Home / YANGILIKLAR / ZAMONAMIZ XORAZMIYSI

ZAMONAMIZ XORAZMIYSI

Poytaxtimizda “Olimlar bogʻi” tashkil etilsa…

Joriy yil 5 sentyabrda buyuk olim va murabbiy, bagʻrikeng inson, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Oʻzbekistonda kibernetika, yaʼni raqamli iqtisodiyotning shakllanishi, uning rivojlanishi va bu sohada milliy kadrlarni tayyorlashga munosib hissa qoʻshgan, butun hayotini, ilmiy salohiyatini ezgulik yoʻliga sarflagan, respublikada xizmat koʻrsatgan fan va texnika arbobi, Beruniy nomidagi davlat mukofoti sohibi, akademik Vosil Qobulov tavalludiga 100 yil toʻldi.

Akademik V.Qobulov yaratgan algoritmlash va raqamli texnologiyalar boʻyicha izlanishlari natijasi dunyo miqyosida mashhur va eʼtirof topgan. Uning algoritmlash sohasida yozilgan ilmiy asarlari hozirgi kunda mamlakatimizning oliy oʻquv yurtlarida, kollej, akademik litsey va umumtaʼlim maktablarida birday oʻqitilib kelinadi.

Akademik tashabbusi bilan yurtimizning qator oliy taʼlim muassasalarida raqamli texnologiya va sunʼiy tafakkurga oid kafedralar, fakultetlar tashkil etilgan va ular hozirgi kunda ham faoliyat yuritib keladi.

Olim diniy va dunyoviy ilmlarni bir-biri bilan uzviy bogʻlashga hamda mutafakkirlarimiz asarlaridagi odob-axloq va ilmni ular talqin qilganidek uygʻunlashtirib borishga harakat qilar edi. U nafaqat tabiiy bilimlar, shuningdek, yurtimiz tarixiga oid adabiyotlarni ham chuqur oʻrgandi. Habibiy, Chustiy, Mirzakalon Ismoiliy, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi adiblar bilan hamsuhbat boʻldi. Tarixiy obidalarni asrash va ularni taʼmirlash boʻyicha ham juda koʻp amaliy ishlarni hayotga tatbiq qildi.

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining vitse prezidenti marhum akademik T.Rashidov olim haqida quyidagi xotiralarni yozgan: “Biz Vosil Qobulov bilan Xorazmda Al-Xorazmiyga bagʻishlangan xalqaro ilmiy anjumanni birga oʻtkazdik (unga OʻzFA vitse-prezidenti akademik S.Sirojiddinov raislik qilgan edi). Shu anjuman oʻtkazilgandan soʻng Al-Xorazmiyning matematika faniga qoʻshgan hissasi yana bir bor tan olindi, Vosil Qobulov esa zamonamiz Al-Xorazmiysi degan tarifga sazovor boʻldi”.

Kibernetika institutida uzoq yillar rahbarlik lavozimlarida ishlagan texnika fanlari doktori, professor, bir qator xalqaro akademiyalarning aʼzosi, mehnat faxriysi Neʼmatilla Moʻminov shunday eslaydi:

“Akademik Qobulov oʻsha davrda respublikamiz rahbari boʻlgan Sharof Rashidovning qoʻllab-quvvatlashi va bevosita koʻmagi bilan, yoʻq joydan markaz, institut va shoʻrolar mamlakatida birinchi boʻlib “Kibernetika” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasini tashkil etgan. U nafaqat Oʻzbekiston, balki, Rossiya va Markaziy Osiyo respublikalari — bugungi kungi mustaqil davlatlarning ham ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash va ilmiy salohiyatini koʻtarishga munosib hissa qoʻshgan”.

Qurʼoni karimda “Har bir olimdan koʻra, olimroq kishi topilaveradi”, deyilgan. Xuddi, shuningdek, Qobulov ham fanning turli sohalarida erishilgan muvaffaqiyatlari bilan chegaralanib qolmasdan kibernetika fanining yordami bilan har bir fanni cheksiz tarzda rivojlantirishimiz kerak, der edi.

Bugungi kunda Prezidentimiz tashabbusi va taklifi bilan tashkil etilgan “Oʻzbekiston tarixi” telekanali tarixiy maʼlumotlarni roʻy-rost aytilishiga juda katta imkon beryapti. Xususan, Oʻrta Osiyodagi birinchi universitet Munavvarqori Abdurashidxonov tomonidan tashkil etilganligi maʼlum boʻlyapti. Savodsizlik deganda bilishni bilmaslik mezon qilib olingan ekan.

Maʼlumotlarga koʻra, 1920 yilda tashkil etilgan Turkiston universiteti birinchi yil talabalarni qabul qilganda faqat bir nafar qirgʻiz millatiga oid Oʻrta osiyolik talaba qabul qilingan. Oʻzbek xalqining oʻgʻlonlari akademik Xalil Ahmedovich Rahmatullayev (nimagadir hujjatlarda Raxmatullin boʻlib ketgan) parashyut nazariyasini yaratgani, raketa-kosmik texnikasini takomillashtirishda faol qatnashib, dunyoda birinchi kosmonavt Yu. Gagarinni parvozga uchirgan akademik Korolev bilan bevosita ishlagani, Kremlda oʻzbek doʻppisini kiyib sobiq Markazkom kotibi N.S.Xrushevni hayratga solgani faxrlanishga arziydigan voqealar va tarix sahifalariga zarhal harflar bilan bitib qoʻyiladigan misollardir.

Akademik Halim Haydarovich Usmonxoʻjayev esa, paxta terish mashinasi nazariyasiga nihoyatda katta hissa qoʻshgani, oʻz-oʻzini tozaluvchi shpindel-avtomatni yaratgani, “mashina va mexanizmlar” nazariyasi oʻzbek maktabining asoschisi va rahbari tomonidan kashf etilgani tahsinga sazovor boʻlgan jonli voqealar sanaladi.

Bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan dunyoning yirik va nufuzli oliy oʻquv yurtlarining filiallari mamlakatimizda tashkil etilmoqda. Yoshlarimiz jahon miqyosida nufuzli oʻsha oliy taʼlim maskanlariga borib tahsil olyapti yoki respublikamiz hududida faoliyat olib borayotgan boʻlimlarida oʻqib, dunyoviy ilmlarni egallashlariga ulkan sharoitlar yaratib berilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan poytaxtda muhtasham Adiblar xiyoboni tashkil etildi. Bu dunyo mamlakatlari nigohida ham oʻziga xos eʼtirof etib kelinmoqda. Ana shunday ezgu ishlardan ruhlanib, nafaqat Oʻzbekistonda, shuningdek, jahon miqyosida ilm-fanning rivojiga katta hissa qoʻshgan ulugʻ mutafakkirlarimiz va olimlarimiz xiyobonini ham Toshkentda tashkil etsak, maqsadga muvofiq boʻlur edi. Bu taʼbir joiz boʻlsa, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining “Olimlar bogʻi” sifatida mamlakatimizda ilm-fanga, fan zahmatkashlariga koʻrsatilayotgan katta eʼtibor va ragʻbat sifatida eʼtirof topardi.

Davlatimiz rahbari gʻoyasi asosida tashkil etilgan “Shon-shuhrat” muzeyida urush va mehnat fronti qatnashchisi boʻlgan olimlarning ilmiy-amaliy izlanishlari natijasida Ikkinchi jahon urushida gʻalabaga qoʻshgan hissalarini yoritib beradigan boʻlimning tashkil etilishi ham ulkan voqelik boʻlardi.

Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyida esa olimlar boʻlimini ochish, darsliklarga oʻzbek olimlarining ilmiy merosini kiritish yosh avlodning ilm-fanga boʻlgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Bugun biz Habib Abdullayev, Muhammadjon Oʻrazboyev, Vosil Qobulov, Halim Usmonxoʻjayev kabi ulugʻ olimlarimiz orzu qilgan farovon, ilm-fanga eʼtibor yanada kuchaygan davrda yashayapmiz.

Muxtasar qilib aytganda, akademik Vosil Qobulovning hayoti, ilm-fanga, xususan, kibernetika sohasi rivojiga qoʻshgan beqiyos xizmatlari haqida birgina maqola koʻlamida toʻliq yozish mushkul albatta. Buyuk olimning nomini abadiylashtirish, ilmiy merosini keng targʻib qilish juda oʻrinli va boʻlajak Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yoʻlidagi intilishlarimizga mos boʻlur edi. Bu, ayni paytda muhtaram Prezidentimizning ilm-fanni, olimlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash davlatimizning ustuvor vazifalardandir, deya taʼkidlariga hamohangdir.

Shu maʼnoda uzoq yillar davomida nafaqat respublikamiz, balki hamdoʻstlik mamlakatlarining yirik ilmiy markazlariga oʻz ilmiy izlanishlari bilan, qolaversa, shu sohada yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda namuna boʻlib kelgan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tizimida “Kibernetika” instituti qayta tashkil etilib, mazkur muassasa akademik Qobulov nomi bilan atalsa, goʻzal poytaxtimizdagi mahalla, koʻchalardan biriga uning nomi berilsa buyuk olimga katta hurmat va ehtirom ifodasi boʻlardi.

Shayx Abdulaziz MANSUR,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi direktori oʻrinbosari
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2021-yil 8-sentabr, 179-son

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …