Home / FOTO LAVHALAR / MILLATNING TAQDIRI TILNING TAQDIRIGA BOGʻLIQ

MILLATNING TAQDIRI TILNING TAQDIRIGA BOGʻLIQ

Oʻzbek tili oʻzbek millatining uzoq tarixiy ildizlariga, oʻz siyosiy-huquqiy asoslariga ega muqaddas qadriyati, ulkan maʼnaviy yutugʻidir. Bugungi taraqqiyotiga qadar shonli va sharafli yoʻllarni bosib, keskin va shiddatli toʻfonlarni yengib kelayotgan milliy tilimiz davlat maqomida yanada ulugʻvor va ustuvorligini namoyon qilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 21 oktyabr – oʻzbek tili bayrami munosabati bilan “Til – millat koʻzgusi” shiori ostida oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda ham shu haqda soʻz bordi.

Tadbirda markaz direktori Sh.Ziyodov tabrik nutqi soʻzlab, oʻzbek tilining taraqqiyot davri koʻp asr ilgari boshlangan boʻlishiga qaramay, oʻtgan vaqt davomida bir necha martalab hujumga, kamsitilishlarga duch kelganini aytdi va bugungi kunda soni unchalik koʻp boʻlmagan suveren tillar sirasiga kirganini mamnuniyat bilan eʼtirof etdi.

Markazning barcha rahbar, ilmiy va texnik xodimlari ishtirok etgan tadbirda markaz ilmiy kotibi B.Tursunov maʼruza qilib, yigʻilganlarga millatning taqdiri tilning taqdiri bilan bevosita bogʻliqligi, oʻzbek tili esa oʻtgan yillar davomida mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat vakillarini oʻzaro bogʻlaydigan mehr-oqibat tiliga aylanganini taʼkidladi.

– Til milliy qadriyatligi bois oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Tilimiz rivojida yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar, adibu shoirlarning xizmatlari benihoya kattadir. Jumladan, Alisher Navoiy hazratlari oʻzbek tilida ijod etib, tilimizni dunyoga tanitgan. “Muhokamatul lugʻatayn” asarida oʻzbek tilining badiiy imkoniyatlarini mazkur davrda adabiyot va sheʼriyat tili hisoblangan forsiydan aslo kam boʻlmaganligini ilmiy jihatdan isbotlab bergan, – deb taʼkiladi notiq.

Darhaqiqat, har bir inson oʻz ona tilini qadrlashi va asrab-avaylashi lozim. Shundagina tilning, millatning qadri, obroʻsi va nufuzi oshadi. Oʻzbek tilining mamlakatimizda davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslari qonun bilan belgilab qoʻyilgan.

Maʼruzachi oʻz nutqida Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni uch tamoyilga: umumiylik, majburiylik va huquqiy kafolatga asoslanishini, davlat tilining huquqiy maqomi belgilab qoʻyilgani tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanishga, uning erkin muomalada boʻlishi uchun zarur sharoitni yaratib berganini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan tadbirda ish yuritish va ilmiy tadqiqot ishlarida markaz xodimlari ham oʻzbek tili sofligini taʼminlashi, buning uchun til qoidalariga qatʼiy rioya etishi zarurati toʻgʻrisida soʻz yuritildi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar soʻnggi yillarda mamlakatimizda barcha sohada boʻlgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim oʻzgarishlar yuz berayotganini, eng yuqori darajadagi rasmiy uchrashuv va muzokaralarda tilimiz keng qoʻllanilayotgani haqida toʻlqinlanib gapirdilar.

Yakunda markaz ilmiy xodimi B.Mahmudov oʻzbek tilini madh etuvchi, oʻz ijodiga mansub boʻlgan sheʼrlardan namunalar oʻqidi.

Har bir millat oʻz ona tili rivoji haqida qaygʻurmasa, u til bora-bora isteʼmoldan chiqib ketadi, yaʼni uning oʻrnini boshqa tillar egallaydi. Shuning uchun har bir millat oʻz ona tili taraqqiyotiga hissa qoʻshishi kerak. Shundagina xalq oʻz milliy tili, milliy gʻururini nafaqat saqlab qolib, balki yuksaklarga koʻtara oladi.

Imom Buxoriy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …