Home / XALQARO YANGILIKLAR / “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzuidagi onlayn seminarlar davom etmoqda

“Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzuidagi onlayn seminarlar davom etmoqda

Joriy yilning 2 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzusi doirasida qator ilmiy maʼruzalarni oʻzida mujassam etgan navbatdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi.

Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari, yurtimizda faoliyat yuritayotgan ilmiy muassasalar vakillari, Buxoro davlat universiteti professor-oʻqituvchilari, soha mutaxassislari va xorijiy davlatlardagi mustaqil tadqiqotchilar jami 40 dan ziyod nuqtadan turib ishtirok etishdi.

Bu galgi seminarda Blumingtondagi Indiana universiteti (AQSH) Markaziy Yevroosiyo tadqiqotlari kafedrasi professori Devin Deviz “Najmiddin Kubro va uning “Riyozul avliyo”dagi merosi: Kubroviya silsilasiga XVI asrdagi Markaziy Osiyo nuqtai nazaridan tarixiy nigoh” mavzuida maʼruza qildi.

Maʼruzachi Kubroviya tariqatining asoschisi Najmiddin Kubro siyrati va u qoldirgan maʼnaviy meros xususida batafsil toʻxtaldi va Muʼiniddin Minbariyga tegishli ekani taxmin qilinayotgan “Riyozul avliyo” asari orqali Kubroviya silsilasini tadqiq etish borasida erishilgan natijalarga eʼtibor qaratdi.

Hindistonning Kalkutta shahrida bir dona qoʻlyozma shaklida saqlanib qolgan va 1926 yilda V.Ivanovning Bengaliya Osiyo jamiyati kutubxonasidagi Kerzon kolleksiyasi katalogidan oʻrin olgan hamda Markaziy Osiyo soʻfiyligi boʻyicha muhim manba sifatida taʼkidlangan mazkur asarda Kubroviya silsilasining mashhur vakillari toʻgʻrisida agiografik maʼlumotlar keltirilgan. Asarda shuningdek, silsila vakillarining hayoti, turmush tarzi va odatlari haqida tasavvur beruvchi rivoyatlar va qiziqarli voqealar ham oʻrin olgan.

Notiq oʻz maʼruzasida asar mohiyatidan kelib chiqib, Markaziy Osiyoda XVI asrdagi muhit, oʻzaro qarama-qarshi oqimlar hamda Naqshbandiya va Yassaviya anʼanalarining maʼnaviy asoslari haqida ham qimmatli fikrlarni bildirdi.

“Asar koʻproq eʼtibor qaratishga loyiq boʻlib, unda keltirilgan keng qamrovli maʼlumotlar orqali Markaziy Osiyodagi soʻfiylik tariqatining taraqqiyot tarixiga oid nomaʼlum qirralarni ochishga imkon beradigan muhim va qimmatli manbadir”, deya professor Devin Deviz oʻz maʼruzasini yakunladi.

Seminar soʻnggida olim tomonidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga batafsil javob qaytarildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …