Hurmatli Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari!
Avval xabar berganimizdek, Misr Arab Respublikasining “Al-Azhar” majmuasi tasarrufidagi taʼlim muassasalariga qabul qilish faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita (Keyingi oʻrinlarda – Din ishlari boʻyicha qoʻmita deb yuritiladi) yoʻllanmasi asosida amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita yoʻllanmasini olish maqsadida “Al-Azhar” majmuasi tasarrufidagi taʼlim muassasalarida tahsil olish istagida boʻlgan fuqarolarimizning hujjatlari joriy yilning 25 iyun kunidan – 15 iyul kunigacha qabul qilindi.
Misr Arab Respublikasi “Al-Azhar” majmuasi va uning tasarrufidagi taʼlim muassasalarida tahsil olish maqsadida murojaat qilgan fuqarolarimizning arizalari Din ishlari boʻyicha qoʻmita huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy diniy taʼlim muassasalarida taʼlim olishiga koʻmaklashish boʻyicha Maslahat kengashi qoshidagi Ishchi guruhi tomonidan joriy yilning 16-30 iyul kunlari belgilangan tartibda oʻrganib chiqildi.
Oʻrganish natijasiga koʻra, Maslahat kengashi huzuridagi Ishchi guruhi tomonidan “Al-Azhar” majmuasi va uning tasarrufidagi taʼlim muassasalarida oʻqishga tavsiya etilgan fuqarolar roʻyxati Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning tavsiya xati asosida 2021 yil 30 iyul kuni “Al-Azhar” majmuasi institutlari departamenti administratsiyasining elektron manziliga hamda Misr Arab Respublikasining Toshkentdagi elchixonasiga yuborildi.
Izoh: Din ishlari boʻyicha qoʻmitaga jami 204 nafar fuqaro murojaat qilgan boʻlib, ulardan 203 nafar fuqaroga tavsiya xati berildi. 1 nafar fuqaro 18 yoshga toʻlmaganligi sababli tavsiya xati berish rad etildi.
“Al-Azhar” majmuasi va uning tasarrufidagi taʼlim muassasalarida oʻqishga tavsiya etilgan fuqarolar hujjatlarini rasmiylashtirish maqsadida Misr Arab Respublikasining Toshkentdagi elchixonasiga murojaat qilishlari mumkin.
Murojaat uchun tel: (71) 239-43-73