“Jaholatga qarshi maʼrifat” shiori ostida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida boʻlib oʻtgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir ana shunday nomlandi. Unda Markaz xodimlari, Samarqand viloyati Payariq tumani xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 81-son oʻrta umumtaʼlim maktabi ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi M.Abdurazzoqova, yoshlar yetakchisi A.Gʻaniyev va maktabning yuqori sinf oʻquvchilari ishtirok etdi.
Tadbirni Markaz Diniy-maʼrifiy tadbirlar boʻlimi boshligʻi T.Evadullayev kirish soʻzi bilan ochdi. Notiq ilmning ahamiyati, uning jamiyat va inson xayotidagi oʻrni haqida soʻzlab, oʻquvchilarni aʼlo oʻqishga, til oʻrganishga hamda yuksak marralar sari shaxdam odimlashga daʼvat etdi.
Markaz direktori bosh maslahatchisi, professor B.Toʻrayev, xodimlar J.Jumayev va B.Mahmudov oʻz maʼruzalarida ajdodlarimizning ilm-fan taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi va jahon sivilizatsiyasida tutgan oʻrni haqida soʻz oldi va oʻquvchilarga buyuk bobolarimizga munosib avlod sifatida kamol topish borasidagi maslahatlarini berib, Vatanga boʻlgan muhabbat ila uning taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishga chorladi. Tadbirda shuningdek, bugungi kunda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarga ham alohida urgʻu qaratildi. Notiqlar ishtirokchilarga diniy va dunyoviy ilmning ahamiyati, ularning oʻzaro bogʻliqligi toʻgʻrisida, shu bilan birga Imom Buxoriyning hayot yoʻli va ilm talabidagi sayohatlari haqida ham qiziqarli maʼlumotlar berdilar. Oʻquvchilar oʻz navbatida qiziqtirgan savollariga javob olishdi va ajdodlarga munosib avlod boʻlishga vaʼda berishdi.
Tadbir doirasida ishtirokchilarning Markaz muzeyiga ekskursiyasi tashkil qilindi. Unda oʻquvchilar muzeydan oʻrin olgan eksponatlar, tarixiy buyumlar va qadimiy qoʻlyozmalar bilan tanishdilar.
Tadbir koʻtarinki ruh va yuqori kayfiyatda oʻtdi.