Home / MAQOLALAR / “MUVATTO”NING HANAFIY MAZHABIDA TUTGAN OʻRNI

“MUVATTO”NING HANAFIY MAZHABIDA TUTGAN OʻRNI

Hanafiy mazhabining uch ulugʻ imomidan biri – Muhammad ibn Hasan Shayboniy Iroqda imom Abu Hanifa va Abu Yusufdan taʼlim olib, olimlik darajasiga yetganidan soʻng Madinaga safar qilgan. Imom Molik huzurida uch yil turib, uning mashhur asari – “Muvatto”dan dars olgan, undagi hadislarni bevosita muallifdan eshitgan, uning fiqhi, ilmi va rivoyatidan qonib bahramand boʻlgan. Imom Shofeʼiy naql qilishicha, Muhammad ibn Hasan: “Molikning eshigida uch yil turib, uning ogʻzidan yetti yuzta hadis eshitdim”, degan. Ibn Hajar shu soʻzni keltirgach: “Molik kam hollardagina oʻz ogʻzi bilan hadis soʻzlardi. Agar Muhammad uning huzurida uzoq turib, bemalol oʻrnashmasa, bu natijaga erisha olmasdi”, deb izoh berib oʻtgan. [1: B. 175]

Imom Muhammad asarni bevosita muallifdan oʻrganib-oʻzlashtirgach, uni rivoyat qilayotib oʻziga xos yoʻl tutgan. “Muvatto”ning boshqa nusxalarida “Molik dedi:…” deb boshlanadigan fiqhga oid fatvolarni tushirib, marfuʼ, mavquf va maqtuʼ hadislarni qoldirgan. Kitobda keltirilgan masala yuzasidan oʻz qarashlarini, shuningdek, ustozi – Abu Hanifaning raʼyini koʻrsatib, oʻzining bunga qoʻshilish yo qoʻshilmasligini aytib oʻtgan. Gohida shayxi – imom Molikning va hanafiy faqihlarning ham raʼylarini zikr qilgan.

Koʻpgina boblar soʻngida hadisning maʼnosi, unga qanday amal qilinishi hamda koʻzda tutilgan amalning sunnat, mustahab, makruh kabi jihatlariga toʻxtaladi. Gohida oʻzining va ustozlari Abu Hanifa va Molikning qarashlari oʻrtasidagi farqlarni koʻrsatishga batafsil kirishadi, masalaning turli holatlari va hukmlarini bayon qiladi. Buning misoli 18-bob (Burundan qon oqishi sababli tahorat olish bobi)da koʻrinadi. Goho oʻzining muallifga muxolif boʻlgan qarashini quvvatlash uchun qoʻshimcha ravishda Molikning yoʻlidan boshqa yoʻldan bir qancha hadislarni rivoyat qiladi.

Imom Muhammadning imom Molik yoʻlidan boshqa yoʻl orqali rivoyat qilgan hadislari soni baʼzi boblarda 16 taga yetgan. Buning misoli 5-bobda (Zakarni ushlash sababli tahorat olish bobi)da koʻrinadi. Muhammad ibn Hasan u yerda zakarni ushlash tahoratni sindirmasligini 16 ta hadis bilan isbotlashga uringan. Bu esa bitta bob doirasi juda katta qoʻshimchadir.

Ayrim boblarda imom Molik ishtirokidan tashqari sanad bilan 6-7 ta hadisni keltiradi. Masalan, 17-bob (Juma kuni gʻusl qilish bobi)da 6 ta qoʻshimcha hadis keltirilgan. Bu ham kattagina qoʻshimcha hisoblanadi.

Boshqa nusxalardagi aksar boblarda keluvchi “Molik dedi:…” deb boshlanadigan fatvolar imom Muhammad “Muvatto”sida mavjud emas. Molikning yoʻlidan boshqa yoʻl orqali keltirgan hadislarining soni koʻpligi, shuningdek, deyarli har bir bobda roviy oʻz ijtihodi, hadisdan olgan xulosasi hamda Abu Hanifa fiqhining bayoniga koʻp oʻrin bergani, ayrim boblarda sahobalarning qarashlarini bayon qilib ketgani bois bu kitob “Imom Muhammad Muvattosi” deb dovruq taratgan. Buning hayron qoladigan yeri yoʻq. Chunki Muhammad “Muvatto”si  roviy muallifdan eshitib, soʻzma-soʻz rivoyat qilgan kitoblar sirasiga kirmaydi. Balki u Hijoz va Iroqdagi ahli hadis va ahli raʼyning fiqhidan kelib chiqib tuzilgan va ularning turli masalalardagi raʼylarini qiyoslab boyitilgan fiqhiy-qiyosiy toʻplamdir. Bilgan kishilar uchun bu qimmatli xususiyatdir.

Imom Muhammad ibn Hasan “Muvatto”sida xoh isnod bilan, xoh isnodsiz kelgan marfuʼ hadislar hamda mavquf osorlarning soni 1180 ta boʻlib, ulardan 1005 tasi imom Molikdan, 175 tasi boshqalardan rivoyat qilingan. Mazkur 175 ta hadisning 13 tasi Abu Hanifadan, 4 tasi Abu Yusufdan, qolganlari esa boshqalardan keltirilgan. [2: J. 1, B. 141; 3: B. 58]

Fiqh ilmi mutaxassislarining taqsimlashicha, hanafiy mazhabida taʼlif etilgan eng ahamiyatli kitoblar uch qismga: 1) “Zohirur rivoya” va 2) “Zohirur rivoya”ga tenglashtirilgan kitoblar va 3) “Zohirur rivoya” boʻlmagan kitoblarga boʻlinadi.

“Zohirur rivoya” kitoblari muallifdan mutavotir yoki mashhur yoʻl bilan rivoyat qilingan eng ishonchli manbalar boʻlib, hanafiy mazhabida bu kitoblarda kelgan masalalarga qarshi fatvo berish mumkin emas degan usul qabul qilingan. Muhammad ibn Hasan taʼlif etgan bu ensiklopedik xarakterdagi asarlarda mazhabboshilarning turli masalalardagi fatvolari toʻplangan. “Zohirur rivoya” darajasiga tenglashtirilgan” kitoblar sirasiga birinchi oʻrinda imom Muhammad “Muvatto”si kiritilgan. [4: B 92-93]

Mazkur asar qadimdan hanafiylar orasida darslik sifatida oʻqitilgan. Jumladan, movarounnahrlik mashhur hanafiy olimi Abu Hafs Nasafiy (1068-1142) oʻz ustozi Abu Mansur Horisiy (1046-1119) orqali “Muvatto”ni eshitib, oʻqigani maʼlum. Bugungi kunda ham Turkiya, Pokiston va Hindistonda hanafiylar oʻquv dargohlarida mazkur “Muvatto” rasmiy ravishda oʻqitib kelinmoqda. [5: 2016 y., 3-son]

Imom Muhammad “Muvatto”si boshqa “Muvatto”lar singari “Namoz boblari” boʻlimi bilan boshlangan. Odatda hanafiy mazhabidagi mashhur fiqhiy asarlarda dastlab tahorat (poklik) va unga birinchi oʻrinda aloqador boʻlgan suvlar mavzulari batafsil yoritilgach, namozga taalluqli mavzular bayoniga kirishiladi. Bunga “Al-Hidoya”, “Muxtasarul viqoya”, “Tuhfatul fuqaho” va “Nurul iyzoh” kabi asarlarni misol qilish mumkin. “Muvatto” asarida esa, bu tartibdan bir ozgina farq koʻzga tashlanadi. Asar “Namoz boblari” degan boʻlim bilan boshlanadi. Uning birinchi bobi — “Namoz vaqtlari bobi”dan soʻng  birdaniga tahoratga tegishli 13 ta bob, uning ketidan gʻuslga tegishli 4 ta bob, soʻngra tayammum, hayz, istihoza va boshqa poklik masalalariga taalluqli 9 ta bobni oʻtkazib, “Azon va iqomat haqidagi bob” va “Masjidga yurib borish va masjidlarning fazilati haqidagi bob” ketma-ket keltiriladi. Ana shundan soʻng namoz masalalari tegishli yana 70 ta bob bilan “Namoz boblari” boʻlimi yakunlanadi. Mazkur boʻlim jami 100 bobni oʻz ichiga oladi. Eʼtibor berilsa, poklik masalalari kelgusi davrlarda yozilgan fiqhiy asarlardagi singari alohida boʻlim sifatida emas, balki namoz durust boʻlishining shartlari boʻlimining bir qismi sifatida taqdim qilingani koʻrinadi. Qozixon “fiqhdagi ulugʻ asl” deb atagan eʼtiborli “Al-Jomius sagʻir” (Kichik toʻplam)da Imom Muhammad xuddi shu uslubni tutgan. Yaʼni u yerdagi 40 ta fiqhiy mavzular  “kitob” nomi bilan quyidagi tartibda keladi: Namoz kitobi (tahorat masalalari uning ichida bayon qilinadi), Zakot kitobi, Roʻza kitobi, Haj, Nikoh, Taloq, Iylo, Zihor, Qul ozod qilish, Qasamlar, Hadlar, Oʻgʻrilik, (Harbiy) yurishlar, Savdolar, Kafolat, Havola, Zomin boʻlish, Qozilik, Vakolat, Daʼvo qilish, Iqrorlik, Sulh, Muzoraba, Vadia, Oriya, Hiba (hadya), Ijaralar, Mukotab, Maʼzun (izn berilgan), Gʻasb (molni tortib olish), Shufʼa, Muzoraa (ekinda sherikchilik), Xiroj, (Hayvonlarni) soʻyish, Karohiyat, Ichimliklar, Ov qilish, Garov, Jinoyatlar, Vasiyatlar va nihoyat, Tarqoq masalalar kitobi. [6: J. 2, B. 452-453.]

Koʻrinib turganidek, asar ikki katta qismga: 1) Ibodatlar qismi va 2) Muomalot qismiga boʻlingan. Tahorat masalalari Namoz kitobi ichiga kiritib yuborilishi va undan keyingi mavzularning tartiblanishiga qarab imom Muhammad bu tartibni imom Molikdan istifoda etganini payqash mumkin. Ilmning taraqqiy etish bosqichlarida barcha sohalar kabi fiqh fani ham asta-sekin sayqallanib, mukammallashib borgan. Imom Muhammad “Muvatto”si va uning “Al-Jomeus sagʻir” kabi fiqhiy asarlari ana shu jarayonning bir boʻgʻini boʻlib xizmat qilgan. Fiqh mavzularini tartiblashdagi yangilik imom Muhammadning imom Molikdan oʻzlashtirib, ilm sohasiga tatbiq etgan yutuqlaridan biridir. Kelgusi davrdagi faqihlar bu yutuqdan samarali foydalanib, kitob taʼlif etishda “Muvatto”ni oʻzlariga qoʻllanma qilib olganlar va uning uslubini rivojlantirganlar.

“Muvatto”ning fiqh boblariga koʻra tartiblangani, tuzilishi murakkablikdan xoli, hajmi ham katta boʻlmagani bois har qanday tolibi ilm uni oson oʻzlashtira oladi. Boshlovchi talaba fiqhiy xulosalarni yodlash bilan cheklanmay ilk bosqichdayoq ortiqcha mashaqqatsiz har bir mavzuni uning dalili bilan birgalikda oʻrganadi. Imom Muhammadning tez-tez uchrab turadigan izohlari, imom Molik bilan bahsga kirishib, oʻz qarashini dalil yordamida isbot qilishini kuzatish orqali dalildan xulosa chiqarish usullari bilan tanishadi. Yana bir muhim jihati, talaba bu asarda ilmiy munozara odobidan amaliy taʼlim oladi. Imom Muhammad koʻplab masalalarda imom Molikka xilof qilgan boʻlsa-da, unga hurmat saqlab biron bir oʻrinda nojoʻya soʻz aytmaydi, mavzudan chetga chiqmaydi, balki “Biz buni olmaymiz, lekin Abdulloh ibn Masʼudning soʻzini olamiz…” deganga oʻxshash soʻzni aytib, shu zahoti oʻzining dalilini keltiradi. [7: B. 229]Muayyan bir kitob, qaysidir ustoz yoki biron bir mazhabga mutaassib boʻlish hamda oʻzgacha fikrlarni keskin rad etish illatidan salomat boʻlishda kitobning bu jihati gʻoyatda ahamiyatlidir. Bu gap hanafiy mazhabi doirasidagi fatvolarga ham tegishli. Zero imom Muhammad “Muvatto”ning bir qancha oʻrinlarida ustozi – imom  Abu Hanifaga xilof oʻlaroq fatvolar bergan. Bu bilan mazhab doirasidagi fatvolar koʻpayib va kengayib, faqihlar uchun turli sharoitlarda zamon va makonga eng munosib fatvoni tanlash imkoniyati yuzaga kelgan.

Imom Muhammad “Muvatto”sining tartibini uning oxirgi bobi boʻlgan Tafsir bobi misolida koʻrish mumkin. U yerda jami 11 ta hadis kelgan boʻlib, ulardan 2 tasi marfuʼ, 5 tasi mavquf va 4 tasi maqtuʼdir. Uch oʻrinda Imom Muhammad keltirilgan xabarlarga oʻz munosabatini bildirgan. Quyida ushbu bobdagi maʼlumotlarning joylashuvi jadval shaklida berilib, qiyoslash uchun hadislarning Yahyo Laysiy rivoyatidagi “Muvatto”da joylashgan oʻrni ham keltirilgan:

 

Imom Muhammad ”Muvatto”si Tafsir kitobining tarkibi

Hadislarning Yahyo ibn Yahyo Laysiy rivoyatidagi “Muvatto”da joylashgan oʻrni

1

1)    Zayd ibn Sobit (r.a.)dan mavquf hadis

“Oʻrta namoz” haqidagi bob, 313-hadis

2

2)    Amr ibn Rofeʼ (r.a.)dan mavquf hadis

“Oʻrta namoz” haqidagi bob, 312-hadis

3

3)    Abu Yunusdan marfuʼ hadis

“Oʻrta namoz” haqidagi bob, 311-hadis

4

4)    Umora ibn Sayyoddan maqtuʼ hadis

Alloh taoloni zikr qilish haqidagi bob, 492-hadis

5

5)    Ibn Shihobdan maqtuʼ hadis

“Muhsan boʻlish” haqidagi bob, 1176-hadis

6

6)    Amra bint Abdurahmondan mavquf hadis

 

Yoʻq

7

7)    Yahyo ibn Saiddan maqtuʼ hadis

Yoʻq

8

Imom Muhammadning soʻzi: “Biz buni olamiz…”

 

9

8)    Abdurahmon ibn Qosimdan maqtuʼ hadis

Sovchilik haqida kelgan hadislar bobi, 1136-hadis

10

9)    Nofeʼdan mavquf hadis

Quyosh ogʻishi va tun qorongʻusi haqida kelgan hadislar bobi, 18-hadis

11

10)             Dovud ibn Husoyndan mavquf hadis

Quyosh ogʻishi va tun qorongʻusi haqida kelgan hadislar bobi, 19-hadis

12

Imom Muhammadning soʻzi: “Bu Ibn Umar va Ibn Abbosning soʻzidir…”

 

13

11)             Abdulloh ibn Umardan marfuʼ hadis

 

Yoʻq

14

Imom Muhammadning soʻzi: “Bu hadis asrni kechiktirish uni tezlatishdan afzal ekaniga dalildir…”

 

 

“Tafsir” nomidagi bob imom Muhammad “Muvatto”sidan boshqa “Muvatto”larda kelmagan. Tabiiyki, u yerdagi hadislarning joylashuvi boshqa nusxalarnikidan farq qiladi.

Asarda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish uchun bugungi kunda dolzarb boʻlgan koʻplab hadislar kelgan. Birovning savdosi ustiga savdo qilmaslik, musulmonlar oʻrtasini oʻnglash va nafratdan saqlanish, ota-ona huzuriga ruxsat soʻrab kirish mavzusidagi hadislar bunga misoldir.

Yuqoridagilardan maʼlum boʻladiki, hanafiy mazhabi peshvolaridan boʻlgan imom Muhammad hadis ilmi rivojiga salmoqli ulush qoʻshgan. “Eng sahih”, “eng manfaatli” kabi sifatlar bilan ulugʻlangan “Muvatto” asarining taniqli nusxalaridan biri hanafiy mazhabining musannifi – imom Muhammad ibn Hasan Shayboniyga tegishli ekani buni tasdiqlovchi bir faktdir. Bu nusxa sohibi asarni rivoyat qilish asnosida uni qoʻshimcha fiqhiy maʼlumotlar bilan boyitgan. Hanafiy mazhabining dalillari va fatvolari tartibga solinishi hamda yangi fatvolar bilan boyishida imom Muhammad ilmiy faoliyatining oʻrni beqiyosdir. U rivoyat qilgan “Muvatto” asari bunga yaqqol dalildir.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Ibn Hajar Asqaloniy. Taʼjilul manfaati bizavoidi rijolil arbaaa. Ikromulloh Imdodulhaq tahqiqi bilan. – Bayrut: Dorul bashoiril islomiya, 1996. – J. 2.
  2. Abdulhay Laknaviy. At-Taʼliqul mumajjad. (Muvattoul imom Molik rivoyatu Muhammad ibn Hasan Shayboniy maat taʼliqil mumajjadi alo Muvattoi Molik — sharhul alloma Abdulhay Laknaviy.) Taʼliqu va tahqiqul ustoz doktor Taqiyiddin Nadviy. – Damashq: Dorul qalam. Beshinchi nashr, 2011. — J. 1-3.
  3. Muhammad Abu Shahba. Aʼlomul muhaddisin. — Noshir: Markazu kutubish sharqil avsat. 1962. — 352 b.
  4. D. Ali Ahmad Nadviy. Al-Imom Muhammad ibnul Hasanish Shayboniyyu nobigʻotul fiqhil islomiy. — Damashq: Dorul qalam, 1994. Birinchi nashr. — 271 b.
  5. Hamidulloh Aminov. Muhammad Shayboniyning “Muvatto” rivoyati xususida // Imom al-Buxoriy saboqlari. — № 3. — T.: 2016.
  6. Ahmad ibn Muhammad Nasiruddin Naqib. Al-mazhabul hanafiy (marohiluhu vatabaqotuhu, zavobituhu vamustalahotuhu, xasoisuhu vamuallafotuh). – Riyoz: Maktabatur Rushd, 2001. — J. 2.
  7. Muvattoul imom Molik – rivoyatu Muhammad ibnil Hasanish Shayboniy. Abdulvahhob Abdullatif tahqiqi. – Al-Maktabatul ilmiyya. – 594 b.
Sharofiddin LATIPOV

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …