(Sahihul Buxoriy, Imon kitobi, 4-bob, 10-hadis)
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو ؛ قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : “الْمُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ الْمُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ ، وَالْمُهَاجِرُ مَنْ هَجَرَ مَا نَهَى الله عَنْهُ ” رواه البخارى. متفق عليه
Abdulloh ibn Amr[1] roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallollohu alayhi va sallam aytdilar: “Qoʻli va tili bilan musulmonlarga ozor bermagan kishi haqiqiy musulmondir. Alloh taolo man etgan narsalardan qaytgan kishi Alloh yoʻlida haqiqiy hijrat qilgan kishidir.” Imom Buxoriy rivoyati. Olti sahih hadis toʻplamlari mualliflari bu hadisning sahihligida ittifoqdirlar.
Hadisning ahamiyati haqida
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam islom diniga birinchilardan boʻlib kirganlarni bu bilan faxrlanib qolmasligi uchun hamda bu amallariga suyanib qolishlaridan xavf qilib, ularga musulmonni fazilati islomni birinchi boʻlib qabul qilishda emas, balki uning tili va qoʻlidan keladigan zararlardan boshqa musulmonlar salomat boʻlishligida hamda oʻzaro muomala va muloqotda boshqalarning huquqlariga tajovuz qilmaslikda ekanligini bayon etdilar. Shuningdek, muhojirlarni oʻzining hijratiga suyanib qolishdan ehtiyot boʻlishga chaqirib, jismning hijratidan ham savobi ulugʻroq hijrat borligini maʼlum qildilar va haqiqiy hijrat jism hijrati emas, balki Alloh taolo qaytargan narsalardan qaytmoq ekanini uqtirdilar.
Hadisning umumiy maʼnosi
“Qoʻli va tili bilan musulmonlarga ozor bermagan kishi haqiqiy musulmondir.”
Musulmon kishining zimmasidagi haqqi boshqalarga tili va qoʻli bilan ozor bermaslikdir. Kimiki, islom dinining besh arkonini qoim qilsa-yu, tili va qoʻlini boshqalarga ozor berishdan saqlamasa, demak, u komil musulmon emas.
Hadis matnida avval til bilan ozor berishdan saqlanish, keyin qoʻl bilan ziyon yetkazishdan saqlanish aytilmoqda. Chunki, tilning jarohati qoʻlning jarohatidan qattiqroq va alamliroq boʻlish bilan birga tilning zarari qoʻlning zararidan koʻlami ham kattaroqdir. Ammo, islom shariati va taʼlimotida ota farzandiga odobini isloh qilish uchun, yoki oʻqituvchi shogirdga ilm va adabni oʻzlashtirish uchun, hukumat tomonidan masʼul shaxsning jinoyatchini jazolamoq uchun unga jazo bermogʻi bu hadisga doxil emas. Chunki, bu harakatlarning zamiridagi niyat zulm qilish emas, balki jamiyatning kelajagi va islohi uchun qaygʻurishdan iborat.
“Alloh taolo man etgan narsalardan qaytgan kishi Alloh yoʻlida haqiqiy hijrat qilgan kishidir.”
“Hijrat” deb musulmonlarning Makka mushriklarining zulmidan oʻzlarini, mollarini va dinini asrash maqsadida Madinaga koʻchishligiga aytiladi. Shu niyat bilan koʻchgan sahobiyga “muhojir” deb ataladi. Oʻsha vaqtda Makka mushriklarining zulmi haddan oshib, iymon-eʼtiqodiga zarar keltiradigan darajaga bordi. Shu sababli sahobalar orasida dinini asrab qolish uchun hatto bor mol-mulklarini ham tashlab, Makkadan Madinaga ketganlari boʻlgan.
Ammo Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Makka fathi kuni “Fathdan soʻng hijrat yoʻq”, deb aytgan soʻzlariga binoan endi hijrat qilish yoʻqdir. Lekin baʼzi ulamolarimiz musulmonning istiqomat qilib turgan makonida dini sababli unga nisbatan zarar va tajovuzkorlik mavjud boʻlsa, unga oʻsha joydan koʻchish vojib, deydilar.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam haqiqiy moʻmin-musulmonning sifatlarini bayon qilib boʻlganlaridan soʻng, haqiqiy muhojirning sifatlarini ham bayon qildilar. Alloh taolo muhojirlarning alohida darajalari haqida Qurʼoni karimning bir necha joyida xabar bergan.[2] Rasuli akramning bu soʻzlari hijrat savobiga yeta olmagan musulmonlar uchun buyuk bashoratdir. Zero, Alloh taolo man etgan narsalardan qaytish bilan har bir musulmon erkagu ayolda muhojirlik martabasi va savobiga yetishish imkoni paydo boʻladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu muborak soʻzlari bilan muhojirlik, ansorlik va sahobalik martabasiga yetmagan har bir musulmonning qalbi taskin topadi. Demak, muhojirlik martabasiga yetolmagan gʻarbu sharqdagi har bir musulmon kishi ushbu hadisga amal qilish bilan, musulmonlarga tili va qoʻlidan zarar berishdan oʻzni tiyish bilan bunday yuksak martabaga yetadi.
Hadisdan olinadigan foydalar.
- Hadisda musulmonlarning haq va huquqlarini muhofaza qilishga daʼvat mavjudligi.
- Musulmon kishi boshqalarga xoh jismoniy, xoh maʼnaviy boʻlsin, har qanday koʻrinishdagi biror zararni berishdan oʻzini saqlash kerakligi.
- Har bir musulmon Alloh taolo man qilgan va U zotning gʻazabini keltiradigan amallardan oʻzini saqlashi zarurligi.
- Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam bilan zamondosh boʻlmasa-da, har bir musulmon uchun u zotga zamondosh boʻlgan sahobalarning martabasiga yetishmoq imkoni mavjud ekanligi.