Bugun poytaxtimizda joriy yil 16-20 may kunlari Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi ish boshladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, AQSH Global jalb qilish instituti, qator xalqaro tashkilot hamda muassasalar tomonidan tashkil etilayotgan tadbir doirasida turli mamlakatlar dinshunos olimlari, amaliyotchi mutaxassislariga jamiyatda tinchlik va totuvlikni taʼminlashning muhim sharti sifatida dinlar va madaniyatlar oʻrtasida samarali muloqot oʻrnatish sohasidagi eng yaxshi xalqaro amaliyot va ilgʻor xorijiy tajriba namoyish etilmoqda.
Mazkur forumda Amerika, Yevropa, Osiyo, Afrika va Yaqin Sharqning oʻnlab davlatlaridan turli din vakillari, dinshunoslar, ilohiyotshunoslar, huquqshunoslar va rasmiylar bilan birga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ilmiy xodimlari ham anjumanning tarkibiy qismi boʻlgan “Koʻp millatli jamiyatda konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish” nomli ilmiy-amaliy seminarda faol ishtirok etmoqda.
Forumning asosiy tadbiri 19 may kuni Buxoro shahrida oʻtkaziladi. Uning dasturiga binoan Markaz direktori, tarix fanlari nomzodi, dotsent Shovosil Ziyodov maʼruza qilishi belgilangan.
Tadbir soʻnggida forum yakunlariga oid “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilinishi nazarda tutilgan.