Home / FOTO LAVHALAR / DOKTOR HAMZA BAKRIY MARKAZGA TASHRIF BUYURDI

DOKTOR HAMZA BAKRIY MARKAZGA TASHRIF BUYURDI

Bugun ayni kunlarda mamlakatimizda boʻlib turgan Kalom va islom falsafasi boʻyicha yetuk olim, Turkiyaning Ibn Xaldun universiteti professori, doktor Hamza Bakriy Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Jamoliddin Karimov hamrohligida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.

Mehmonni Markaz direktori, tarix fanlari nomzodi, dotsent Shovosil Ziyodov, Markaz direktori oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Otabek Muhammadiyev kutib oldi.

Tashrif avvalida asli iordaniyalik olimga Markaz faoliyati tanishtirilib, kutubxona hamda muzeyda saqlanayotgan nodir qoʻlyozma nusxalari koʻrsatildi.

Markaz jamoasi doktor Bakriy bilan ilmiy jihatdan uzviy hamkorlikda ish olib bormoqda. Jumladan, ilmiy xodimlar tomonidan Abu Mansur Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asarini oʻzbek tiliga tarjima qilishda mazkur islomshunos olim bilan bir necha bor onlayn muloqotlar oʻtkazilib, uning tavsiyalaridan unumli foydalanildi. Tarjima nihoyasida xorijlik olim Markaz xodimlarining ushbu ishini “Oʻzbek olimlari tomonidan erishilgan yutuq katta natija” deya baholagan.

Bundan tashqari Markaz va Ibn Xaldun universiteti hamkorligida Bakriy ishtirokida Moturidiylik taʼlimotining shakllanish bosqichlari, Imom Moturidiyning bizgacha yetib kelgan asarlari va ularning bugungi kunda oʻrganilishi holatiga oid turkum onlayn seminarlar tashkil etib kelingan.

Tashrif doirasida olim ishtirokida “Imom Abu Hanifa va Imom Buxoriyning imon masalasidagi qarashlari” mavzusida ilmiy seminar oʻtkazildi. Seminar Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Markazlar rahbariyati va ilmiy xodimlari, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi oliy maktabi rahbar, oʻqituvchi va talabalari, taniqli dinshunoslar, Samarqand viloyati tumanlari hamda qator diniy muassasalar imomlari qatnashdilar.

Seminar avvalida turdosh markazlar direktorlari Sh.Ziyodov va J.Karimov soʻzga chiqib, taniqli ulamolar ishtirokida tashkil qilinayotgan bu kabi ilmiy-maʼrifiy anjumanlar zamirida maʼrifatparvar xalqimizning diniy sohadagi  bilimlarini yanada oshirish, diniy taʼlim muassasalari talabalari ilmlarini tobora mustahkamlash kabi ezgu gʻoyalar mujassam ekanini taʼkidladilar.

Anjumanning asosiy qismida professor Hamza Bakriyning mavzu yuzasidagi maʼruzasi tinglandi. Olim maʼruzasida Ahli Sunna val jamoa mazhabining buyuk toʻrt mujtahid ulamolaridan biri, Hanafiya fiqxiy mazhabi asoschisi Abu Hanifa rahmatullohi alayhi va muhaddis ulamolar oʻrtasida aqidaviy masalalar, jumladan imon borasidagi mutanosiblik haqida soʻz yuritdi. Notiq shuningdek, oʻtmishdagi olimlarning bu boradagi yondashuvi turli xil boʻlsada, aslida bir mafkurani, kishilarni sof eʼtiqod sari boshlashdek sharafli gʻoyani ilgari surganliklarini taʼkidlab, fikrlarini ilmiy dalillar asosida izohlab berdi.

  

Muhaqqiq olim Markaz ilmiy xodimlari, Hadis ilmi oliy maktabi ustoz va talabalari tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob qaytardi.

Seminar Markazning Youtube videoxostingidagi sahifasi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etildi. Bu esa yurtimizdagi diniy taʼlim muassasalari 30 dan ortiq vakillarining onlayn ishtirokini taʼminladi.

Seminar soʻngida xorijlik olimga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi nomidan esdalik sovgʻalari hadya qilindi. Doktor Bakriy ham Markaz kutubxonasi uchun oʻz muallifligida nashr etilgan adabiyotlar nusxalarini tortiq etdi.

Tashrif yakunida professor Hamza Bakriy Markaz veb-sayti uchun intervyu berdi va seminar ishtirokchilari bilan umumiy suratga tushdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …