Turkiyaning “Turk dunyosi” parlament jamgʻarmasi Direktorlar kengashi raisi, doktor Abdullo Chalishkan rahbarligidagi delegatsiya Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.
Tashrif avvalida delegatsiya aʼzolari Markaz muzeyi faoliyati, undagi nodir buyum va qoʻlyozma nusxalari bilan tanishishdi.
Shundan soʻng, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyati va delegatsiya aʼzolari oʻrtasida qisqa muloqot boʻlib oʻtdi. Unda Markaz direktori, tarix fanlari nomzodi, dotsent Shovosil Yunusov mehmonlarni qutlab, Oʻzbekiston va Turkiya davlatlari oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar tobora takomillashib borayotgani Markazning “Turk dunyosi” parlament jamgʻarmasi hamda Turkiyadagi qator ilm muassasalari, jumladan, Istanbul, Marmara, Karabuk, Anqara Yildirim Boyazid universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va mustahkamlab borish imkoniyatini yanada oshirayotganini alohida taʼkidladi va istiqbolda mazkur hamkorlik yangi bosqichlarda davom etishiga ishonch bildirdi.
Delegatsiya rahbari, doktor Abdullo Chalishkan oʻz navbatida samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor qilib, oʻzi rahbarlik qilayotgan jamgʻarma Markaz bilan hamkorlikni bundan ikki yil muqaddam yoʻlga qoʻyganligini mamnunlik bilan tilga oldi va muassasalarning yakdil tashabbusi asosida oʻtkazilgan xalqaro konferensiyalarda bevosita ishtirok bilan birga koʻrsatayotgan qator amaliy yordami uchun Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasiga tashakkur bildirdi.
“Turk dunyosi” jamgʻarmasi turkiy xalqlar parlamentlari oʻrtasida doʻstlik, oʻzaro tajriba almashuv va insonparvarlik missiyasini amalga oshiradi. Bu borada mazkur muassasa yirik tajriba toʻplagan boʻlib, faoliyati turkiy xalqlarning oʻziga xos qadriyatlari, mushtarak qarashlari va hamkorlikdagi loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan.
Tashrif nihoyasida tomonlar oʻzaro esdalik sovgʻalari va muassasalar tomonidan nashr ettirilgan adabiyotlar almashdilar.