Home / YANGILIKLAR / Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan asarlar haqida maʼlumot berildi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan asarlar haqida maʼlumot berildi

AOKAda oʻtkazilgan brifingda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi axborot xizmati rahbari Sherzod Mamatov Markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Markazning ilmiy tadqiqotlar boʻlimi tomonidan 2022 yil yanvar-may oylari davomida quyidagi asarlar nashrga tayyorlandi:

Oʻtgan yillar davomida tarjima qilingan Abd ibn Humayd Keshiyni hadis ilmiga oid “Musnad” kitobining 1, 2, 3 jildlari. Musnad asar deganda, sahobalardan rivoyat qilingan hadislar jamlanmasi tushuniladi. Bu kitobda 150 nafar mashhur sahobadan hadislar keltirilgan boʻlib, ularning 118 nafari sahoba, 32 nafari sahobiyadir. “Musnadi Keshiy”dagi hadislarning 1005 tasi “Sahih” va 594 tasi “Boshqasi bilan sahih va isnodi sahih boʻlgan” hadislardan iborat boʻlib, umumiy soni 1599 tani tashkil qiladi.

Imom Dorimiyning “Sunani Dorimiydan saylanma hadislar” asari. Saylanmada jami mingga yaqin hadis keltirilgan. Jumladan, ijtimoiy-axloqiy koʻrsatmalar, sharʼiy masalalarda ilmsizlik va johillik bilan fatvo bermaslik, shariat ilmini egallagan kishilar fatvo masalasida juda ehtiyot boʻlishga chaqirilgani toʻgʻrisidagi hadislar bor.

Imom Buxoriyning “Tarixus sagʻir”, yaʼni “Kichik tarix” asari. Unda 2997 nafar roviylar haqida maʼlumotlar jamlangan. Asarda mashhur sahobalar, tobeinlar va ularning izdoshlari va ular vafot etgan yillar, naslu nasabi, oʻzaro muloqotlari haqida soʻz yuritilgan.

Alouddin Kosoniyning “Eʼtiqodi kosoniy” kitobi. Muallif “Malikul ulamo” – “Olimlar podshohi” unvoniga sazovor boʻlgan. Risolada hanafiylik mazhabining qaror topishi va moturidiylik taʼlimotining taraqqiy etishida beqiyos oʻringa ega boʻlgan faqih va mutakallim Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad Kosoniy rahimahullohning hayoti va ilmiy merosi yoritilgan.

Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriyning “Shamoyili Buxoriy” asari. Muallif Imom Buxoriyning shogirdi va kotibi nahvshunos olim boʻlib, risolani ustozi Muhammad ibn Ismoil Buxoriy tarjimai holiga bagʻishlagan. Risolada Imom Buxoriyning hayoti, ilmiy faoliyati, asarlari haqida qiziqarli maʼlumotlar jamlangan.

“Imom Termiziyning aqidaviy qarashlari” kitobi. Buyuk vatandoshimiz Abu Iso Termiziyning “Sunani Termiziy” asarida kelgan aqidaviy qarashlari asosida Abu Muoz Toriq ibn Ivazulloh ibn Muhammad tomonidan yozilgan mazkur asar oʻzida hli sunna val jamoaga taallquli koʻplab aqidaviy qarashlarni jamlagan.

Shuningdek, ilmiy xodimlar tomonidan:

Abu Azabaning “Ashʼariylar va moturidiylar oʻrtasidagi goʻzal chamanzor”;

Imom Termiziyning “Eʼtiqodi ahli sunna”;

Abul Muntaho Shahobuddin Ahmad ibn Muhammad Magʻnisoviyning “Sharhi fiqhul akbar”;

“Musnadi Keshiydan durdonalar” nomli kitob va risolalari nashrga tayyorlanib,

Haysam ibn Kulayb Shoshiyning “Musnad Shoshiy” asaridan saylanma va Aʼlo Buxoriyning “Risola fil aqoid” asarlarini tahrir qilish ishlari davom etirilmoqda.

Hozirgi vaqtda Markaz tarjimonlari Abu Lays Samarqandiyning “Bahrul ulum”, Sayyid Abdul Mojid Gʻavriyning “Hadis ilmi istilohlari” va Ibrohim Saffor Buxoriyning “Talxisul adilla li qavaidit tavhid” asarlari tarjimasi ustida ham ish olib borishmoqda.

Boʻlim ilmiy xodimlari tomonidan shuningdek, “10 xaqiqat va 10 risola” loyihasi doirasida Imom Buxoriy, Abu Iso Termiziy, Imom Moturidiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Bahouddin Naqshband, Mirzo Ulugʻbek va Alisher Navoiy kabi allomalar haqida 10 xaqiqat va xalqchil risolalar nashrga tayyorlandi.

“Oʻzbekiston tarixi” telekanalida “Xalq mulki: Muhaddislar sultoni – Imom Buxoriy qoldirgan meros” ruknida turkum koʻrsatuvlar tayyorlanib efirga uzatilmoqda.

Ilmiy xodimlar tomonidan hadis, aqida, odob-axloq va boshqa mavzularga oid 12 ta videodarslar tayorlandi, jumladan

 “Ibrohim Saffor Buxoriyning “Talxiysul adilla” asari” (kirish qismi);

“Haq va botilning mohiyati”;

“Avliyolarning karomati haqdir” (1 qism);

“Aql dalolat qilgan ishlar haqida”;

 “Imom Buxoriyning “Al-jomiʼ as-sahih” hadis toʻplamini yozishdagi sahihlik shartlari va boshqa hadis toʻplamlardan ustunlik jihatlari” (1-qism);

 “Farz amallar soqit boʻlmaydi”;

“Muhtojlarni toʻydirmoq Yaratganning mukofotiga sazovor qiladi!”;

“Muhtojlarga muruvvat ikki dunyo saodatiga sabab”;

Abu Bakr Kosoniyning “Eʼtiqod” risolasi “Katta va kichik gunohlar moʻminni kofir qilmaydi”;

“Ilhom ilmi haqida”;

“Anbiyolar va asharai mubashshiradan boshqa hech kimni jannati deb hukm qilmaymiz”;

“Taʼlim olish farzligi haqidagi dalillar” mavzularida videodarslar tayyorlanib, Markazning bukhari.uz nomli veb-sayti va boshqa ijtimoiy tarmoqlarida eʼlon qilindi.

Ilmiy tadqiqot boʻlimi ilmiy xodimlarining 40 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari mahalliy va xorijiy ilmiy jurnallarida hamda konferensiya toʻplamlarida eʼlon qilindi. 

Manba: yuz.uz

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …