Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning intervyusini oʻqib, toʻlqinlanib ketdim. Qalbimda quvonch, faxr-iftixor tuygʻulari joʻsh urdi.
Oʻtgan asrning 60-yillarini elas-elas eslayman. Toshkentning eski shahar qismida birinchi marta loy koʻchalar tosh koʻchaga, keyinroq asfalt yoʻllarga almashdi. Asosan, ariqlardagi, jumladan, Anhor kanalidagi suvni tindirib, qaynatib ichib yurgan mahallalarga ichimlik suvi tarmogʻi tortildi. Dastavval 400-500 metr masofada umumiy kranlar oʻrnatildi. 5-10 yillardan keyin xonadonlarga suv tarmoqlari kirib bordi.
Shuni yaxshi eslaymanki, 60-yillarda oziq-ovqat, ayniqsa, non mahsulotlari qahatchiligi hukm surgan boʻlsa ham, koʻchalarning obod qilinishi va ichimlik suvi tortib kelinishi bolalarga ham, kattalarga ham olam-olam quvonch bagʻishlagandi…
Mustaqillikning keyingi besh yilining dastlabki yillari mamlakatimizda aholining turmush tarzi va sharoitlari oʻrganildi, har bir xonadonga kirib, har bir fuqaroning yashash sharoitlari bilan tanishildi. “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari tuzildi, “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari” shakllantirildi va hayotga joriy etila boshlandi.
Mamlakatdagi har bir insonning tashvishi, gʻami, muammosini, ayni paytda quvonchi, gʻalabasini oʻzinikidek koʻrib kelayotgan Prezidentning tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan barcha ishlar zaminida chuqur tajriba va mantiq yotibdi. Bir tasavvur qilaylik: bir qarich loy kechib maktabiga boradigan bolaning kayfiyati qanday boʻladi-yu, oladigan bilimi qanday boʻladi? Ariq yoki kanaldagi, nari borsa, suv tashuvchi mashinadagi suvni isteʼmol qilish, ehtiyojlarga yetkazishga intilish, sifatsiz suvning salomatlikka taʼsiri, ayniqsa, bu yil yoz sharoitida suv tanqisligi kabi omillar inson kayfiyatiga qanday taʼsir koʻrsatadi? Bularning hammasi esa odamdagi eng yaxshi fazilatlarning: insonparvarlik, poklik, halollik, xushmuomalalik, vatanparvarlikning shakllanishida asosiy omillar ekanini yaxshi bilamiz.
Mana nima uchun “Obod mahalla” dasturiga alohida eʼtibor qaratildi?! Amalga oshirilgan ishlarning sanogʻiga yetib boʻlmaydi: katta shaharlarimizda oʻn yillar mobaynida suv bosib, chivinxona boʻlib yotgan podvallar quritildi. “Chin soʻzim, agʻanab tushmayman”, deb turgan 50-60 yillik elektr simyogʻochlar yangilariga almashtirildi. Hali-hanuz tashib keltiriladigan suvni chelaklab uyiga olib borib yurgan kelinlarimiz va qizlarimiz uylarning ichiga oʻrnatilgan kranlardan bahramand boʻlish nima ekanini anglab yetmoqda. Joriy yilda eng chekka qishloqlarga ham juda boʻlmaganda tosh yoʻllar tortildi, bosqichma-bosqich asfalt qilishga kirishildi.
Yangi maktablar, bolalar bogʻchalari qurildi, eskilari taʼmirlanmoqda. Odamlarga, ayniqsa, yoshlarga qishloq joylarda yer berilmoqda.
Natijada shaharu qishloqlarimizning suratu siyrati ijobiy tomonga keskin oʻzgardi. Ishsizlik, ayniqsa, joriy yilda keskin kamaya boshladi va albatta, odamlarimizning kayfiyati yaxshi tomonga oʻzgarmoqda.
Kuni kecha Jizzax viloyatining Mirzachoʻl tumani markazida, jazirama issiqda ryukzak taqib olgan bolakayni toʻxtatib: “Bolam, qayoqqa ketyapsan?” deb soʻraganimda “Ingliz tili darsiga”, degandi quvonchdan boshim osmonga yetdi… Jizzax shahrida ochilgan zamonaviy texnologiyalar institutiga hujjat topshirayotgan baxmallik oddiy qishloqdan kelgan, lekin ingliz tilini oʻzlashtirib olgan qizlar, fransuz yozuvchisi Dryuonning “Sohibqiron Amir Temur” asari mavzusini aytib bergan qamashilik 80 yoshli Ergash ota, Olmaliq, Ohangaron, boshqa shahar va uzoq qishloqlargacha vagonchalarda jihozlangan “Goʻzallik salonlari”, bir emas, bir nechta xorijiy oliy oʻquv yurtlariga kirib ulgurgan urgutlik yoshlar, respublika asal koʻrgazmasida ikkinchi oʻrinni olgan buxorolik yosh asalchilar, Margʻilon va Boysundagi egizak hunarmandchilik maskanlari, har avtobus bekatida oʻsha yerga xos issiq tandir nonini xarid qilish imkoniyati — bularning hammasi hozirgi kun voqeligi.
Qariyalar, boquvchisini yoʻqotganlar, nogironligi borlar, yetimlarga davlat tomonidan koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik, qurilayotgan koʻrkam uylar, nuroniylarning izzat-eʼtiborda ekani ham kunimizning voqeliklari.
Islom olami va dunyo tamadduniga bebaho hissa qoʻshgan ulugʻ ajdodlarimiz: Xorazmiy, Fargʻoniy, Beruniy, Ibn Sino, Termiziylar, Buxoriy, Ulugʻbek, Navoiy ijodini oʻrganish, targʻib qilish, islom dinining asl tinchlik, ezgulik va bagʻrikenglik mohiyatini anglash hamda anglatish maqsadida tashkil etilgan Imom Termiziy, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, buyuk mufassirlar va muhaddislar anʼanalarini davom ettiradigan yuqori malakali va chuqur ilmli ilohiyotshunoslarni tayyorlash maqsadida faoliyati yoʻlga qoʻyilgan Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Samarqanddagi Hadis ilmi maktabi va Toshkentdagi Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi ham kunimizning haqiqatlari.
Yangilangan va qayta jon ato etilgan Fanlar akademiyasi, qoʻlyozmalardan tortib yangilanuvchi energiya manbalarigacha tadqiqotlar olib borayotgan ilmiy izlanish muassasalari, oʻndan ziyod xalqaro oliy taʼlim muassasalarining filiallari, Prezident maktablari, sportchilarimizning Tokiodagi gʻalabalari ham bugunimizning farahbaxsh voqeligidir.
Albatta, hali qiladigan ishlarimiz koʻp. Ammo birinchi qadamlar tashlandi. Hayotidagi birinchi oʻzgarishlarni, islohotlarning birinchi natijalarini xalqimiz koʻrib, bilib turibdi. “Qilsa boʻlar ekan-u!” deyapti xalqimiz obod mahalladan tortib “siti”larimizgacha nazar tashlab. Ha, davlat rahbarining har bir qadami hayot tajribasi va sogʻlom mantiqqa asoslansa, qilsa boʻlar ekan, siyosatining maqsadi elni va har bir insonni rozi qilish boʻlsa, qilsa boʻlar ekan!
Hazrati Navoiy el gʻamini oʻylaydigan insonni tarannum etgandi. Kuni kecha ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan intervyuda davlatimiz rahbari, jumladan, shunday dedi: “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sifatidagi faoliyatimning maʼno-mazmunini tashkil etadigan eng ulugʻ maqsad—xalqimizning tinch va osoyishta, erkin va farovon hayot haqidagi orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish yoʻlida sidqidildan fidokorona xizmat qilishdan iboratdir”.
Yoʻllar va koʻngillar obodligi sari qadamlarimiz bardavom, xalqimizni rozi qilish uchun olib borilayotgan olijanob faoliyat xayrli va samarali boʻlsin.