Islom dini inson hayotining har bir jabhasini oʻzida mujassam etgan, har zamonga mos ezgulikka asoslangan bagʻrikeng, moʻtadil dindir. Islom faqat diniy ahkomlardan iborat boʻlgan din emas, balki u jamiyat maʼnaviyati va maʼrifatini shakllantiruvchi hamda kamolga yetkazuvchi hamda uning ijtimoiy-siyosiy, ruhiy-maʼnaviy talablarini qondiruvchi dindir. Ammo, islomiy arkonlarning ijrosi barobarida inson diniy ilmsizlik sababli koʻplab muammolarga duch boʻlishi tabiy holdir. Mana shu muammolardan biri mutaassiblik va dinda chuqur ketishdir.
Shariatimiz diniy mutaassiblikka va dinga chuqur berilishga doimo qarshi boʻlgan. Muqaddas dinimizning asl manbalari boʻlgan Qurʼoni karim oyatlari va hadisi sharifda dindagi bu bidʼatlar qattiq qoralangan. Chunki, bu ikki illat turli zamonlarda turli nomlar ostida dinimizga tasvirlab berib boʻlmas darajada zarar yetkazib, bu hol hozirda ham har xil jarangdor nomlar va shiorlar ostida davom etmoqda.
Xoʻsh, diniy mutaassiblik, dinda chuqur ketish nima? Dinimizning mazkur ikki illatga munosabati qanday?
Mutaassiblik – uning lugʻaviy maʼnosi biron eʼtiqodga yoki dunyoqarashga oʻta berilganlik, oʻz fikrida qatʼiy turib olib, boshqalarning fikrini inobatga olmaslik hamda inkor qilish va hamisha oʻzini haq deb bilishlikdir. Hozirgi vaqtda bu “fanatizm” ham deyiladi. Mutassib (fanat) kishi koʻr-koʻrona hox toʻgʻri, hox notoʻgʻri boʻlsin oʻziga maʼqul boʻlgan bir fikrda mahkam turib, oʻzini fikrini haq, boshqalarning fikrini nohaq deb eʼtiqod qilgan holda oʻz fikrini amalda koʻrsatishga harakat qiladi.
Dinda gʻulu ketish – “dinda chuqur ketish, diniy arkonlar va ibodatlarni bajarishda haddidan oshish, toʻgʻri yoʻl deb notoʻgʻri yoʻlga burilish” maʼnolarini anglatadi.
Oisha onamiz (r.a.)dan rivoyat qilingan quyidagi hadis buning dalilidir: “Bani Asad qabilasiga mansub bir ayol huzurimda oʻtirgan edi. Shu payt Rasululloh (s.a.v.) uyga kirib kelib: “Bu ayol kim”,-deb soʻradilar. “Bu – oʻsha, kechasi uxlamay namoz oʻqib chiqadigan ayol”,-dedim. Soʻng, mazkur ayolning qanaqa namoz oʻqishi haqida soʻzlashdik. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Bunday qilmanglar, solih amallarni qurbingiz yetganicha ado etinglar, qancha ibodat qilsangiz ham Alloh taologa maol kelmaydi-yu, biroq oʻzingizga malol kelib qolmasin!”” –dedilar[1]. Hadisdan maʼlum boʻladiki, har bir insonga dinda chuqur ketib, yoxud mutassibona birorta farz qilinmagan amalni oʻziga vojib qilib olib, soʻng bajarolmaydigan holatga tushib qolgandan koʻra dinda oʻrtachalik, yaʼni vasatiylik yoʻlini tanlab solih amallarda mudom boʻlishi avloroq va yaxshiroq ekan. Paygʻambarimiz s.a.v. mazkur hadislarida dinda chuqur ketishning oqibati yaxshi boʻlmasligini maʼlum qilib, ibodatga oid amallardan toqat yetadiganini olishga buyurdilar.
Jumladan, ibodatlarning shartlarini bajarishda ham gʻulu boʻlib, ular dinimizda qattiq qoralanadi. Masalan, tahorat va gʻuslda Paygʻambarimiz s.a.v.ning sunnatlarida koʻrsatilgan meʼyordan ortiq suv ishlatishni ulamolarimizning ayrimlari “isrof” desa, baʼzilari “gʻulu”ning bir koʻrinishi deb ham aytganlar. Shuningdek, gʻulu amali insonning yeb-ichishi, kiyinishi va hatto kafanlanishida ham mavjuddir, zero, Paygʻambarimiz (s.a.v.): “(Mayyitni) kafanlashda haddingizdan oshmanglar”, deb buyurganlar.[2]
Aslida Alloh taolo tomonidan nozil qilingan navqiron va muqaddas dinimiz – Islomning asosini tashkil qilgan amallar bandalarning toqatidan kelib chiqqan holda farz qilingan, yaʼni moʻtadillik va bagʻrikenglikka asoslangan dindir.
“Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi. (Har kimning) qilgan (yaxshi) amali oʻzi uchundir va (yomon) amali ham oʻzining buynigadir. ….”[3]
Mazkur oyatda Alloh taolo insonlarni ibodatdan qurbi yetmaydigan narsaga buyurmaganligini xabar qilmoqda. Hatto shariat hukmlarining umumiy qoidalarini bajarishga toqati – qurbi yetmaydigan kishilar uchun baʼzi amallarning bajarilishida dinimizda istisnolar ham mavjudki, dinda chuqur ketgan, mutaassib kishilar shariatda berilgan bunday yengilliklarni tan olmaydilar va alaloqibat kechirilmaydigan gunohi kabiralardan biri –kibrga, yaʼni oʻz ibodatlari bilan magʻrurlanish hissiga mubtalo boʻladilar. Barchamizni bu illatdan Alloh taolo saqlagan boʻlsin!
Alloh taolo Muhammad s.a.v.ning ummatini har bir ishda moʻtadil boʻlgan, adolatli ummat ekanligini taʼriflab shunday degan: “Shuningdek (yaʼni, haq yoʻlga hidoyat qilganimiz kabi), sizlarni boshqa odamlar ustida guvoh boʻlishingiz va paygʻambar sizlarning ustingizda guvoh boʻlishi uchun oʻrta (moʻtadil, adolatli) bir millat qildik.”[4] Alloh taolo Muhammad s.a.v.ning ummatini oʻz kalomi sharifida alohida, xossatan ulugʻlab, ularni haqq yoʻl sari hidoyat qildik hamda amallarida moʻtadil ummat qildik, deb taʼrifladi. Chunki, dinda chuqur ketish va ahkomlarda mutassibona amalda boʻlish toʻgʻri yoʻldan adashish va halokatning asosiy omilidir. Ular sababli turli bidʼat, xurofotlar paydo boʻladi, hatto shayton bu amallarni chiroyli koʻrsatib qoʻyganligi oqibatida shirk amali sodir boʻladi. Bu holatni salaf avliyolar, piru ustozlarga sigʻinish, ularning soʻzini oʻzining voqeʼlikdagi holatiga toʻgʻri kelsa-kelmasa ham hayotiga tatbiq qilishda kuzatish mumkin. Biz bu soʻzlarimiz bilan piru murshid azizlarimizga taʼna toshi otishdan yiroqmiz. Ul zotlarning Islom dini rivoji uchun, xalqimizning milliy oʻzligini shakllantirish uchun xizmatlari beqiyosdir. Ul zotlarga Paygʻambarimizning tirik siyratlari, deb taʼrif bersak xato boʻlmas. Chunki, ular Paygʻambarimiz (s.a.v.)ning xulqu siyratlarini oʻz hayotlariga tatbiq qilib, bu siyratni ummatga ham amaliy namoyon qilgan bu ummatning gultojlaridir. U zotlar sabab bu din ahkomlari, shariat odoblari qon-qonimizga singib, bizning milliy oʻzligimizga aylanganligini alohida taʼkidlash lozim. Ammo oʻzini tariqat sohibi, yoxud dinning asl jonkuyarlari sifatida nomoyon qilib, shariat ilmidan bexabar holda peshvolik talab qilayotgan, Alloh va paygʻambarining buyrugʻi bir chetda qolib dinda boʻlmagan toqatdan tashqari amallarni targʻib qilayotgan kimsalarning “tariqat” nomi bilan ish yuritayotgani koʻz yumib boʻlmas holatdir. Asl maqsadi din rivoji va jamiyat musaffoligidan boshqa narsa boʻlgan bunday “pir”larning yoʻli kesik, oqibati xorlikdan boshqa narsa emas.
Juladan, Islom dinini oʻz qobigʻiga moslashga, yoxud unga “fundamentalizm”, “terrorizm” kabi nojoiz iboralarni yopishtirishga harakat qilayotganlar Islom dining asl mohiyatini notoʻgʻri talqin qilayotgan kishilardir. Xoʻsh, muqaddas dinimizning asl mohiyati qanday? Nimalardan iborat? Buni toʻgʻri anglab yetish uchun yana Qurʼon karim va hadisi sharifga murojaat qilamiz.
Alloh taolo oʻzining kalomi sharifida roʻza ibodatining miqdori haqida maʼlum qilganidan keyin:
“…Alloh sizlarga yengillikni istaydi, sizlarga ogʻir boʻlishini istamaydi…”,[5]-deydi. Mazkur oyati karimani boshqa ibodatlarning bajarilish meʼyoriga qiyosan olsak Islom dinining ahkomlari bandalar toqatidan kelib chiqqan holda farz qilinganiga guvoh boʻlamiz. Qurʼoni karimning bir necha joyida mazkur maʼnodagi oyatlarni uchratish mumkin. Shariat va sunnatda zikri keltirilmagan amallarni hayotga joriy qilib, dinni boshqalarga qiyin koʻrsatish janob Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning muborak soʻzlariga xilof boʻlib, toʻgʻridan toʻgʻri Alloh taoloning yuqorida zikr qilingan oyati karimasiga qarshi chiqishdir. Shundan keyin ham kimki toʻgʻri yoʻl aniq boʻlib, soʻng oʻz havoyi xohishiga ergashsa, Alloh taolo uni yanada zalolatga boshlab adashtiradi, oxiratda esa u uchun Alloh taoloning alamli azobi bordir:
“Kim haq yoʻlni aniq bilganidan keyin paygʻambarga xilof ish qilsa va moʻminlarning yoʻllaridan boshqa yoʻlga ergashib ketsa, biz uni ketganicha qoʻyib beramiz. Soʻngra jahannamga dohil qilamiz. Naqadar yomon joydir u!”[6]
Har qanday nom ostidagi zulm va zoʻravonlik, jumladan kishining ibodat sababli oʻz jismiga zulm qilishi ham, eʼtiqod va ibodatda mutaassibona yoʻlni tanlab dinda chuqur ketish ham, jinoyatlarning har qanday holati va koʻrinishlari ham, garchi u Islom dini nomidan sodir boʻlayotgan boʻlsada Islom aqidasi va taʼlimotiga mutlaqo qarama-qarshidir. Musulmon kishi boshqa odamlarni shariatda buyurilmagan ishlarni buyurmaslikka hamda yomon ishlarni qilishdan qaytarishga masʼuldir hamda oʻzi ham jinoyat sanalgan amallarni sodir etishi mumkin emas. Har bir iymon-eʼtiqodli insonnning burchi yer yuzida farovonlik va osoyishtalikni qaror toptirib, buzgʻunchilik va fasod ishlarga qarshi kurashmogʻi lozim.
Zero, Paygʻambarimiz s.a.v.: “(Din arkonlarini) yengil qilib koʻrsatinglar, ogʻir qilib koʻrsatmanglar. (Dindagi) yaxshi, xushxabar narsalarni aytinglar, dindan nafratlantirib qoʻymanglar”,-[7] deb marhamat qilganlar va bu dinni barcha bilan barobar baham koʻrish lozimligini uqtiradilar. Paygʻambarimiz s.a.v. dinda qanday yoʻl tutish lozimligi haqida shunday koʻrsatma beradilar: “Din yengildir, hech kim uni qiyinlashtirib yubormasin, mabodo qiyinlashtirib yuborsa, din uni yengib qoʻyadi…”[8], yaʼni, farz qilingan ibodatlardan tashqari ibodatlarni va solih amallarni haddan ziyod oʻz zimmasiga yuklab olishi natijasida ularni bajara olmay hammasini tark etishga sabab boʻladi.
Bu soʻzlar bilan Islomga kiradigan kishining talabi bilan hisoblashgan holda unga dinni tushuntiring demoqchi emasmiz. Aksincha, uning toqatidan kelib chiqib, shariat ahkomlarini bayon qiling, toki u inson dinimizdan nafratlanib qolmasin, deymiz. Bu din navqiron, bagʻrikeng dindir. Uning dargohida shoh ham gado ham, faqiru dunyodor ham, gunohsizu gunohkor ham, olimu johil ham najot izlab, oʻz ehtiyojini topish ilinjida ibodatga yuzlanishini unutmaslik lozim.
Paygʻambarimiz s.a.v. dinda, eʼtiqodda qay darajada boʻlish zarurligini koʻrsatib: “Ishlarning yaxshisi – uning oʻrtachasidir”,-dedilar[9]. Sarvari olam paygʻambarimiz Muhammad s.a.v. shunday deb turganlarida boshqa yoʻlga ne hojat? Zero Paygʻambarimiz s.a.v.: “Sizlarning yaxshilaringiz dunyosini deb oxiratini, oxiratini deb dunyosini tark qilmaganlaringiz hamda insonlarga yuk boʻlmaganlaringizdir”,[10] -degan muborak hadislari bilan musulmon kishini qanday umrguzaronlik qilishini ham belgilab berganlar.
Biz mutaassiblik va dinda chuqur ketish haqida soʻzimizni muxtasar qildik. Shunday boʻlsada, oʻquvchi uchun bu borada kifoya qilgulik maʼlumotlarni berdik, deb umid qilamiz. Yuqorida keltirilgan oyat va hadislarni toʻgʻri qabul qilib, har bir musulmon birodarimiz dindagi eʼtiqodini xolislik bilan tanlasa, buning oqibati chiroyli boʻladi va albatta bu jamiyatda ham oʻz samarasini namoyon qiladi.
Imom Buzrujmehr oʻz asarini yozib tugallagandan keyin oxiriga: “Kishining bu masalalarni yod olib olim boʻlishi ajablanarli emas, balki bu asarni yod olib olim boʻlolmagan kishining holati ajablanarlidir”, -deb yozgan ekanlar.
Yuqorida keltirilgan oyat va hadislardan oʻziga maʼlum bilimni hosil qilgan kishining amaliga biz ham ajablanmaymiz, ammo ajab, bu oyat va hadislarni oʻqib oʻziga yetarli xulosa ololmagan kishigadir. Alloh taolo barchamizni hidoyatga musharraf etib, toʻgʻri yoʻldan adashtirmasin!
Nodir Qobilov
Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi