Joriy yil 30 avgust kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent Davlat sharqshunoslik universiteti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti huzuridagi “Yosh olimlar kengashi” va Turkiyaning Diyonat ishlari vazirligi, Germaniyaning Frankfurt Gyote universiteti Islom madaniyati va dinshunoslik instituti bilan hamkorlikda “Dastlabki davrlardagi tafsir rivoyatlari asosida Qurʼonning nuzul tartibiga yangicha qarash” mavzusida onlayn ilmiy-amaliy seminar boʻlib oʻtdi.
Unda Gyote universiteti Islom madaniyati va dinshunoslik instituti direktori, professor Oʻmer Oʻzsoy shu nomdagi ilmiy maʼruzasini bayon qildi.
Notiq maʼruzasida Qurʼonni arab tilida nozil boʻlishi sabablari va uning zohiriy maʼnolarini koʻrsatib berdi. Maʼruzada aytilganidek, Qurʼoni karim jaholat botqogʻidagi qavmga nozil qilingan boʻlib, u Paygʻambarimizga berilgan moʻjizalardan biridir. Shu jihatdan qaralganda, tafsir ilmi Muhammad alayhissalom zamonlaridayoq tashkil topgan, deyish mumkin.
Maʼruzachi shuningdek, musulmonlarning tafsirga boʻlgan ehtiyojini yuzaga kelishi sabablariga alohida toʻxtalib, bu ilmning shakllanish jarayonlarini birma-bir sanab koʻrsatdi.
Shu bilan birga seminar doirasida “Open link Quran” loyihasi haqida ham maʼlumot berildi. Mazkur loyihada Qurʼon nozil boʻlishi, uning turli davrda koʻchirilgan qoʻlyozma nusxalari haqidagi maʼlumotlar, Qurʼon va tafsir, Qurʼon va uning qiroatlari, elektron dasturlari haqidagi maʼlumotlar, “Mavsuʼot tafsir bil-maʼsur” kitobi asosida tuzilgan taʼlim va qiroat dasturi va tafsirga doir barcha mavzular aks ettirilgan. Kelgusida mazkur dastur orqali tafsir ilmini va Qurʼon oyatlarining turli tafsirlarini oʻrganish va qiroat qilgan qorilar haqida batafsil maʼlumotlarni ham olishga keng imkoniyat yaratiladi.
Seminar qizgʻin bahs-munozaralarga boy boʻlib, uning yakunida ishtirokchilarning barcha savollariga ilmiy asoslangan javoblar qaytarildi.