Yurtimizda yashab ijod qilgan buyuk allomalarimizning hayoti va ilmiy merosini, jahon ilm-fan taraqqiyoti va islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini oʻrganish ilmiy-tadqiqot markazlari va shu yoʻnalishdagi taʼlim muassasalarining oldiga qoʻyilgan muhim vazifalardan hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qator xalqaro ilmiy muassasalar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan. Jumladan, Malayziya davlatining bir nechta tadqiqot va taʼlim muassasalari markazning yaqin hamkorlaridan sanaladi. Islomiy fanlar universiteti, Islomni anglash instituti bilan memorandumlar imzolangan.
Kelishuvga koʻra, Malayziya Islomni anglash institutining “Islom va zamonaviy dunyo” ilmiy jurnali hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining “Imom Buxoriy saboqlari” jurnalida har ikki tomon olimlarining ilmiy maqolalari eʼlon qilindi. Bundan tashqari, Malayziya Islomni anglash instituti radiosida allomalarimiz merosi haqida eshittirishlar tashkil etilmoqda. Hamkorlikning samarali qadamlari sifatida joriy yil aprel oyida Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan “Islom sivilizatsiyasining buyuk allomalari” mavzusida Malayziya va Oʻzbekiston olimlari hamkorligida qoʻshma onlayn seminar oʻtkazilganini taʼkidlash lozim.
Kuni kecha esa Markaz bilan Islom sivilizatsiyasi instituti oʻrtasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish doirasida mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan onlayn uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, “Eurosoft-DecorIT LLC” axborot texnologiyalari tashkiloti, Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti vakillari va diplomatlar ishtirok etdi.
Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti direktori professor Fariza Muhammad Sham ushbu muassasaning tashkil etilishi, ilmiy jamoasi, faoliyati haqida soʻzlab, ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar barcha sohalarda, jumladan, ilmiy-maʼrifiy yoʻnalishda ham izchil rivojlanayotganini qayd etdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaz direktori Shovosil Ziyodov markaz faoliyati va ilmiy xodimlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida muxtasar maʼlumot berdi.
“Malayziya qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan Movarounnahr olimlarining hayoti va ilmiy merosiga oid asarlar” mavzusida qoʻshma onlayn vebinar, seminar va konferensiyalar oʻtkazish, elektron kitoblar, qoʻlyozmalar almashuvini yoʻlga qoʻyish, Islom sivilizatsiyasi institutining onlayn kutubxonasiga kiritish uchun Markazning elektron maʼlumotlar bazasida saqlanayotgan islomshunoslik boʻyicha kitoblarning elektron nusxasini taqdim etish, malayziyalik islomshunos olimlarni Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasiga jalb qilish, Malayziya akademik jurnallarida Markaz tadqiqotchilari ilmiy maqolalarini nashr etish, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalarini tayyorlashda qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.