Home / MAQOLALAR / Diniy bagʻrikenglik – taraqqiyot omili

Diniy bagʻrikenglik – taraqqiyot omili

Tarixga nazar soladigan boʻlsak, yurtimizda hamisha ijtimoiy hamkorlik ruhi va bagʻrikenglikni targʻib etuvchi qadriyatlar ustuvor boʻlib kelganidan dalolat beradi. Mustaqillik tufayli oʻzligimizni anglash, maʼnaviy qadriyatlarimizni tiklash jarayoni kechayotgan hozirgi paytda umuman dinga va ayniqsa ota-bobolarimiz dini boʻlib kelgan islom diniga munosabat tubdan oʻzgardi. Bu sohadagi yutuqlar va oʻzgarishlarni sanab oʻtishga hojat yoʻq albatta.

Bagʻrikenglik tushunchasi turli eʼtiqoddagi din vakillarining bir diyorda birgalikda hayot kechirishiga, millati va dinidan qatʼiy nazar ularning chin insoniy fazilatlarga xos muomalada boʻlishi tushuniladi. Bu esa oʻz navbatida, yurt tinchligi va taraqqiyotiga, umuminsoniy madaniyat va maʼnaviyat rivojiga xizmat qilib kelmoqda.

Diniy bagʻrikenglik turli din vakillari eʼtiqodidagi mavjud aqidaviy farqlardan qatʼi nazar, ularning yonma-yon, oʻzaro tinch-totuv yashashini anglatadi. Har kim oʻz eʼtiqodiga amal qilishda erkin boʻlgani holda bu huquqqa boshqalar ham ega ekanini eʼtirof etmoq lozim.

Hozirgi kunda hukumatimiz tomonidan oqilona, diniy bagʻrikenglik siyosati olib borilmoqda. Respublikada islom dini bilan bir qatorda, 16 diniy konfessiyaga mansub tashkilotlar emin-erkin faoliyat koʻrsatmoqda. Fuqarolarning millati, irqi, dinidan qatʼi nazar, barcha uchun teng huquqlar qonun orqali kafolatlangan. Buni diyorimizga tashrif buyurayotgan turli millat vakillari oʻz koʻzi bilan koʻrib bunga amin boʻlmoqda. Eʼtiqod erkinligi, diniy bagʻrikenglikning ijtimoiy-siyosiy jihatlari diniy tashkilotlar va davlat munosabatlarida doimo dolzarb masalalardan biri boʻlib kelgan. Bu bejiz emas, albatta. Din mamlakat aholisini ruhiy chiniqtirish hamda yuksak axloq, Vatan va xalq manfaati yoʻlida fidokorlik, poklik, oʻz millatiga sodiqlik kabi qadriyatlarni kundalik hayotga tatbiq etish orqali turmush tarzini oʻzgartirish va yurt farovonligini oshirishga xizmat qiladi. U insondagi qimmatli, eng ezgu fazilat va xislatlarni yuzaga chiqarishga qodir.

Islom dini ham ilk davridayoq bagʻrikenglik dini sifatida namoyon boʻlib, u insonlarga muruvvatli, ochiq yuzli, boʻlishlik, boshqa din vakillari bilan chiroyli suratda muomalada boʻlish, ularga ehtirom koʻrsatish hamda bagʻrikengli boʻlishga alohida eʼtibor qaratgan. Bu xususda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: (Ey moʻminlar), sizlar Ahli kitoblar bilan faqat eng chiroyli uslubda munozara qilinglar…”[1]. Mazkur oyatda Alloh taolo boshqa din vakillari bilan chiroyli uslubda muomala qilishga buyurmoqda.

Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam boshqa din vakillariga bagʻrikengli boʻlish, ularning eʼtiqodini hurmat qilish, haqlariga rioya etishning oliy namunasini koʻrsatibgina qolmasdan, biz insonlarni ham hamisha ana shu yoʻldan borishga daʼvat qilganlar. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilib: “Kim ahdlashgan boshqa din vakilini oʻldirsa jannat hidini ham hidlamaydi. Vaholanki, jannatning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi”, deganlar. Musulmonlarning asrlar osha oʻzga din vakillari bilan bagʻrikeng boʻlishlariga sabab, ilohiy taʼlimotga ogʻishmasdan amal qilganlari sababidandir. Alloh taolo Qurʼoni karimda musulmonlarga xitob qilib shunday deydi: “Ey imon keltirganlar! Alloh uchun haqda turing, adolatli guvoh boʻling. Bir qavmni yomon koʻrishingiz sizni ularga nisbatan adolat qilmaslikka olib bormasin. Adolat qiling. Bu taqvoga oid ishdir. Allohga taqvo qiling. Albatta Alloh qilayotgan amalingizdan xabardor zotdir”[2].

Islomda kechirimli boʻlish, bagʻrikenglik maqtalgan axloqlardandir. Alloh taolo Paygʻambari va moʻmin – musulmon bandalarga shu sifatlar bilan ziynatlanishlikka amr etgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Avfni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz oʻgiring!”[3] degan. Avfni (qabul qilib) oling. Avf etish biror kishining ayb, yomon ishlarini kechirish, aybdorga nisbatan jazo loyiq boʻlsa ham, unga lutf ila jazolamaslik. Kechirimli va sabrli boʻlish dinimizning asosiy tamoyillaridan biridir. Ulamolarimiz “Avf” soʻzini “bagʻrikenglik bilan oʻzgalarning uzrini qabul qilish, ogʻirlikni oʻziga olib, boshqalarga yengillik baxsh etish” deya izohlagan ekanlar. Imom Tabariy rahmatulloh alayh bunday deydi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan ushbu oyatni sharhlab berishni soʻragan ekanlar. Shunda Jabroil alayhissalom:“Alloh taolo Sizga buyurib aytmoqda-ki, Sizga zulm qilgan kishini Siz avf eting, Sizga bermagan kishiga Siz bering, Sizdan uzilib ketgan kishiga Siz yaqinlashing!” deb sharhlaganlar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamda bu fazilatlarning barchasi mujassam, soʻzlari va feʼllarida ham bu xulq ila ziynatlangan edi, boshqalarni ham kechirimli boʻlishga undardilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kofirlarni islom dinini qabul qilishga qiziqtirsalarda, ammo ularni bunga hech qachon majbur qilmaganlar. Balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam goʻzal axloqlari va bagʻrikengliklari ularning Islomga kirishlariga sabab boʻlgan. Bu esa, u zotning xushmuomalaliklari, muloyim va rahmdilligining sharofatidir. U zot: “Odamlarga rahm qilmaganga Alloh rahm qilmaydi”, deganlar. Bu yerda faqat musulmonlarga emas, balki butun insoniyatga rahm – shafqatli boʻlishga chaqirilmoqda.

Abu Nasr Forobiy oʻzining “Fozil odamlar shahri” asarida “Odamlarga nisbatan ularni birlashtiruvchi asos insoniylikdir”[4], degan fikrlaridan ham rahmdillik, kechirimlilik, naqadar ulugʻ fazilat ekanini anglash mumkin.

Alloh taolo Qurʼoni karim oyatlarida musulmonlarni boshqa din vakillari bilan yaxshilik va mehr-muruvvat qilishga chorlab, oʻzaro tinchlik va totuvlikda bagʻrikenglik hamda mehr-shafqatli boʻlishni “Mumtahana” surasida quyidagicha marhamat qiladi: “Din toʻgʻrisida sizlar bilan urushmagan va sizlarni oʻz yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli boʻlishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta Alloh adolatli kishilarni sevar”.

Buyuk mufassir Abu Lays Samarqandiy “Bahru-l-ulum” nomli tafsir kitobida Qurʼondagi mazkur oyatni shunday tafsir qilgan: “Sizlar bilan dinda urush qilmagan oʻzga din vakillari bilan bordi-keldi qiling, ular bilan adolatli muomala qiling”.

Movarounnahrlik mashhur mufassir Abul Barakot Nasafiy “Madoriku-t-tanzil” asarida mazkur oyatlarni “Oʻzga din vakillariga ehtirom koʻrsating hamda ularga soʻzda va amalda yaxshilik qiling”, deb sharhlaydi[5].

Demak, milliy qadriyatlar va islom dini odamlarni doimo bagʻrikeng, hamda kechirimli boʻlishga insonlar bilan doimo xushmuomilali, samimiy boʻlishga chorlamoqda. Zero, jamiyat turli ijtimoiy qatlamlar, etnik madaniy, lisoniy, konfessional guruhlardan iborat boʻlgan hozirgi davrda bagʻrikenglikning oʻzaro hurmat va eng yuksak insoniy qadriyatlarga asoslanishi, jamiyatda totuvlik va hamjihatlik, barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlashning muhim omili hisoblanadi.

Mashrab Xidirov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
_________________________________________________________________
[1] Ankabut surasi, 46-oyat.
[2] Moida surasi, 8-oyat.
[3] Aʼrof surasi, 199-oyat.
[4] Abu Nasr Forobiy. Fozil odamlar shahri. T.: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1993. – B. 186.
[5] Imom Buxoriy saboqlari. 2016/4. B – 59-60.

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …