Home / MAQOLALAR / “SIYAR AʼLAMUN NUBALO” ASARIDA IMOM BUXORIY SIYRATI (3-QISM)

“SIYAR AʼLAMUN NUBALO” ASARIDA IMOM BUXORIY SIYRATI (3-QISM)

Xotiralari, zakovatlari va ilmlarining kengligi

Muhammad ibn Ahmad Gʻunjor “Tarixi Buxoro” kitobida aytganlar: “Men Abu Amr Ahmad ibn Muhammad Muqriydan eshitdim. U kishi Mahiyb ibn Sulaymdan, u kishi Karmana imomi Jaʼfar ibn Muhammad Qattondan Muhammad ibn Ismoilning: “Ming va undan koʻproq shayxdan hadis yozdim. Ularning har biridan oʻn ming va undan koʻproq hadis yozib olganman. Har bir hadisni sanadi bilan yod bilaman”, deganlarini eshitganlar”.

Gʻunjor aytganlar: “Bizga Muhammad ibn Imron Jurjoniy shayx Abdurahmon ibn Muhammad Buxoriydan eshitganlarini aytdilar. U kishi Muhammad ibn Ismoilning: “Hijoz, Iroq, Shom va Misr ahlining mingdan ziyod hadis roviysi bilan yuzma-yuz boʻldim. Ular bilan bir necha bor uchrashdim. Shom, Misr va Jaziraga ikki marta, Basraga toʻrt marta borganman, Hijozda olti yil yashaganman. Makkiy ibn Ibrohim, Yahyo ibn Yahyo, Ibn Shaqiq, Qutayba, Shihob ibn Maʼmar kabi Xuroson muhaddislari bilan Kufa va Bagʻdodga necha marta borganimning hisobini bilmayman. Shomda Firyobiy, Abu Musʼhir, Abul Mugʻiyra, Abul Yamon va boshqa roviylar bilan uchrashganman. Ulardan birortasining: “Din – soʻz va amaldan iborat. Qurʼon Alloh taoloning kalomidir”, degan soʻzga xilof qilganlarini koʻrmadim”, deganlarini eshitganlar”.

Muhammad ibn Abu Hotim Varroq aytganlar: “Hoshid ibn Ismoil va yana bir kishining: “Abu Abdulloh Buxoriy yigitlik chogʻlari biz bilan birga Basra shayxlarining darslariga qatnardilar. Bir necha kun oʻtsa-da, biror narsa yozmadilar. U kishidan: “Sen biz bilan qatnaysanu, lekin hech narsa yozmaysan, nima qilasan oʻzi?” deb soʻrardik. Oradan oʻn olti kun oʻtgach, bizga: “Sizlar bu savolni menga bir necha marta berdingizlar. Nima qilishim haqida koʻp soʻradingizlar. Yozganlaringizni menga koʻrsatingizlar-chi”, dedilar. Biz yozganlarimizni u kishiga uzatdik. Yozgan hadislarimiz oʻn besh mingdan ortiq boʻlgan ekan. U kishi shuncha hadisni yoddan aytib berdilar. Hatto biz u kishidan xatolarimizni tuzatib oldik. Soʻngra: “Sizlar meni vaqtini bekorga oʻtkazib, borib-kelyapti deb oʻylayapsizlarmi?!” dedilar. Oʻshanda u kishiga hech kim tenglasha olmasligini bilganmiz”, deganlarini eshitdim”.

Hofiz Abu Ahmad Abdulloh ibn Adiy aytganlar: “Bir qancha shayxlardan eshitishimcha, hadis ilmining peshvolari Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning Bagʻdodga kelganlarini eshitib, u kishining huzurlariga yigʻilishibdi. Ular imom Buxoriyni sinash uchun yuzta hadisni oʻn kishiga matn va sanadlarini almashtirib, bir sanadni boshqa matnga, matnni esa boshqa sanadga qoʻyib yodlatishgan ekanlar. Barcha toʻplangach, ulardan biri turib, oʻntalikdan bitta hadisni Buxoriydan soʻradi. U kishi: “Buni bilmayman”, dedilar. Ikkinchisini soʻradi. “Buni ham bilmayman”, dedilar. Hatto oʻnta hadisni soʻradi. “Buni bilmayman” degan javobni takrorlayverdilar. Olimlar bir-birlariga qarab: “Bu odam bilib turibdi”,  deyishdi. Bu ilmlardan xabarsizlar esa, Buxoriyni ojiz ekan, hadislarni bilmas ekan, deb oʻylashdi. Soʻngra ikkinchi odam oʻrnidan turdi. Avvalgisi kabi hadislarni chalkashtirib ayta boshladi. Buxoriy: “Buni bilmayman”, derdilar. Soʻngra uchinchisi turdi. Oʻn kishi shu tarzda yuzta hadisni aytib chiqdi. U kishi esa “Bunaqasini bilmayman”dan boshqa gapni aytmasdilar. Ularning savollari tamom boʻlganini bilgach, hadis aytishni boshlaganga yuzlanib: “Birinchi hadising bunday, ikkinchisi bunday, uchinchisi bunday,… oʻninchisi bunday”, deb har bir matnni oʻz sanadiga qoʻyib aytaverdilar. Keyingilarini ham xuddi shu tarzda tuzatib aytdilar. Yigʻilganlar tasannolar aytib, u kishining oʻtkir quvvayi hofiza sohibi ekanliklariga iqror boʻlishdi”.

Firabriy aytganlar: “Abu Abdullohning: “Ali ibn Madiniydan boshqa hech kimning oldida oʻzimni past sanamaganman (hech kimga tan bermaganman). Men ham u kishini ajablantirgan boʻlsam kerak”, deganlarini eshitdim”.

Muhammad ibn Abu Hotim aytganlar: “Hofiz Rajo imom Buxoriyning huzurlariga kelib: “Mening kelishimning xabari sizga yetsa-da tayyorgarlik koʻrmabsiz. Nima haqda munozara qilasiz?” deb soʻradilar. Buxoriy: “Hech narsani takrorlaganim yoʻq, hech qanday tayyorgarlik ham qilganim yoʻq. Agar siz mendan biror narsani soʻramoqchi boʻlsangiz, soʻrayvering”, dedilar. Keyin ikkovlari munozarani boshladilar. Rajo hayratdan qayerda ekanliklarini unutib qoʻydilar. Imom Buxoriy: “Yana savolingiz bormi?” deb soʻradilar. Rajo uyalgan va tortingan holatda: “Ha, bor”, dedilar. Buxoriy: “Unday boʻlsa, soʻrang”, dedilar. Rajo oʻn uchta Ayub ismli roviyning nomini zikr qildilar. Buxoriy biroz jim turdilar-da soʻngra: “Koʻp narsani jam qilibsiz”, dedilar. Rajo bu kishini bir bobda boʻlsa ham qoyil qoldirdim, deb oʻylab Buxoriyga: “Ey Abu Abdulloh, koʻp ilmdan mahrum boʻlibsiz”, dedilar. Imom Buxoriy Ayubdan rivoyat qilingan oltmishdan ortiq roviyni aytib berib, Rajo sanagan oʻn uchta roviyning yetti-sakkiztasini zaifga chiqardilar. Rajo: “Qora salla haqida qancha hadis rivoyat qilgansiz?” deb soʻradilar. Buxoriy: “Siz qancha rivoyat qilganingizni ayting”, dedilar… Oʻshanda Buxoriy: “Men qirqtaga yaqin hadis rivoyat qilganman”, dedilar. Rajo xijolat tortib, tillari gapga kelmadi”.

Ibn Adiy aytganlar: “Menga Muhammad ibn Ahmad Qumiysiy aytib berdilar. U kishi Muhammad ibn Xamiravayhdan eshitganlar. U kishi Buxoriyning: “Yuz ming sahih, ikki yuz ming sahih boʻlmagan hadisni yoddan bilaman”, deganlarini eshitganlar”.

Abu Bakr Kalvazoniy aytganlar: “Men Muhammad ibn Ismoilga tenglashadigan olimni koʻrmaganman. Olimlardan kitob olardilar. Bir marta unga  qarab, hammasini yodlab olardilar”.

Muhammad ibn Yusuf Firabriy aytganlar: “Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroqdan eshitishimcha, (Bu Ibn Xalaf Sheroziyning rivoyatlari emas, boshqa rivoyat.) u kishi “Shamoili Abu Abdulloh” kitoblarining hoshiyasida: “Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning: “Necha hadis majlisida qatnashgan boʻlsam, uning zaifiyu sahihini bilib oldim. Fiqh kitoblarining hammasini oʻqib chiqdim. Basraga besh marta kirib-chiqdim. U yerda men eshitmay qolgani boʻlmasa, deyarli barcha sahih hadislarni yozib oldim”, deganlarini eshitdim”, deb yozganlar”.

Gʻunjor “Tarix” kitoblarida yozganlar. U kishiga Abu Amr Ahmad ibn Muhammad Muqriy, u kishiga Abu Bakr Muhammad ibn Yaʼqub ibn Yusuf Paykandiy, u kishiga Ali ibn Husayn ibn Osim Paykandiy aytganlar: “Muhammad ibn Ismoil kelganlarida huzurlarida toʻplandik. Kimdir: “Isʼhoq ibn Rohavayhning: “Kitobimdan yetmish ming hadisni yod bilaman”, deganlarini eshitdim”, dedi. Buxoriy: “Shundan ajablanayapsanmi?! Bu zamonda oʻz kitobidan ikki yuz ming hadisni yoddan biladigan kishi ham bor”, dedilar oʻzlarini nazarda tutib”.

davomi bor…

Azizxoʻja INOYATOV
Oʻzbekiston Xalqaro Islom akademiyasi
mustaqil tadqiqotchisi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …