Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va boshqa turdosh markazlar hamda ilmiy muassasalar hamkorligida “Moturidiylik taʼlimoti va hozirgi zamon” mavzuida II Xalqaro ilmiy-amaliy simpozium boʻlib oʻtdi.
Onlayn tarzda tashkil etilgan simpozium ishida mahalliy va xorijiy taʼlim muassasalari, diniy idoralar rahbarlari, davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari, Misr, Malayziya, Rossiya, Qozogʻiston, Turkiya va Germaniya davlatlari dinshunos olimlari ishtirok etdi.
Tadbirda ishtirokchilar tomonidan Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosi, moturidiylik taʼlimotining islom dini rivojidagi oʻrni va ahamiyati hamda islomshunoslikning dolzarb muammolariga oid qator masalalar muhokama qilindi.
Simpozium ishida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy jamoasi faol ishtirok etdi. Jumladan, Markaz direktori Shovosil Ziyodov simpoziumning “Moturidiylik taʼlimotiga oid zamonaviy tadqiqotlar” nomli shoʻbasiga moderatorlik qildi. Markaz direktori oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev “Alouddin Usmandiy Samarqandiyning “Muxtalaf ar-rivoya” asari” mavzusida, Markaz ilmiy xodimi Abduvosi Shonazarov “Imom Moturidiyning “Kitob at-tavhid” va “Taʼvilot al-qurʼon” asarlarining islom ilm-fani rivojida tutgan oʻrni” mavzusida maʼruza qildi.
Shuningdek, Markaz ilmiy xodimlari simpoziumning xorijiy ishtirokchilari tomonidan ingliz, arab va turk tillarida qilingan maʼruzalarini toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzbek tiliga tarjima qilishdi.
Anjumanda qatnashgan xalqaro ekspert, soha mutaxassislari va olimlarning maʼruzalari toʻplam shaklida nashr etilishi maʼqullandi.