Home / YANGILIKLAR / Oʻzbekiston – Islom olamining maʼnaviy markazlaridan biri

Oʻzbekiston – Islom olamining maʼnaviy markazlaridan biri

Oʻzbekistonda muqaddas islom dini sofligini taʼminlash, buyuk allomalar merosini oʻrganish va ularning qadamjolarini obodonlashtirish, shuningdek, diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan izchil oʻzgarishlar musulmon olamining taniqli vakillari tomonidan keng eʼtirof etilmoqda.

— Bismillahir rohmanir rohiym!

Ulugʻ Allohga shukrlar boʻlsinki, Oʻzbekiston xalqining taqdiriga tarix boʻylab buyuk davlatchilik tafakkuriga ega yoʻlboshchilar nasib etgan. Keyingi yillar davomida Oʻzbekiston xalqi va davlati hayotida ijobiy yoʻnalishdagi misli koʻrilmagan ishlar roʻy bergani inkor etib boʻlmaydigan haqiqatdir.

Butun dunyo Oʻzbekistonning siyosiy jarayonlardagi faolligiga, xalq va davlat birligining mustahkamlanishiga, mamlakat erishayotgan salmoqli iqtisodiy yutuqlarga guvoh boʻlmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi islohotlar natijasi oʻlaroq, respublika yuksak choʻqqilarga koʻtarilayotgani holda Markaziy Osiyodagi yetakchilik oʻrnini mustahkamlamoqda.

Men diniy arbob sifatida Oʻzbekistonning siyosiy-iqtisodiy muvaffaqiyatlari bilan bir qatorda ijtimoiy sohada, xususan, diniy-maʼnaviy qadriyatlarni asrab-avaylash boʻyicha Allohga xush keladigan ishlar va global ahamiyatdagi loyihalar amalga oshirilayotganini alohida taʼkidlashni istar edim.

Oʻzbekiston Islom olamining mashhur maʼnaviy markazlaridan biridir. Islomning ilmiy jihatdan tadqiqi, musulmon merosining targʻibi yoʻnalishida mamlakat butun dunyo miqyosida muhim oʻrin tutadi. Bunda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xizmati tom maʼnoda tarixiy ahamiyat kasb etmoqda. Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, davlatingiz rahbari tomonidan ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo, umuman, islom olamining nomiga sharaf keltiruvchi, umumbashariy ahamiyatga ega boʻlgan missiyadir.

Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan yangi bir uygʻonish — Uchinchi Renessans davri gʻoyasining amalga oshirilishi oʻz xalqining milliy-maʼnaviy qadriyatlariga yuksak ehtirom koʻrsatgan oliy davlat arbobining iqtidorida boʻlgan muhim faoliyatdir. Qisqa muddat ichida Oʻzbekistonda Islom sivilizadiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari va boshqa ilm maskanlarining yaratilishi oʻzbek xalqining savodxonligini yanada oshirishga, uning boy maʼnaviy merosi chet ellarda yanada chuqur oʻrganilishi va eʼtirof etilishiga qaratilgan davlat siyosatining eʼtiborga molik natijalari hisoblanadi. Shuningdek, Oʻzbekistonda Ibn Sino, Beruniy, Mirzo Ulugʻbek, Xorazmiy, Buxoriy, Termiziy, Moturidiy, Alisher Navoiy va boshqa dunyo miqyosida maʼlum va mashhur tarixiy siymolar merosiga cheksiz hurmat hukmron.

Oʻzbekiston rahbariyatining diniy bagʻrikenglikni taʼminlash boʻyicha tashabbuslari, hech shubhasiz, butun dunyoda tinchlik va osoyishtalik, dinlararo muloqot va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mamlakatlarimiz yetakchilari Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyevning oʻzaro yaqin munosabatlari, ularning maʼnaviy-axloqiy hamda diniy qadriyatlarni asrab-avaylashga qaratilgan saʼy-harakatlari doʻst ozar va oʻzbek xalqlarining umumiy manfaatlariga xizmat qilmoqda.

Ozarbayjon va Kavkaz xalqlarining taqdiri Buxoro, Samarqand va Toshkent bilan chambarchas bogʻliq. Ushbu tarixiy shaharlar mintaqamizda ilm, diniy va madaniy aloqalarning shakllanishiga tarixan muhim taʼsir koʻrsatgan. Men taʼlim olgan Toshkent, Buxoro shaharlari hayotimda alohida oʻringa ega. Men Oʻzbekistonni oʻz Vatanim deb bilganman. Yurtingizga muhabbatim cheksiz. Shuning uchun oʻzbek xalqi qoʻlga kiritgan yutuqlardan behad sevinaman.

Qodir Rabbimiz Ozarbayjon va Oʻzbekiston xalqlarining tinchligi, birligi va farovonligini yanada ziyoda etsin.

Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda,
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi

 

— Oʻzbekiston tarixda boʻlgani kabi bugungi kunda ham tamaddun markazi hisoblanadi. Yurtingiz tarixda Movarounnahr va Turkiston nomlari bilan mashhur boʻlgan. Bu zamindan necha-necha olimu ulamolar yetishib chiqdi. Ular qoldirgan maʼnaviy meros bugun ham jahon tamadduniga xizmat qilmoqda. Oʻtmishda ushbu mintaqaga sayohat qilgan tarixchilar Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz kabi shaharlarning mahobatini eʼtirof etib, bu maskanlarni “islomning qubbasi” deya taʼriflagan.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston ushbu zamindagi muazzam ilm markazlarini qaytadan jonlantirish uchun muhim chora-tadbirlarni koʻrmoqda. Xususan, soʻnggi besh yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ayni paytda ushbu markazlarda oʻzbek olimlari diniy-maʼrifiy sohada izchil tadqiqotlar olib bormoqda. Ishonamanki, bu kabi ilm markazlarining amaliy muvaffaqiyati natijasida Oʻzbekiston yana ilm-fan markaziga aylanadi — Uchinchi Renessans barpo etiladi. Ushbu saʼy-harakatlar natijasida yurtingizdan yana moturidiylar, nasafiylar, samarqandiylar va buxoriylar yetishib chiqishiga ishonchim komil.

Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy yoʻnalishda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar butun musulmon dunyosida tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, Oʻzbekiston va Turkiya olimlari oʻrtasida yaqin aloqalar oʻrnatilayotganini alohida taʼkidlamoqchiman. Men ushbu sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar uchun Oʻzbekiston rahbariyatiga chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman. Fursatdan foydalanib, Ramazon hayiti munosabati bilan butun Oʻzbekiston xalqini chin qalbdan tabriklayman.

Soʻnmez Kutlu,
Turkiyaning Anqara universiteti ilohiyot fakulteti professori:
“Dunyo” AA
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 13 may, № 97 (353)

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …