Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZGA MALAYZIYA HUKUMATI VAKILI KЕLDI

MARKAZGA MALAYZIYA HUKUMATI VAKILI KЕLDI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga ayni kunlarda mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan Malayziya tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Kamaruddin Djaffar rahbarligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Nufuzli mehmonlarni Markaz direktori oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev va ilmiy xodimlar kutib oldi.

Mehmonlarga Markaz va uning faoliyati, oʻrnatilgan xalqaro aloqalarning ayni holati, xususan Malayziya ilmiy va oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida maʼlumotlar berildi.

Bugungi kunda Malayziyaning Malayziya Islomni anglash instituti, Malayziya Milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti, Malayziya Islom ilmiy universitetlari bilan oʻzaro anglashuv memorandumlari imzolangan boʻlib, mazkur muassasalar bilan yaqin hamkorlik amalga oshirib kelinmoqda.

Shuningdek, Malayziya milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti direktori oʻrinbosari, dotsenti Mohd Al Adib Samuri Markaz tomonidan taʼsis etilgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiyaning ilk sovrindori boʻldi.

Al Adib Samuri oʻz mamlakati hukumati vakiliga olib borayotgan tadqiqoti yoʻnalishi hamda erishgan natijalari haqida maʼlumot berib, Markazda ilmiy faoliyat uchun yaratilgan qulay sharoitlar va kutubxonaning keng imkoniyatlari, shuning bilan birga xodimlar ilmiy salohiyati haqida iliq fikrlar bildirdi. 

Dastur gʻolibiga aylangan yana bir necha nafar malayziyalik tadqiqotchi joriy yil yakuniga qadar Markazda tadqiqotlar olib borilishi koʻzda tutilgan.

    

Xorijlik diplomat Markaz muzeyi va unda oʻrin olgan qoʻlyozma hamda buyumlar bilan tanisharkan, ulugʻ muhaddis, “Hadis ilmining sultoni” Imom Buxoriy siyratiga nisbatan oʻzining cheksiz hurmatini izhor etdi.

    

Delegatsiya aʼzolari shuningdek, Markaz kutubxonasi, skanerlash uskunasi hamda boshqa boʻlimlar bilan tanishdilar.

Delegatsiya rahbari, Malayziya tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Kamaruddin Djaffar Markaz veb-sayti uchun maxsus intervyu berdi.

  

Tashrif yakunida yuqori martabali mehmonga Markaz tomonidan nashr etilgan adabiyotlar namunasi hadya qilindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …