodologiyasi asosida tadqiq etamiz.

Markaziy Osiyo mutafakkirlarining jahon ilm-faniga qoʻshgan beqiyos hissasi I.Moʻminov, A.Kubesov, M.Dinorshoyev, M.Xayrullayev, Z.Kuli-Zoda, V.Bartold va boshqa koʻplab olimlarning ilmiy tadqiqotlarida oʻz ifodasini topgan. Bu olimlar mutafakkirlarning ilmiy xazinasi va durdona merosini tarixiylik, diaxron metodlar asosida tadqiq etgan. Xususan, Oʻrta asrlardagi sanʼatda falsafa va matematika integratsiyasiga oid maʼlumotlarni L.I.Rempelning asarlarida koʻrish mumkin [2:11]. Bunda mutafakkirlarimizning ilmiy merosidagi bilimlar integratsiyasining fanlararo yondashuv namunalari matematika, musiqa, arxitektura, sheʼriyat, meditsina misolida ochib berilgan.

Qadimgi yunon olimlari ijodida ham matematika, musiqa, falsafa va boshqa fanlar integratsiyasini uchratish mumkin. Bizning zaminda yashab ijod qilgan mutafakkirlar ijodida fanlararo yondashuv nafaqat salmoqli boʻlgan, balki yuqori darajada rivojlangan. Ammo ularning ilmiy merosi fanlararo yondashuv gʻoyasi nuqtai nazaridan oʻrganilmagan. Shuning uchun quyida allomalarimiz ijodidagi fanlararo yondashuv evolyutsiyasiga oid namunalarni koʻrib chiqamiz.

Allomalar ijodida bilimlararo integratsiya matematika, musiqa, arxitektura, sanʼat sohasida oʻz aksini topgan. Buni dastlab matematikaning boshqa fanlar bilan integratsiya qilinishi misolida koʻrib chiqishimiz mumkin. Forobiy Oʻrta asrlarda Markaziy Osiyoda matematikani boshqa fanlar bilan integratsiya qilish gʻoyasini anglagan buyuk mutafakkir hisoblanadi. Aristoteldan farqli ravishda, Forobiy matematika metodlarining qoʻllanish imkoniyatlari cheksiz ekanini eʼtirof etadi. Buyuk olimning bu gʻoyasi nafaqat matematika rivojida, balki fan tizimi taraqqiyotida ham buyuk hodisa edi. Shuningdek, Forobiy bu gʻoyani yanada kengroq qoʻllash usullarini amalda isbot qiladi. Masalan, olim fanda birinchi bor musiqaviy (tebranuvchi) hodisalarni matematik usullar bilan tadqiq qiladi.

Forobiy boshlab bergan bu tashabbusni keyinchalik boshqa olimlar oʻz tadqiqotlarida davom ettirib, yanada rivojlantirdi. Movarounnahrlik mutafakkirlar ijodida musiqa va matematika, pedagogika va musiqaning uygʻunlashuvi yuksak darajaga koʻtarilgan. Forobiy bunga “Musiqa haqida katta traktat”, Xorazmiy esa “Ilm kaliti” nomli ensiklopediyasining bir boʻlimini bagʻishlagan. Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarida musiqa haqida alohida bir boʻlim mavjud. Shu bois “Oʻrta Osiyo mutafakkirlari arifmetika, geometriya, astronomiya va musiqani bitta fan doirasiga kiritgan” [5:182-183].

Xoʻsh, nega musiqaga bunchalik katta eʼtibor qaratilgan? Maʼlumki, musiqa sanʼatning boshqa turlaridan alohida ajralib turadi. Uning “insonga sirli taʼsirini, inson qalbida yangi oʻzgarishlar hosil qilishini olimlar tan olgan. Musiqa juda joʻshqin, ekzistensial vaziyatlarda inson hayotining bir boʻlagi sifatida eʼtirof etilgan. Musiqa madaniyati – bu ijtimoiy madaniy fenomen boʻlib, har bir madaniyatning oʻziga xos madaniy-falsafiy va siyosiy-ideologik xususiyatlarini aks ettiradi” [3:6].

Mutafakkirlarning musiqaga eʼtiborini quyidagilar bilan izohlash mumkin:

* Oʻrta asrlar musulmon madaniyatida hamma fanlar falsafa atrofida birlashtirilgan. Falsafa barcha fanlarni oʻz atrofida birlashtira olgan fan hisoblanadi.

* Oʻrta asrlar musulmon madaniyatida har qanday fan oʻzi alohida emas, balki aynan ilmiy-falsafiy dunyoqarash kontekstida oʻrganilgan. Shuning uchun har bir mashhur mutafakkirning ilmiy merosida filologiya, tabiiy, ilmiy, metafizik va musiqaviy nazariy bilimlar uygʻunlashtirilgan.

Al-Kindiy Oʻrta asr mutafakkirlari orasida birinchi boʻlib musiqani falsafiy nuqtai nazardan tadqiq etgan olim hisoblanadi. U oʻz asarlarida musiqa nazariyasini alohida fan sifatida falsafiy nuqtai nazardan oʻrgangan. Forobiy keyinchalik bu anʼanani mohirona rivojlantirgan. Darhaqiqat, bu davrda “musiqa matematika bilan uygʻunlashdi va juda koʻp nazariy manbalarini arifmetika, geometriya, baʼzi hollarda esa fizikadan oldi” [3:23].

Forobiy musiqani “ilm”, “fan, bilim, bilish” sifatida ifodalagan [1:161]. Shunisi eʼtiborliki, u musiqani amaliy falsafiy fanlardan biri sifatida eʼtirof etadi [4:181]. Mutafakkir har bir olimga boshqa mualliflarning musiqa sohasida yoʻl qoʻygan xatolarini tushunish va ularni ochib berish, toʻgʻri va notoʻgʻri nuqtai nazarlarni ajrata bilish asosida haqiqatni aniqlash talabini qoʻygan [4:182].

L.I.Rempel taʼkidlaganidek, yunon olimlari ijodida musiqaga katta eʼtibor uning boshqa fanlar bilan integratsiyalashuvini yuqori pogʻonaga olib chiqdi [2]. Forobiy tovushning fizik asosini, tarqalishini, tarqalish intervallarini oʻlchash maqsadida arifmetik, geometrik hisoblashlarni qoʻllagan. Shu sababli olim ijodida musiqa va matematika integratsiyasi samarali amalga oshirilgan. Keyinchalik Yevropa olimi Bekonning ilmiy merosida ham bu ikki fan integratsiyasiga oid gʻoya kuzatilgan.

Oʻrta asrlar mutafakkirlari ijodida bilim doimo taʼlim va tarbiya bilan bogʻliq boʻlgan. Ular bilim insonda yaxshi fazilatlarni rivojlantirishi lozimligini taʼkidlagan. Ana shunday bilimlardan biri bolalarni musiqani anglashga oʻrgatish va musiqa vositasida ijobiy sifatlarni shakllantirish boʻlgan. Yaʼni, mutafakkirlarimiz insonni tarbiyalash masalasini hal qilishda musiqa amaliyotidan foydalanish zarur deb bilgan. Shuningdek, ular musiqa insonning qalbi va aqlini tarbiyalash xususiyatiga ega ekanini taʼkidlagan. Bunday yondashuv Forobiy ijodida yaqqol koʻzga tashlanadi. U bolalarni axloqiy tarbiyalashda ularni musiqaga oshno etish zarur deb hisoblagan. Olimning fikriga koʻra, musiqa bolalarda ijobiy ruhiy hislarni chaqiradi, bolalar qalbi poklanishiga sabab boʻladi. Forobiy bunday ruhiy poklanishni “katarsis” deb ataydi. Shuningdek, u musiqa bolalarga ruhiy davolovchi vosita sifatida ham samarali taʼsir koʻrsatishini aytib oʻtgan.

Ibn Sino inson ruhiy holati ijro etilayotgan musiqa bilan bogʻliqligini taʼkidlaydi. Tovushlar garmoniyasi insonni kuchsizlikdan kuchlilik tomon olib chiqishi, yoki aksincha, uygʻunlashmagan tovushlar insonni tushkunlikka tushirib qoʻyishi mumkin. Shuningdek, Ibn Sino “insonning salomatligi uchun eng foydali mashgʻulot – kuylash” [5:186], deydi.

Mutafakkirlar musiqa nafaqat insonning kayfiyati, balki uning xarakterini ham oʻzgartirishi mumkinligini taʼkidlagan. Ular bolalarni tarbiyalashda musiqani ziyraklik bilan tanlash zarur, deb hisoblagan. Ushshoq, Navo kabi musiqa namunalari insonlarda jasurlikni, Iroq, Navroʻz musiqalari esa yorugʻ, chiroyli orzularni uygʻotsa, Buzruk qaygʻu paydo qilishi koʻrsatiladi. Bu koʻrsatmalarga yurtimiz musiqachilari asrlar osha amal qilib kelmoqda.

Yuqorida qayd etilganidek, yurtimizda matematikaning boshqa sohalarda qoʻllanishi natijasida dastlabki fanlararo yondashuv gʻoyasi rivojlandi. Bunday integrativ jarayonlarni Forobiyning musiqaga oid tadqiqotlarida koʻrish mumkin. U oʻzining “Musiqa haqida katta traktat”ida antik davr mualliflarining izlanishlarini puxta oʻrganib, ularda musiqaga oid baʼzi noaniqliklar borligini aniqlagan va shu sababli yangi traktat yozishga kirishganini bayon qilgan [5:182-183]. Natijada Forobiy matematik usullar asosida musiqa tovushlarining kelib chiqishini, ritm va tovushlarning musiqa sifatida birlashuviga oid qonuniyatlarni mukammal oʻrganadi. Bu matematika va musiqa fanining integratsiyasi edi.

Allomalar matematik usullarni nafaqat musiqa, balki sanʼatshunoslikda ham samarali qoʻllay boshlagan. Natijada fan va sanʼatda integratsiyalashuv jarayoni sodir boʻlgan. “Bu jarayonda fan va sanʼatni bogʻlab turuvchi halqa matematika va geometriya hisoblanadi. Bu Xorazmiy, Ibn Sino va boshqalarning ijodida namoyon boʻldi” [5:11].

Sanʼat va matematikaning uygʻunlashuvini biz Oʻrta asrlarda Markaziy Osiyoda vujudga kelgan ornamental sanʼat namunalarida koʻramiz. Bu sanʼat turi matematika, geometriya va sanʼatning uygʻunligi zamirida paydo boʻladi. Arxitektura ornamental sanʼatdagi matematik yondashuvlarning asosi boʻlib, falsafiy gʻoyalarga xizmat qiladi. Masalan, Markaziy Osiyo meʼmorlik sanʼati asosida yotgan uygʻunlik gʻoyasi ana shunday universal xarakterga ega gʻoyadir. U nafaqat koinot tizimi, balki konkret fanlar bilan bogʻliq. Shu sababli meʼmorlik sanʼatida uygʻunlik geometrik ornament vositasida ifodalangan.

Yuqoridagi mulohazalardan koʻrinib turibdiki, bilimlar integratsiyalashuvida Oʻrta asr mutafakkirlarining buyuk xizmati bor. Forobiy musiqaviy (tebranuvchi) hodisalarni sheʼriyat va matematik usullar bilan tadqiq etadi. Shunday qilib, matematik gʻoyalarning arxitektura, geometriya, estetik sanʼat bilan uygʻunlashuvi sodir boʻladi. Bu uygʻunlashuv betakror ornamental sanʼatning, girihlarning yaratilishiga olib keladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. S.D.Daukeyeva. Filosofiya muzыki Abu Nasra Muxammada al-Farabi. – Almatы: Fond Soros-Kazaxstan, 2002.
  2. L.I.Rempel. Xudojestvennaya kultura Sredney Azii IX-XII vekov. –T.: Gafur Gulyam, 1983.
  3. Ye.S.Fedorova. Filosofiya muzыki v musulmanskoy srednevekovoy kulture. Diss. na soisk. kand. kulturologii. –Sankt-Peterburg, 2015.
  4. M.Xayrullayev. Farabi. –T.: Uzbekistan, 1975.
  5. Xudojestvennaya kultura Sredney Azii IX-XIII vekov: sbornik statey. pod red. L.I.Rempelya. –T.: Lit. i iskusstva.
Gulchehra GʻAFFAROVA,
Chirchiq Davlat pedagogika instituti,
Milliy gʻoya va maʼnaviyat asoslari va huquq taʼlimi kafedrasi professori,
falsafa fanlari doktori,
Gulbahor JALALOVA,
f.f.b. falsafa doktori (PhD)

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …